O'zbekiston Respublikasi Prezidentining FARMOYISHI
Madaniyat va istirohat bog'larining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy attraksionlar va o'yin qurilmalari bilan ta'minlash to'g'risida
Madaniyat va istirohat bog'larning aholiga xizmat ko'rsatish xajmini kengaytirish va sifatini oshirish, bolalar va o'sib kelayotgan yosh avlodga madaniyatli hordiq olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, xo'jalik yurutuvchi sub'ektlar tomonidan olib kelinadigan attraksionlar, o'yin qurilmalari va butlovchi buyumlar 2020 yilning 31 dekabrigacha bojxona to'lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig'imlaridan tashqari) ozod etilsin.
Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, mazkur farmoyishga muvofiq bojxona to'lovlari bo'yicha imtiyozlar qo'llanilgan holda O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kelinadigan ( import qilinadigan) attraksionlar, o'yin qurilmalari va butlovchi buyumlar ro'yxati “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan o'tkaziladi.
2. Ushbu farmoyish doirasida bo'shaydigan mablag'lar madaniyat va istirohat bog'lari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, infratuzulmasini rivojlantirish, hududlarini ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirishga maqsadli yo'naltirilishi nazarda tutilsin.
3. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi (B. Musaev) Davlat bojxona qo'mitasi (M. Azimov) bilan birgalikda mazkur farmoyishga muvofiq olib kelinadigan attraksionlar, o'yin qurilmalari va butlovchi buyumlardan maqsadli foydalanishi ustidan qat'iy nazorat o'rnatsinlar.
4. Belgilansinki, mazkur farmoyishga muvofiq olib kelinadigan attraksionlar, o'yin qurilmalari va butlovchi buyumlardan maqsadga nomuvofiq foydalanilgan taqdirda bojxona imtiyozlari berilishi tufayli to'lanmagan bojxona to'lovlari summasi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo'llanilgan holda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undiriladi.
5. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o'rinbosari F.SH. Maxmudov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – moliya vaziri J.A. Qo'chqorov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va istirohat bog'larining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy attraksionlar va o'yin qurilmalari bilan ta'minlash to'g'risida”gi 2018 yil 3 oktyabrdagi F-5380-sonli farmoyishi.
O'z SSP Axborot hizmati t.me/uzchamber
23.10.2018
12:30