Fuqarolar sog'ligi va hayoti - insofli tadbirkor himoyasida
Bugungi kunda O'zbekiston jahonga ochildi, biznes-muhitni yaxshilash borasida mustahkam huquqiy poydevor yaratilmoqda, xorijiy investitsiyalar jalb qilinmoqda. Mazkur investitsiyalar to'g'ri va maqsadli o'zlashtirilishi, mamlakatimiz jahon hamjamiyatida o'zining munosib o'rnini egallashini ta'minlash uchun biznes hamkorlari o'rtasida qonunbuzarliklar, shuningdek birinchi navbatda jinoyatlar sodir etilishini oldini olish zarur va biznes bunday illatdan xoli bo'lishi shart.
Tadbirkorlik faoliyatida olib borilayotgan barcha sayyi harakatlar qonuniy, halol va shaffof bo'lishligiga qaratilgan.
O'tkazilgan tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, qonunbuzarliklarning asosiy qismi tadbirkorlar tomonidan qonun talablarini bilmagan holda sodir etilmoqda.
Ammo tadbirkorlar o'rtasida qonun talablarini yaxshi bilgan savodli, lekin ularni ochiqdan-ochiq tan olmaydigan, inkor etadigan, yuristlar tilida aytganda “huquqiy nigilizm” tushunchasiga to'g'ri keladigan, “qonun talablari menga dahldor emas, javobgarlik meni chetlab o'tadi” deb o'ylaydigan tadbirkorlar ham uchrab turadi.
Bugungi kunda tadbirkorlik sub'ektlarining salmoqli qismi aholiga maishiy xizmat ko'rsatish va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritmoqda. Ushbu yo'nalishda samarali mehnat faoliyati bilan shug'ullanish uchun keng imkoniyatlar berilmoqda va qulayliklar yaratilmoqda.
Biroq, ushbu sohalardagi tadbirkorlar faoliyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan tahlil qilinganda, axvol uncha yaxshi emasligiga guvoh bo'lishimiz mumkin. Lekin, so'nggi ikki yilda ahvol keskin yomonlashishi kuzatilmoqda.
Statistik ma'lumotlarga qisqacha to'htaladigan bo'lsak, DSENM xodimlari tomonidan 2016 yilda oshhona, to'yxona va dehqon bozorlarida sanitariya-gigiena talablariga rioya etilmagan holda tayyorlangan, sifatsiz mahsulotlari realizatsiya qilinishi oqibatida 83 nafar fuqaro zaharlanganligi holati aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan korxonalar rahbarlari va ishchilari ma'muriy javobgarlikka tortilgan, korxonalar ish faoliyati esa vaqtincha to'htatilgan. Masalan, 2017 yilda mazkur ko'rsatkich 385 tani tashkil etgan bo'lsa, 2018 yilning 9 oyi yakunlari bo'yicha esa 392 tani tashkil etgan.
Maktabgacha ta'lim muassasalarida o'tkazilgan tekshiruvlar mobaynida tarbiyalanuvchi bolalarga sifatsiz maxsulotlar va taomlarni realizatsiya qilish oqibatida 2016 yilda 3 ta holatda 60 nafar, 2017 yilda 2 ta holatda 29 nafar va joriy yilning 9 oyida 2 ta holatda 44 nafar bola zaharlangan.
Mazkur huquqbuzarliklar sanitariya-gigiena qonun hujjatlari, sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlari, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo'lishi yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish natijasida sodir etilgan.
Yuqoridagi ma'lumotlardan ko'rinib turibdiki, DSENM tomonidan profilaktika tadbirlari olib borilishiga qaramasdan, ayrim tadbirkorlik sub'ektlari o'zlariga tegishli xulosalar chiqarmay hanuzgacha ehtiyotsizlik va beparvolik oqibatida huquqbuzarlik sodir etmoqdalar.
Umuman olganda, tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan sanitariya-gigiena qonunchiligi buzilishiga olib keluvchi asosiy omillar sifatida quyidagilarni ko'rsatish mumkin:
- yangi qurilgan yoki qayta tashkil etilgan to'yxona, oshxona va kafe-restoranlarni loyiha bo'yicha qurilmaganligi va bunda mahsulotni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash hamda realizatsiya qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilmaganligi;
- taomlar va oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlar va oshxona hodimlari faoliyatga doir mutaxassislikka ega emasligi, taomlarni tayyorlashda tayyorlash texnologiyasiga amal qilmaslik, taomga termik ishlov berilmasligi va boshqa qo'pol kamchiliklarga yo'l qo'yilayotganligi (oshpazlar, texnologlar va oshxona xodimlari maxsus oliygoh va o'rta maxsus bilim yurtlarida tahsil olmaganligi;
- to'yxonalarda tayyorlangan sifatsiz taomlar, buzilgan salatlar, kremli qandolat mahsulotlari dasturxonga tortilayotganligi;
- umumiy ovqatlanish ob'ektlari, jumladan maktabgacha ta'lim muassasalari oshxonalari tegishli uskunalar (pech, elektr qozon, idish-tovoq yuvish mashinasi, sanitariya uskunalari, ventilyatsiya tizimi, sovutgich va muzlatgichlar) bilan yetarlicha ta'minlanmaganligi yoki mavjud bo'lgan bunday uskunalar nosoz holda ekanligi;
Har bir tadbirkor tegishli qonun xujjatlaridan bohabar bo'lib borib, ularga rioya etishi, talab qilinadigan texnologik tamoyillarga amal qilishi, jamiyatdagi o'zga shaxslarning huquqlari va manfaatlarini hurmat qilishi nafaqat huquqbuzarliklar oldi olinishi, balki fuqarolar salomatligi va hayoti ham saqlab qolinishiga xizmat qiladi.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi aholiga xizmat ko'rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida, shu soxada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga o'z xizmatlarini taqdim etadi. Shu bilan birgalikda, aholiga maishiy xizmat ko'rsatish va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar yuzasidan Palataga murojaat etishlari mumkinligini eslatib o'tamiz.
O'z SSP Matbuot xizmati
07.12.2018
11:10