O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Palata tizimidagi Hakamlik sudlari faoliyatining 2018 yil yakunlari muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
2018 yil 26 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Palata tizimidagi Hakamlik sudlari faoliyatining 2018 yil yakunlari muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, mamlakatimizda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi.
Xususan, 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat Dasturida belgilangan vazifalarni ijro etish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish maqsadida 2018 yil 9 iyulda “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Mazkur Qonunga muvofiq Hakamlik sudlari ilk bor qonun darajasida Palata tizimiga kiritildi, iqtisodiy nizolarni hal qilish uchun Palataga Hakamlik sudlarini tashkil etish huquqi berildi, Hakamlik sudlari Palata va uning hududiy boshqarmalari huzurida faoliyat ko'rsatishi (16,23,26-moddalari) belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi v uning hududiy boshqarmalari huzurida tashkil qilingan Hakamlik sudlari tomonidan 2018 yilda muayyan ishlar ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, Hakamlik sudlari o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to'g'risida”gi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda O'zR SSP Ijroiya qo'mitasi va uning hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlangan doimiy faoliyat ko'rsatuvchi hakamlik sudlarining qoidalari - doimiy faoliyat ko'rsatuvchi Hakamlik sudining nizomi va reglamenti, shuningdek hakamlik yig'imi to'g'risidagi nizomlar asosida va korrupsiyadan yo'l qo'ymagan xolda yuritayotganligini ta'kidlash lozim.
Ikkinchidan, hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzurida tashkil qilingan 15 ta Hakamlik sudlarining sudyalari ro'yxatiga 104 ta yuqori malakali mutaxassislar kiritilgan bo'lib, ulardan 102 tasi oliy ma'lumotli, shu jumladan 4 tasi yuridik fanlari doktori, professor, 7 tasi yuridik fanlari nomzodi, dotsent, 2 tasi iqtisod fanlari nomzodi, dotsentdir.
Uchinchidan, so'nggi yillarda Palata rahbariyati va Ijroiya qo'mitasi tomonidan Hakamlik sudlari faoliyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2017-2018 yillar mobaynida O'zR SSP Ijroiya qo'mitasi tomonidan Palata tizimidagi Hakamlik sudlari faoliyatiga oid 8 ta qaror qabul qilinganligi bunga yaqqol misol bo'la oladi.
To'rtinchidan, O'zR SSP Ijroiya qo'mitasining qarori bilan tadbirkorlik sub'ektlari huquqiy himoyasini kuchaytirish, nizolarni hal qilishning muqobil usullaridan keng foydalanish, palata a'zolari va xodimlarning bu boradagi huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida Palata tizimida har oyning so'nggi seshanba kuni "Hakamlik sudi" kuni munosabati bilan tasdiqlangan reja asosida videokonferensiyalar o'tkazilmoqda. Unda nafaqat Hakamlik sudlari raislari va xodimlari, balki O'zR SSP Raisining o'rinbosarlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari ham ishtirok etayotganligi ijobiy natija bermoqda.
Beshinchidan, Hakamlik sudlarining raislari va sudyalari 725 dan ortiq xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlarda ma'ruzalar bilan ishtirok etdilar, ularning 60 dan ortiq maqolalari gazeta va jurnallarda, ilmiy-amaliy konferensiyalar materiallari to'plamlarida va internet nashrlarda chop etildi hamda ular 10 dan ortiq radio eshittirishlar, 30 ga yaqin teleko'rsatuvlarda ishtirok etdilar. Shuningdek hakamlik sudyalari tomonidan tadbirkorlik sub'ektlarida turli uchrashuvlar tashkil qilinmoqda va ularda Hakamlik sudi orqali nizolarni hal qilishning afzalliklari tushuntirilmoqda, 22 mingdan ortiq bukletlar tayyorlanib, manfaatdor tashkilotlar rahbarlari va yuridik xizmat xodimlariga tarqatilmoqda.
Yuqorida bayon qilingan Hakamlik sudlari faoliyatini tizimli ravishda muvofiqlashtirish va keng ko'lamli huquqiy targ'ibot ishlari amalga oshirilayotganligi, shuningdek, Palata a'zolari bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlariga yaratilgan imtiyozlar natijasida Hakamlik sudlariga da'vo arizalari bilan murojaatlar soni yildan yilga ko'payib bormoqda.
Masalan, 2018 yilda Hakamlik sudlari tomonidan 6847 ta ishlar ko'rilgan bo'lib, da'vo summasi 358,8 mlrd. so'm, 6,9 mln AQSH dollarini tashkil qilgan. Bu 2017 yilda ko'rilgan ishlar soniga nisbatan 4382 taga, 2016 yilga nisbatan esa - 5586 taga ko'pdir.
Agar 2016 yilda 5 ta, 2017 yilda 2 ta Hakamlik sudlari umuman birorta ham ish ko'rmagan bo'lsa, 2018 yilda barcha Hakamlik sudlari tomonidan ishlar ko'rilganligi diqqatga sazovor.
Ayniqsa, bu borada O'zR SSP Samarqand (1160 ta ish ko'rilgan), Farg'ona (1003 ta), Xorazm (669 ta), Sirdaryo (607 ta), Andijon (582 ta ) viloyatlari hududiy boshqarmalari huzuridagi Hakamlik sudlari ijobiy natijalarga erishganlar.
Kun tartibidagi masala yuzasidan yig'ilish qatnashchilari o'z fikr-mulohazalarini bildirib, Hakamlik sudlari faoliyatini rivojlanishiga to'siq bo'layotgan muammolar haqida to'xtaldilar va bartaraf qilish bo'yicha taklif va tavsiyalarini berdilar.
Yig'ilishda Hakamlik sudlarining raislari va hakamlik sudyalariga Palata Ijroiya qo'mitasining Faxriy yorlig'i va qimmatbaho sovg'alari tantanali ravishda topshirildi.
O'z SSP Axborot xizmati
26.12.2018
21:59