Tadbirkor o'ziga tegishli bo'lgan bino xokimiyat tomonidan buzib tashlanganligi bois, kompensatsiya undiraoladimi?
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkor manfaatida tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritildi, rad etilgach viloyat iqtisodiy sudiga appelyatsiya shikoyati kiritildi, u xam rad etildi. Xo'sh, tadbirkor muammosi xal etilishiga erishildimi?
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasiga Surxondaryo viloyati Termiz shahrida faoliyat yurituvchi “MARVARID ZARINA” ko'p tarmoqli xususiy firmasi rahbari A.Xo'jamqulov murojaati kelib tushdi. Mazkur tadbirkor o'z murojaatida Surxondaryo viloyati, Termiz shahar hokimining 05.10.2015 yildagi 1090-sonli qarori asosida Termiz shahar, Hakim-at-Termiziy ko'chasida joylashgan “Marvarid Zarina” XFga qonuniy asoslarda tegishli bo'lgan savdo va maishiy xizmat ko'rsatish binosi 2017 yilning mart oyida buzilib, ushbu binoni buzishda Termiz shahar hokimi tomonidan O'zbeksiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.05.2006 yildagi 97-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga to'liq rioya etilmaganligidan noroziligini bildirgan va Termiz shahar xokimligidan kompensatsiya undirilishida amaliy yordam berilishini so'ragan.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan “MARVARID ZARINA” xususiy firmasi manfaatida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritildi.
Ushbu da'vo ariza Surxondaryo viloyati Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan rad etilganligi sababli, Palata tomonidan ushbu hal qiluv qaroriga nisbatan Surxondaryo viloyati iqtisodiy sudiga appelyatsiya shikoyati kiritildi.
Biroq, Surxondaryo viloyati iqtisodiy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan mazkur apellyatsiya shikoyati ham rad etildi.
Shundan keyin, Palata tomonidan yuqoridagi sud qarorlariga nisbatan nazorat shikoyati keltirish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga iltimosnoma yuborildi va ushbu iltimosnoma asosida nazorat shikoyati keltirdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi ushbu nazorat shikoyatini ko'rib chiqib, yuqoridagi sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangittan ko'rib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yubordi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Palataning tadbirkor manfaatida kiritgan da'vo talabi qanoatlantirilib, Termiz shahar xokimligi xisobidan “MARVARID ZARINA” xususiy firmasi foydasiga 534 615 551 so'm kompensatsiya puli undirilib berildi.
O'zSSP Axborot xizmati
25.01.2019
17:48