Baliqchilik sohasida hamkorlik.
Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, tarmoqqa innovatsion g'oya va texnologiyalarni, chet el investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatini kengaytirdi.
Aholining parhez mahsulotlarga bo'lgan ehtiyojini qondirish, narx-navo barqarorligini ta'minlash va yangi ish o'rinlari yaratilishida muhim ahamiyat kasb etayotgan mazkur hujjatda baliqchilik xo'jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 2019-2021 yillarda baliqchilik klasterlari tashkil etishning manzilli dasturini ishlab chiqish belgilangan.
Namangan viloyatida Eron Islom Respublikasining “Chupon agro industrial” kompaniyasi rahbari Shafi G'ulom Rezo ishtirokida o'tkazilgan tadbirda shular haqida so'z bordi.
Uchrashuvda viloyatda baliqchilik sohasini rivojlantirish borasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish, birgalikda amalga oshiriladigan qo'shma loyihalar va ularning samaralari muhokama qilindi. Jumladan, viloyatdagi tabiiy va sun'iy suv havzalarining meliorativ holatini o'rganish, baliqlarni ekologik sharoitlarga moslashtirish, forel baliqlari va chavoqlarini yetishtirish, qayta ishlash va saqlash, aholiga baliqdan tayyorlangan parhez taomlarni tortiq qilish maqsadida mini-restoranlar tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov, O'zbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi B.Abdullaev so'zga chiqdi.
12.02.2019
10:23