Bugun, O'z SSP da “O'zbekiston va Turkiya o'rtasida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari” mavzusida “davra suhbati” tashkil etildi.
O'zbekiston Savdo sanoat palatasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Turkiyaning mustaqil ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uyushmasi “MUSIAD” bilan hamkorlikda Turk ishbilarmon doiralarining O'zbekistonga tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif davomida joriy yil 25 fevral kuni ikki mamlakat biznes vakillari ishtirokida “O'zbekiston va Turkiya o'rtasida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari” mavzusida “davra suhbati” tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston tomonidan Oliy Majlis Senati a'zolari, Savdo-sanoat palatasi, vazirlik va idoralar hamda elektrotexnika, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, mebel va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
So'zga chiqqanlar 2017 yil oktyabr oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi, shuningdek, 2018 yil aprel oyida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyib Erdo'g'onning O'zbekistonga qilgan davlat tashrifi o'zbek-turk munosabatlari tarixida yangi sahifa ochganini ta'kidlab o'tdilar.
Ushbu tashriflar doirasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, bank-moliya, investitsiya, turizm, transport-logistika, sog'liqni saqlash kabi sohalarda imzolangan hujjatlar bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi pog'onaga ko'tarilgani ta'kidlandi.
Shu o'rinda aytish joizki, O'zbekistonga bo'lgan davlat tashrifi davomida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “MUSIAD” tashkiloti o'rtasida hamkorlik bitimi imzolangan bo'lib, o'tgan yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida “MUSIAD” ning vakolatxonasi ochildi.
“Davra suhbati” davomida Turk tadbirkorlari O'zbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Tomonlar, shuningdek, respublikada “ziyorat turizmi” salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qildilar, qurishish va shaxarsozlik sohasidagi hamkorlik istiqbollariga xam to'xtalib o'tildi va “Tashkent city” loyihasining taqdimoti o'tkazildi. “Davra suhbati” davomida O'zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari ishtirokida “B2B” formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Delegatsiya a'zolarining yurtimizga tashrifi davom etmoqda, tashrif dasturiga ko'ra delegatsiyaning turizm salohiyati bilan tanishish maqsadida tarixiy shaxarlardan Buxoro va Samarkandga tashrifini amalga oshirish o'rin olgan.
Ta'kidlash lozimki, Turkiya O'zbekistonda “ziyorat turizmini” rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda, Turkiya Buyuk millat majlisi sobiq deputati Sodiq Badak 2017 yil noyabr oyidan O'zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisining maslahatchisi sifatida ish boshlagan.
O'z SSP Axborot xizmati
25.02.2019
17:14