O'z SSP yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o'tkazdi.
Tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholovchi vakolatli organ sifatida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 150 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta'sirini inobatga olgan holda, 80 ga yaqin loyihalarga e'tirozlarni o'z ichiga olgan xulosalar berildi.
Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini berish jarayonini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-ilovasining 2-bandi beshinchi xatboshiga ko'ra, “auksion ishtirokchisi – elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun buyurtma bergan va unda ishtirok etishga ruxsat etilgan yuridik va jismoniy shaxslar”, - deb belgilangan.
Ya'ni, bunda yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslarning ham noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalarini auksion ishtirokchisi sifatida sotib olish hamda undan foydalanish huquqi belgilangan.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “Noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4078-sonli Qarori 2-bandiga ko'ra, yer qa'rini geologik jihatdan o'rganish ishlarini moliyalashtirgan yuridik va jismoniy shaxslarning o'zlari qidirib topgan kondan foydali qazilmalarni qazib olishda ularning qonun hujjatlarida belgilangan huquqlari saqlab qolinadi, deb belgilangan.
Ammo, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 iyundagi 443-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibi to'g'risida”gi Nizomning 33-bandida noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziya olish uchun beriladigan buyurtmanomaga nisbatan talablar belgilangan.
Xususan, unda “soliq organi tomonidan qabul qilinganligi to'g'risida belgi qo'yilgan, tashkilotning o'tgan yil uchun buxgalteriya balansi nusxasi”, “ariza beruvchining ustav fondi to'g'risidagi ma'lumot, u eng kam oylik ish haqining 500 baravaridan kam bo'lmasligi lozim”ligi ham belgilangan.
Ko'rinadiki, ushbu talablar faqat yuridik shaxslarga taalluqli bo'lgan talablardir.
Ushbu nizomning 34-bandiga (shuningdek, loyiha 2-ilovasidagi 51-band tahririga) ko'ra, 33-bandda ko'rsatilgan hujjatlar to'plami ariza beruvchi tomonidan to'liq bo'lmagan holda taqdim etilganda noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish uchun buyurtmanomalarni qabul qilish rad etilishi mumkin.
Bunda loyiha ilovalarining normalarida o'zaro, shuningdek amaldagi normalar bilan ham jiddiy nomuvofiqliklar yuzaga kelgan.
Shu sababli, yuqoridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish, loyihaning 2-ilovasiga mazkur masala bilan bog'liq bo'lgan o'zgartirishlarni nazarda tutuvchi normalarni kiritish tavsiya etiladi.
Masalan, noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziya olish uchun beriladigan buyurtmanomaga nisbatan talablarni soddalashtirish, xususan yuqorida misol sifatida keltirilgan nizomning 33-bandidagi talablarni chiqarib tashlash.
2. Loyiha 1-ilovasining 4-bandi uchinchi xatboshiga ko'ra, “Tasdiqlangan ro'yxatga kirmagan noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalari bo'yicha litsenziya olish uchun buyurtma kelib tushgan hollarda Davlat geologiya qo'mitasi tomonidan tegishli tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda o'rganib chiqiladi va 10 kun muddatda tegishli qaror qabul qilinadi”, - deb belgilangan.
Biroq, bunday holatda qanday qaror qabul qilinishi mumkinligi aniqlashtirilmagan. Bu esa, amaliyotda turli tushunmovchilik va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ya'ni, bunda qarorning qanday masala doirasida qabul qilinishi (noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan mazkur yer qa'ri uchastkalari Davlat geologiya qo'mitasi tomonidan tasdiqlanadigan foydalanishi auksion savdolari orqali realizatsiya qilinadigan yer qa'ri uchastkalari ro'yxatiga kiritilishi yoki ro'yxatga kiritilmagan holda auksionga qo'yilishi yoxud auksionga qo'yilmagan holda litsenziya berilishi yoki tasdiqlangan ro'yxatga kirmagan noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalari bo'yicha litsenziya olish uchun buyurtma rad etilishi) mumkinligi aniq nazarda tutilishi lozim.
Shu bois, loyiha 2-ilovasining 4-bandi uchinchi xatboshini aniq belgilash, ya'ni unda qaror qanday mazmunda qabul qilinishi mumkinligini nazarda tutish tavsiya etiladi.
3. Loyiha 1-ilovasining 13-bandiga ko'ra, “Auksionni o'tkazish to'g'risidagi xabar va lot haqidagi axborot auksion boshlanishidan avval 10 ish kunidan kechiktirmasdan operatorning rasmiy veb-portalida joylashtiriladi”, - deb belgilangan.
Bunda, auksion o'tkazish to'g'risidagi xabarni u o'tkazilishiga 10 ish kuni qolganda veb-portalda joylashtirish nazarda tutilgan. Ammo, bu auksion o'tkazilishi haqida barcha tadbirkorlik sub'ektlari xabardor bo'lishi va ariza topshirishi uchun juda qisqa muddatdir.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikda boshqa turdagi auksionlarni o'tkazish haqida uning o'tkazilishidan kamida 30 kun oldin ommaviy e'lon qilinishi lozimligi belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyiha ilovasining 13-bandidagi “10 ish kunidan kechiktirmasdan” so'zlarini “30 kundan kechiktirmasdan” so'zlariga o'zgartirish lozim.
4. Loyiha 1-ilovasining 22-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Talabgorlar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab 8 kun mobaynida auksionda ishtirok etishga elektron shaklda buyurtmalar topshiradi”, - deb belgilangan.
Ushbu Xulosaning 3-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, mazkur xatboshidagi “8 kun mobaynida” so'zlarini “30 kun mobaynida” so'zlariga o'zgartirish tavsiya etiladi.
5. Loyiha 1-ilovasining 23-bandi ikkinchi xatboshiga ko'ra, auksionda ishtirok etishga “Buyurtmalar elektron ko'rinishda ushbu Reglamentga
2-ilovaga muvofiq shaklda beriladi”, – deb belgilangan.
Ammo, ushbu Reglament 2-ilovasida elektron onlayn-auksion tashkil qilish haqidagi Elektron buyurtma (ya'ni, Davlat geologiya qo'mitasi tomonidan operatorga taqdim etiladigan elektron buyuurtma) keltirilgan.
Shu bois, loyiha 1-ilovasida bunday nomuvofiqlikni bartaraf etish tavsiya etiladi.
6. Loyiha 1-ilovasining 27-bandiga ko'ra, “Buyurtma va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq to'ldirilgan va yuborilgan, shuningdek, zakalat puli shaxsiy hisob raqamidan to'liq tushgandan keyin avtomatik tarzda qabul qilinadi”, - deb belgilangan.
Ammo, loyiha 1-ilovasida buyurtmaga ilova qilinadigan hujjatlar ro'yxati hamda buyurtmanoma shakli keltirilmagan.
Shu bois, loyiha 1-ilovasida buyurtmanoma shaklini hamda buyurtmaga ilova qilinadigan hujjatlar ro'yxatini aniq keltirish tavsiya etiladi.
6. Loyiha 1-ilovasining 49-bandiga ko'ra, “Auksion g'olibi auksion yakunlangan kundan boshlab 5 kundan kechiktirmay, auksionda sotilgan yer qa'ri uchastkasining qiymatini operatorning hisob raqamiga to'liq to'lab berishi lozim”, - deb belgilangan.
Ushbu normada auksionda sotilgan auksion ob'ekti qiymatini to'lash muddati juda qisqa belgilangan. Bu esa, muddatning o'ziga bog'liq bo'lmagan holda o'tib ketib qolishiga va natijada auksionni o'tkazilmagan deb topilishiga sabab bo'ladi.
Shu bois, mazkur muddatni uzaytirish va uni ish kuni bilan bog'liq holda belgilash tavsiya etiladi.
7. Loyiha 1-ilovasining 53-bandi uchinchi xatboshiga ko'ra, “auksion g'olibidan litsenziya rasmiylashtirish uchun tegishli hujjatlar to'plami qabul qilinadi”, - deb belgilangan.
Ammo, bunda tegishli hujjatlar to'plami deganda, aynan qanday hujjatlar tushunilishi va nazarda tutilishi keltirilmagan.
Bu esa, amaliyotda mazkur normani turlicha talqin qilinishiga, noaniqliklar va tushunmovchiliklar kelib chiqishiga olib keladi.
Shu bois, loyiha ilovasida auksion g'olibidan litsenziya rasmiylashtirish uchun talab qilinadigan hujjatlarning aniq ro'yxatini keltirish tavsiya etiladi.
8. Loyiha ilovasining 54-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Auksion g'olibiga tegishli yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziyani rasmiylashtirish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 iyundagi 443-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibi to'g'risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.
Ushbu nizomning 86-bandiga ko'ra, “Noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga oid litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya olishga doir buyurtmanomani ko'rib chiqish uchun to'langan summaning ellik foizi miqdorda yig'im undiriladi”.
Loyiha 2-ilovasining 10-bandi orqali yuqoridagi nizomga kiritilishi nazarda tutilgan 491-bandida esa, auksion g'olibi tomonidan Davlat geologiya qo'mitasiga buyurtmanoma topshirilganda buyurtmanomani ko'rib chiqish uchun yig'im summasi undirilmasligi belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Nizomning 86-bandiga tegishli o'zgartirish kiritish tavsiya etiladi.
9. Loyiha ilovalarida yer qa'ridan foydalanuvchilarga berilgan litsenziyalarning amal qilish muddati tugaganda yoki muddatidan oldin bekor qilinganda yer qa'rini zahiraga qaytarish tartibi belgilanmagan.
Bu esa, amaliyotda turli tushunmovchilik va noaniqliklarni keltirib chiqarishi, tadbirkorlik sub'ektlariga ortiqcha majburiyatlarning yuklatilishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois, loyiha ilovalarida yer qa'ridan foydalanuvchilarga berilgan litsenziyalarning amal qilish muddati tugaganda yoki muddatidan oldin bekor qilinganda yer qa'rini zahiraga qaytarish tartibi aniq belgilash tavsiya etiladi.
O'z SSP Axborot xizmati
11.03.2019
14:57