O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o'tkazdi.
Tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholovchi vakolatli organ sifatida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 218 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan va texnik ko'rikdan o'tkazish tartibi to'g'risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-ilovasining 6-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazish (qayta ro'yxatdan o'tkazish) uchun O'zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida to'lov undiriladi”, - deb belgilangan.
Bunda, to'lov miqdorini amaldagi miqdoriga nisbatan asossiz oshirish nazarda tutilgan.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2017 yil 27 dekabrdagi 529-sonli (Adliya vazirligidan 2018 yil 6-fevralda 2967-son bilan ro'yxatdan o'tkazilgan) Buyrug'i bilan tasdiqlangan “Kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazish qoidalari”da kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazishda to'lov miqdorlari eng kam oylik ish haqining 20 foizidan oshmagan holda belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shuningdek ko'rsatilgan davlat xizmatlari uchun to'lovlar miqdorining asossiz oshirilishining oldini olish maqsadida amaldagi to'lov miqdorini, ya'ni yuqorida keltirilgan Kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazish qoidalari
1-ilovasida belgilangan to'lovlarni nazarda tutish tavsiya etiladi.
2. Loyiha 1-ilovasining 9-bandi to'rtinchi xatboshiga ko'ra, kichik hajmli kemalarni hisobga olish uchun “bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi (chet eldan olib kelingan kema uchun)” ham taqdim etilishi belgilangan.
Bu orqali kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazishda ortiqcha talablarni belgilash nazarda tutilgan.
Ya'ni, loyiha 1-ilovasining 9-bandi uchinchi xatboshida kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazishda kema yoki kema dvigatellarining xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi belgilangan. Mazkur hujjatlar taqdim etilganda, bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasini ham taqdim etish zaruriy shart hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, yuqorida keltirilgan “Kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazish qoidalari”da kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazishda bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasini taqdim etish shartligi belgilanmagan.
Ko'rinib turganidek, yuqoridagi talab amaldagi tartibni murakkablashtirishni nazarda tutadi. Bu esa, ushbu sohada ortiqcha va keraksiz bo'lgan talablarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyiha 1-ilovasining 9-bandi to'rtinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
3. Loyiha 1-ilovasining 16-bandiga ko'ra, “Hududiy boshqarmalarning mansabdor shaxslari kichik hajmli kemani ro'yxatga olish to'g'risidagi ariza kelib tushgandan so'ng 3 ish kunida uni ko'rib chiqadi va kichik hajmli kemaning ko'rsatkichlari arizada ko'rsatilgan ma'lumotlarga muvofiq ekanligini aniqlash uchun kemani tekshirishdan o'tkazadi.
Ma'lumotlar mos kelganda kichik hajmli kema dastlabki texnik ko'rikdan o'tkaziladi va tegishli suzish hududi belgilangan holda kema egasiga kema bileti beriladi”, - deb belgilangan.
Bunda, kichik hajmli kemani ro'yxatdan o'tkazishdan oldin ham tekshiruvdan o'tkazilishi ham dastlabki texnik ko'rikdan o'kazilishi, shuningdek kichik hajmli kemani ro'yxatdan o'tkazish uning suzish hududi belgilangan holda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
4. “Hududiy boshqarmalarning mansabdor shaxslari kichik hajmli kemani ro'yxatga olish to'g'risidagi ariza kelib tushgandan so'ng 3 ish kunida uni ko'rib chiqadi.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar to'liq taqdim etilgan taqdirda, kichik hajmli kema dastlabki texnik ko'rikdan o'tkaziladi hamda uning ijobiy xulosalariga ko'ra kema egasiga kema bileti beriladi”.
5. Loyiha 1-ilovasining 25-bandi uchinchi xatboshiga ko'ra, “kichik hajmli kema mulkdorining doimiy yashash joyi o'zgarganda” ham kichik hajmli kemani qayta ro'yxatdan o'tkazish lozimligi belgilangan.
Yuqorida keltirilgan “Kichik hajmli kemalarni ro'yxatdan o'tkazish qoidalari”da kichik hajmli kema mulkdorining doimiy yashash joyi Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri yoki bir viloyatdan boshqa viloyatga o'zgarganda qayta ro'yoxatdan o'tkalishi belgilangan.
Mazkur norma amaldagi tartibni murakkablashtirganligi va ortiqcha sarsongarchiliklar keltirib chiqarishi mumkinligini inobatga olib, yuqoridagi xatboshini quyidagicha bayon qilish tavsiya etiladi:
kichik hajmli kema mulkdorining doimiy yashash joyi Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri yoki bir viloyatdan boshqa viloyatga o'zgarganda”.
6. Loyiha 1-ilovasining 28-bandi ikkinchi xatboshiga ko'ra, “Kichik hajmli kemalarni qayta ro'yxatdan o'tkazilganda va ularga dublikat berilganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0.25 foizi miqdorida to'lov undiriladi”, - deb belgilangan.
Ushbu Xulosaning 1-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, yuqoridagi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
7. Loyiha 2-ilovasining 5-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Kichik hajmli kemalarni texnik ko'rikdan o'tkazishda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq to'lovlar undiriladi”, - deb belgilangan. 1-ilovada esa, kichik hajmli kemalarni texnik ko'rikdan o'tkazish uchun to'lov miqdori dvigatel quvvatining har bir ot kuchiga qarab belgilanishi nazarda tutilgan.
Mazkur Xulosa 1-bandidagi tavsiyalarni inobatga olgan holda, texnik ko'rikni o'tkazishda to'lovlarning amaldagi (O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2017 yil 27 dekabrdagi
530-sonli (Adliya vazirligidan 2018 yil 6-fevralda 2968-son bilan ro'yxatdan o'tkazilgan) Buyrug'i bilan tasdiqlangan “Kichik hajmli kemalarni texnik ko'rikdan o'tkazish qoidalari” 1-ilovasida belgilangan) miqdorini saqlab qolgan holda, nazarda tutish tavsiya etiladi.
8. Loyiha 2-ilovasining 12-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “Belgilangan tartibda to'lovlar amalga oshirilgandan so'ng kichik hajmli kema egasi hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq kichik hajmli kemalarni texnik ko'rikdan o'tkazish to'g'risida ariza bilan murojaat qiladi, arizalar belgilangan tartibda hisobga olinadi”, - deb belgilangan.
Ammo, 2-ilovasining 13-bandida “Kichik hajmli kemani yillik texnik ko'rikdan o'tkazish kema egasi tomonidan kemani texnik ko'rikdan o'tkazish uchun belgilangan to'lovni amalga oshirgandan so'ng hududiy boshqarma bosh inspektori tomonidan amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.
Ko'rinadiki, bunda nomuvofiqlik yuzaga kelgan bo'lib, texnik ko'rikni o'tkazish uchun ikki karra to'lov (ya'ni, ariza topshirilishidan avval hamda ariza ko'rib chiqilgach, texnik ko'rik amalga oshirilishidan oldin) to'lanishi belgilangan.
Bunday nomuvofiqlikni oldini olish uchun loyiha 2-ilovasining 12-bandidan “Belgilangan tartibda to'lovlar amalga oshirilgandan so'ng” jumlasini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
9. Shuningdek, loyiha 2-ilovasida yillik texnik ko'rik dastlabki va maxsus texnik ko'riklar o'tkazilgandan keyingi qancha muddatdan so'ng o'tkazilishi belgilanmagan.
Bu esa, amaliyotda turli tushunmovchilik va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyiha 2-ilovasida yillik texnik ko'rik dastlabki va maxsus texnik ko'riklar o'tkazilgan yildan keyingi yildan boshlab o'tkazilishini nazarda tutish tavsiya etiladi.
O'z SSP Axborot xizmati
01.04.2019
14:15