Qozog'iston Prezidenti Toshkentga keldi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev 14 aprel kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaevni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Tantanali kutib olish marosimidan so'ng Qozog'iston delegatsiyasi o'zi uchun ajratilgan qarorgohga yo'l oldi.
Avval xabar berilganidek, davlat rahbarlari Qosim-Jomart Toqaevning Qozog'iston Prezidenti lavozimiga kirishganidan so'ng ilk bor uchrashadilar.
Tor va kengaytirilgan tarkibda o'tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarda ikki tomonlama do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o'zaro hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari ko'rib chiqiladi.
Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalar yuzasidan fikr almashadi.
Davlat rahbarlarining Qo'shma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar to'plami imzolanishi ko'zda tutilgan.
Prezidentlar qo'shni qardosh mamlakatda muvaffaqiyatli yakuniga yetgan O'zbekiston yilining mantiqiy davomi bo'ladigan O'zbekistonda Qozog'iston yilining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etadilar.
15.04.2019
10:33