O'zbekiston-Koreya kooperatsion birjasi
Koreya Respublikasi delegatsiyasining 2019 yil 19 apreldagi oliy darajadagi tashrifi doirasida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Koreya Savdo va investitsiyalarni qo'llab-quvvatlash agentligi (KOTRA) tomonidan hamkorlikda ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida kooperatsion birja tashkil etildi.
Koreya delegatsiyasi tarkibini qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, tibbiyot va farmatsevtika, shuningdek, iste'mol tovarlari va oziq ovqat sanoatida uskunalar ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yurituvchi 45 dan ortiq kompaniyalar tashkil etdi.
Mazkur tadbirni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad O'zbekiston va Janubiy Koreya kompaniyalari o'rtasida o'zaro savdo aloqalarini yo'lga qo'yilishini qo'llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, korxonalarni texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, respublikada yangi qo'shma korxonalarni tashkil etishdan iborat bo'ldi.
Koreya ishbilarmon doiralari vakillari O'zbekistonda makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning ijobiy o'sishi, iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish, biznes muhitini yahshilash, investitsion jozibadorlikni oshirish, shu jumladan, yaratilgan EIZlari doirasida erishilgan natijalarni alohida ta'kidlab o'tdilar.
Aytib o'tish joizki, Koreya Respublikasi O'zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan biri bo'lib hisoblanadi. 2018 yil yakuniga ko'ra ikki mamlakat o'rtasidagi tovar aylanmasi qariyb 2,1 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 54 foiz o'sishni qayd etgan.
O'z SSP Axborot xizmati
19.04.2019
19:04