O'zbekiston Milliy Matbuot Markazida "Hunarmand" uyushmasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
2019 yil 26 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi "Hunarmand" uyushmasi tomonidan O'zbekiston Milliy Matbuot Markazi majlislar zalida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazish to'g'risida”gi PQ-3991-son qarori hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida”gi 960-son qarorida festivalga tayyorgarlik ko'rish borasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosiga qaratilgan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumani Davlatimiz rahbarining Hunarmandchilik – halol kasb. Bugungi kunda eng katta vazifamiz – ish joylari yaratish. Hunarmandlarga sharoit yaratsak, ham o'zini boqadi, ham boshqalarni ish bilan ta'minlaydi. Shogirdlar tarbiyalasa, qancha yoshlar hunarli bo'ladi, o'z tadbirkorligini ochib, daromad topadi, - degan so'zlari bilan boshlandi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida” farmoni oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik bilan shug'ullanayotgan insonlarga shart-sharoitlar yaratishga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu tarixiy hujjat xalq amaliy san'atini yangi bosqichga olib chiqish bilan birga aholi
daromadlarining oshishiga turtki bo'ldi.
Ushbu farmonda "Hunarmand" uyushmasi a'zolariga 42 ta imtiyozlar berilganligi esa soha rivojiga xizmat qilish bilan birga “Hunarmand” uyushmasining o'rni va nufuzini ham oshirdi.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, olib borilgan keng targ'ibot va tashviqot ishlari natijasida “Hunarmand” uyushmasidan ro'yxatdan o'tgan hunarmandlar soni 2,5 barobarga oshdi va bugungi kunga kelib ularning soni 27 274 nafarni tashkil etdi.
Farmonga asosan tasdiqlangan dasturda 2018 yil davomida respublika bo'yicha 105 449 mln so'mlik jami 3 015 ta loyihalarni amalga oshirish belgilangan bo'lsa, haqiqatda 222,5 mlrd so'mlik 7482 ta loyihalar banklar tomonidan moliyalashtirildi. Bu raqamlar imtiyozli kreditlarga bo'lgan ehtiyojning naqadar yuqoriligini ko'rsatdi. Joriy yilda hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida qo'shimcha 86,8 mlrd. so'mlik 2803 ta loyihalarning yig'ma dasturi shakllantirildi. 2019 yilning 1iyun holatiga ko'ra haqiqatda 77,45 mlrd so'mlik jami 2135 ta loyihalarga banklar tomonidan imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi.
Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali yangi ish o'rinlari yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2018 yilda mamlakatimizda 26 ming 883 ta ish o'rni yaratish belgilangan bo'lib, 40 ming 338 ta ish o'rni tashkil etildi. 2019 yilda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga hamda hududlarga tashrif yuzasidan berilgan topshiriqlarga ko'ra Respublika bo'yicha jami 44 700 ta yangi ish o'rinlari yaratish rejasi belgilab berilgan. 2019 yilning 20 iyun holatiga ko'ra jami 26 259 nafar yangi ish o'rinlari yaratildi. Band bo'lmagan aholi, ayniqsa, yoshlarga usta-shogird an'analari asosida hunarmandchilik sirlarini o'rgatish maqsadida hunarmandlarga yoshlar shogird qilib berilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz bo'yicha 5 mingdan ziyod “Usta-shogird” maktabida 23 mingdan ortiq yoshning bandligi ta'minlandi.
Uyushma tomonidan respublika hududlarida jami 102 ta turli darajadagi tadbirlar, xususan 11 ta festivallar, 48 ta ko'rgazmalar, 15 ta savdo-ko'rgazmalari va 12 ta boshqa turdagi ommaviy tadbirlar o'tkazish orqali aholi o'rtasida xalqimizning an'anaviy hunarmandchiligi keng targ'ib qilindi. Shu bilan bir qatorda an'anaviy tus olgan respublika va xalqaro miqyosda o'tkaziladigan ko'rgazma va festivallarimiz ham borki, ularni hunarmandlarimiz orziqib kutadilar. Sababi, bunday tadbirlarda hunarmandlarimiz o'z mahsulotlarini sotibgina qolmay, ma'naviy ozuqa olib, madaniy hordiq chiqaradilar, o'zaro tajriba almashadilar, chet davlatdan kelgan hunarmandlar bilan tanishadilar, do'stlar orttiradilar. Buxoro shahridagi “Ipak va ziravorlar”, Marg'ilondagi “Atlas bayrami” xalqaro festivallari, uyushma tashabbusi bilan har yili o'tkazib kelinayotgan “Mustaqil yurt hunarmandlari” “Hikmatlar olami” deb nomlangan Respublika Xattotlik festivali, "Oltin qo'l hunarmand" singari festivallarda respublikamizdagi hunarmandlardan tashqari xorijiy davlatlardan ham hunarmandlar ishtirok etadilar. 2018 yil sentyabr oyida Toshkent shahrining Sayilgoh ko'chasida birinchi marta tashkil etilgan “O'zbekiston sovg'alari” nomli savdo ko'rgazmada 200 ga yaqin hunarmandlar ishtirok etdi.
Muhtaram Prezidentimizning yana bir tarixiy 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazish to'g'risida”gi PQ-3991-son qarorlarining qabul qilinishi hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo'llab quvvatlashga qaratilgan yana bir e'tibor namunasidir.
Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida uyushma hamda tegishli vazirlik idoralar bilan hamkorlikda tayyorgarlik jarayonlari amalga oshirilmoqda. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, "Hunarmand" uyushmasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda festivalning ramzi (logotipi)ni tayyorlash bo'yicha tanlov o'tkazildi. Tanlovda professional ijodkorlar bilan birgalikda yoshlar ayniqsa, kollej hamda maktab o'quvchilari ham faol ishtirok etdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda festival veb-saytini uch (o'zbek, rus, ingliz) tillarida http://handicrafters.uz yaratdi. Veb-saytda festival, milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan hunarmandchilik mahsulotlar haqidagi ma'lumotlar joylashtirildi. Veb-sayt yaratilganligi haqida Tashqi ishlar vazirligiga xat qilindi, ular orqali O'zbekistonning chet eldagi elchixona va vakolaxonalariga ma'lumot berildi. Festivalda ishtirok etishni istagan xorijlik hunarmandlar ushbu sayt orqali onlayn tarzda ariza berishlari va ro'yxatdan o'tish imkoniyatlari yaratildi. Bugungi kunda veb-sayt orqali ro'yxatdan o'tish jarayonlari yakunlanish arafasida.
Festivalda 75 dan ortiq xorijiy davlatlardan 200 dan ortiq soha mutaxassislari, san'atshunos - olimlar va hunarmandlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan. Jumladan, Afrika mintaqasidan 10 nafar, Yevropa mintaqasidan 35 nafar, Osiyo va Tinch Okeani mintaqasidan 95 nafar, Shimoliy Amerika va Janubiy Amerika mintaqalaridan 10 nafardan hunarmandlar ishtiroki ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, qo'shni Qozog'iston, Qirg'iziston, Afg'oniston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridan 20 nafar hunarmand ishtirok etishi mo'ljallangan. Festivalda hunarmandchilik va madaniy-gumanitar sohalarda faoliyat olib borayotgan soha vakillari va davlat arboblaridan iborat fahriy mehmonlarning taklif etilishi ham nazarda tutilgan. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning chet davlatdagi elchixonalari hamda bevosita hamkor hunarmandchilik tashkilotlari bilan tizimli faoliyat olib borildi.
Hozirgi kunda festivalga qatnashishga qiziqish bildirib festivalning rasmiy veb-sayti(handicrafters.uz) va Uyushmaning elektron pochta manzili (hunarmand-1997@mail.ru) orqali ro'yxatdan o'tgan hamda Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan yuborilgan qatnashuvchilar soni 55 ta davlatdan 380 nafardan oshdi. Ro'yxatdan o'tish 30 iyungacha davom etadi.
Birinchi Xalqaro Hunarmandchilik festivalda yurtimizdan 1000 dan ortiq mahalliy hunarmandlar o'z shogirdlari bilan ishtirok etadi.“Hunarmand” uyushmasi tomonidan bu borada uyushmaning xududdiy boshqarmalari bilan birgalikda 840 nafar hunarmandlar haqida ma'lumotlar shakllantirildi.
Savdo-sanoat palatasi, "Hunarmand" uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya bilan birgalikda festival haqida uch tilda reklama roligi yaratildi. Bugungi kunda ushbu reklama roligi Milliy teleradiokompaniya tasarrufidagi telekanallar orqali namoyish etilmoqda.
Hozirgi kunda xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun yangi reklama roligi ustida Qo'qon shahar hokimligi bilan ish olib borilmoqda. Yangi reklama roligi tayyor bo'lish arafasida.
Festivalda "Hunarmandchilik va xalq amaliy san'atini rivojlantirish istiqbollari" mavzusida ilmiy - amaliy konferensiyasi o'tkaziladi. Konferensiyani tashkil etish bo'yicha Akademik Akbar Hakimov boshchiligida ijodiy guruh ish olib bormoqda. Konferensiyada sohaga oid 25 ta davlatdan 40 nafarga yaqin xorijiy va mahalliy olimlar ishtiroki rejalashtirilgan. Bugungi kunda festival veb - sayti orqali 40 nafarga yaqin xorijlik olimlar konferensiyada ishtirok etish istagini bildirib, ro'yxatdan o'tib tezislar taqdim etdi. Ularning har biri haqidagi alohida ma'lumotlar shakllantirildi. Ro'yxatdan o'tish 30 iyungacha davom etadi.
Shuningdek, konferensiyada 200 nafardan ortiq mahalliy sohaga oida ilmiy tatqiqotlar olib borayotgan olimlar hamda ilmiy izlanuvchilar, san'atshunoslar talabalar ishtirok etishi ham nazarda tutilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda "Hunarmand" uyushmasi tomonidan uch tilda "O'zbekiston hunarmandchiligi durdonalari" nomli albom katalog tayyorlanmoqda. Ushbu albom katalogni tayyorlashda sohaga oid akademik va professor olimlar jalb etilgan. Albom katalogni "O'zbekiston" nashryotida chop etilishi borasida ish olib borilmoqda.
Festival dasturi 6 kunga mo'ljallangan bo'lib, unda xorijiy va mahalliy hunarmandlarning ko'rgazma-savdosi, ko'rik-tanlovi, mahorat darslari, ilmiy-amaliy konferensiya hamda folklor-etnografik guruhlarining chiqishlari, turli xalq o'yinlari, teatr tomoshalari, an'anaviy kurash, chavandozlik, qo'g'irchoqbozlar hamda mahalliy dizaynerlarning moda namoyishlari, palov tayyorlash, o'zbek an'anaviy musiqa va raqs konsert dasturlari o'tkazilishi ko'zda tutilgan.
Asosiy tadbirlar Xudoyorxon o'rdasi va unga tutashgan Qo'qon shahridagi markaziy istirohat bog'i hududida bo'lib o'tadi, unda hunarmandlar shaharchalari, tarixiy o'tmishni ifodalagan zarur bezaklar bilan tayyorlanadi.
Farmon va Qaror o'z navbatida, “Hunarmand” uyushmasi zimmasiga bir qator muhim vazifalar va ulkan mas'uliyatni yuklaydi.Uning ijrosini o'z vaqtida ta'minlash, belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish yuzasidan Davlatimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash va ko'rsatilgan yuksak e'tiborning qadriga yetish, xalqimiz oldidagi burchimizni astoydil ado etish bizning bosh maqsadimizdir.Xalqimizning asrlar bo'yi qilgan ijodiy mehnati natijasida yaratilgan va yaratilayotgan o'zbek xalq hunarmandchiligi va amaliy san'atini ko'z qorachig'idek asrash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish, yoshlarga o'rgatish orqali ularning estetik didini o'stirish hamda yuksak madaniyatli kishilar qilib tarbiyalash xam asosiy vazifalarimizdan xisoblanadi.
“Hunarmand” uyushmasi Ustavidagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq qilish, hunarmandchilikni aholi o'rtasida ommalashtirish hamda Uyushmaning barcha hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshirilayotgan tadbir, loyiha va ko'rgazmalarni keng jamoatchilikka tanishtirishda ommaviy axborot vositalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Uyushma Axborot xizmati respublika telekanallari, gazeta va jurnallar, mahalliy veb-saytlarida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi rejalar va faoliyatdagi dolzarb masalalarning yoritilishida OAV bilan yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'ygan va ular muntazam yoritib borilmoqda.
Shu munosabat bilan matbuot anjumani yakunida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Uyushma faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishida faollik ko'rsatib kelayotgan bir guruh jurnalistlar "Hunarmand" uyushmasi tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
28.06.2019
10:04