“Savdoning raqamli ekotizimini shakllantirish: to'siqlarni olib tashlash va eksport qilishda tranzaksion xarajatlarni qisqartirish”
2019 yil 3 iyulda “Alternatus” munozaralar maydonining navbatdagi “Savdoning raqamli ekotizimini shakllantirish: to'siqlarni olib tashlash va eksport qilishda tranzaksion xarajatlarni qisqartirish” mavzusiga bag'ishlangan munozaralari bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarga mo'ljallangan harakatlar stretegiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan raqobat siyosatining sifati va samaradorligi oshirish, shuningdek, iste'molchilar uchun mahsulot va xizmatlarning pastroq narxlardagi sifati va turlarining kengayishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan samarali raqobat siyosatini, jumladan, davlat-xususiy sherikchilik va xususiylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, mamlakatda elektron tijoratning to'la-to'kis bozorini yaratish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tovarlari(xizmatlari)ni xorijiy bozorlarga to'siqlarsiz chiqishini kengaytirish dolzarb.
Yuqoridagilarga asosan, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida, Tadbirkorlik faoliyati asoslariga o'qitish respublika markazi, USAID “Markaziy Osiyoda raqobatbardoshlik, savdo va ish o'rinlarini tashkil etish” loyihasi va O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda «ALTERNATUS” munozaralar maydonida «Savdoning raqamli ekotizimini shakllantirish: to'siqlarni olib tashlash va eksport qilishda tranzaksion xarajatlarni qisqartirish» mavzusida navbatdagi munozaralari tashkil etilmoqda.
Munozaralar davomida elektron tijorat sohasini huquqiy tartibga solish tizimi, elektron tijoratning aholining keng qatlamlari va tadbirkorlik sub'ektlari uchun foydalanish imkoniyatlarining mavjudligi, xorijiy bozorlardagi raqobat masalalari, ichki bozorning raqamli eksport imkoniyatlari va raqobatbardoshligi, shuningdek, eksport jarayonida tadbirkorlarning xarajatlarini optimallashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Bulardan tashqari, munozaralar davomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish, raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamalakatimiz tadbirkorlik sub'ektlarining elektron savdo sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan to'laqonli hamkorligi, elektron tijoratning qulayligi va qiymatini targ'ib qilish masalalari ham muhokama qilinadi.
Ma'lumot uchun: Markaz tomonidan Respublikamizda 2019 yil yarim yilligida jami 300 ta bepul o'quv kurslari tashkil etilgan. Tashkil etilgan o'quv kurslarida 7312 nafar tadbirkorlik sub'ekti vakillari va aholi bepul o'qitilgan bo'lib, ularning 6118 nafari sertifikatlar bilan taqdirlanganlar. O'quvlardan keyingi kuzatishlar shuni ko'rsatmoqdaki, joriy yilning Markaz tinglovchilaridan 383 nafari tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan bo'lsa, 244 nafar tadbirkorlik sub'ektlari o'z faoliyatlarini yanada kengaygan.
Buning natijasida 1325 tadan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilishiga erishilgan. Shuningdek, Markaz tinglovchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yanada kengaytirish maqsadida jami 21,6 mlrd. so'm miqdoridagi bank kredit mablag'lari olingan. Olingan mablag'lar asosan joylarda sanoat klasterlarini tashkil etish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, duradgorlik ustaxonalari, tikuv sexlarini ochishga yo'naltirilgan, shuningdek asalarichilik, chorvachilikni kengaytirishga, o'quv markazi ochish hamda savdo shahobchalari tashkil qilishga sarflangan.
O'zSSP Axborot xizmati
03.07.2019
16:04