Davlat organlari mansabdor shaxslarining hatti-xarakatlari yuzasidan tadbirkorlar murojaatlari
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan 2019 yilning I-yarim yilligi mobaynida davlat organlari mansabdor shaxslarining hatti-xarakatlari yuzasidan tadbirkorlar qilgan murojaatlarini ko'rib chiqish ahvoli to'g'risida ma'lumot berildi.
Palataning Sud, huquqni muxofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish boshqarmasiga 2019 yilning I-yarim yilligi mobaynida 310 ta nazorat hujjatlari kelib tushdi. Shundan 59 tasini tadbirkorlik sub'ektlarining sud, huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi va maxalliy davlat xokimiyati organlari mansabdor shaxslarining hatti-xarakatlari (harakati yoki harakatsizligi)dan norozilik bildirib yozgan murojaatlari tashkil etadi.
Palataga kelib tushgan murojaatlardan 17 tasi Toshkent shahri, 5 tadan Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari, 4 tadan murojaat Xorazm va Sirdaryo viloyatlari xissasiga to'g'ri keladi, qolgan 11 ta murojaat boshqa viloyatlardan yuborilgan.
Davlat organlari qarorlariga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ko'rib chiqilib, ularda bayon etilgan masalalar atroflicha o'rganib chiqilganidan so'ng 56 tasi Bosh prokuraturaga yuborildi. Mazkur murojaatlarda ko'tarilgan masalalar vakolatli davlat organlari tomonidan o'rganib chiqilib, javob xatlari olindi.
Bosh prokuraturaga yo'llangan murojaatlardan 33%da ko'tarilgan masalalar tadbirkorlar foydasiga xal etildi, 57% murojaatlarda tadbirkorlar tomonidan keltirilgan vajlar o'z tasdig'ini topmadi, 10% murojaatlar bo'yicha vakolatli organlardan javob xati olish muddati yetib kelmagan.
Shuningdek nazorat qiluvchi organlari qarorlariga nisbatan kelib tushgan
3 ta murojaat o'rnatilgan tartibda sud idoralarida ko'rib chiqildi. Shundan
1 ta holatda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Toshkent shahar DSBning da'vo arizasi bo'yicha “Megaplast” MCHJga nisbatan solingan 74 mln. so'm jarima apellyatsiya instansiyasida Palata xodimi ishtirokida ko'rib chiqilib, 1-instansiya sudining xal qiluv qarori bekor qilindi.
Tadbirkorlarga nisbatan yuritilgan ish materiallaridan 2 tasi sudlar ish yurituvida, ya'ni “Yangiyo'l yog'-moy” AJga nisbatan ish materiali Toshkent shahar Yashnobod tuman ma'muriy sudi va “Sirdaryo ikkiqoramet” MCHJga nisbatan ish materiali jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudi ish yurituvida.
Toshkent shahar Chilonzor tumanida 2 ta holatda faoliyat yuritayotgan “Chilonzor taom” va “Osiyo MK” MCHJlarga nisbatan tuman DSI tomonidan VMning 04.09.2018 yildagi 3928-son qaroriga asosan foydalanilmayotgan binolar uchun yer va mol-mulk soliqlarini ikki karra to'lash ta'sir chorasi qo'llanilganligi shahar prokuraturasi tomonidan o'rganilganida, aslida ushbu binolarda tadbirkorlar faoliyat yuritayotganligi aniqlanib, ushbu ta'sir choralari bekor qilingan.
Tadbirkorlarning aksariyat murojaatlarida tomonidan ko'tarilgan masalalar ular foydasiga xal etilmaganining asosiy sabablari – ular tomonidan qonunchilik talablari bilib-bilmay buzish, bir qator holatlarda esa nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslari bilan o'rtada ziddiyat yuzaga kelishi, tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashish va to'sqinlik qilish, ayrim xollarda tadbirkor foydasiga chiqarilgan sud qarorlari ijrosini ta'minlamaslikdan iborat.
Misol uchun, 2017 yil mart oyida Shayxontoxur tumani DSI tomonidan “Ozmaloyl” MCHJ hisob raqamidan 377 mln.400 ming so'm undirib olingan. Jamiyat tuman DSI va DSQdan ushbu mablag' Vazirlar Mahkamasining sir tutilgan qarori asosida undirilganligi to'g'risidagi javoblardan norozi bo'lib undirilgan mablag'larni qaytarish to'g'risidagi murojaati Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olinib, “Ozmaloyl” MCHJdan undirib olingan mablag'lar jamiyat foydasiga to'liq qaytarilishi ta'minlangan.
O'rtachirchiq tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkor B.Yoqubovaning tuman DSI xodimlari faoliyatiga to'sqinlik qilayotganidan norozi bo'lib yozgan murojaati asosida Toshkent viloyat prokuraturasi ko'rsatmasiga asosan tuman DSIda xizmat tekshiruvi o'tkazilib, natijada soliq xodimi X.Meliev o'ziga biriktirilgan hududda noqonuniy savdoga chek qo'yish, tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish borasida o'ziga yuklatilgan vazifalarni to'laqonli amalga oshirmaganligi bois egallab turgan lavozimidan bo'shatilgan.
Bekobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Boqieva Nazira” f/x rahbari N.Baqievaning sud qaroriga asosan uning foydasiga “Kuchlik neft bazasi” UKdan 6 mln.700 ming so'm undirish bo'yicha O'rtachirchiq tuman MIB xodimlari xarakatlaridan norozilik bildirib yozgan murojaati Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olinib, 04.02.2019 yilda qarzdor hisob raqamiga band solinib, 13.05.2019 yilda “N.Baqieva” f/x xisob raqamiga 6 mln.700 ming so'm to'liq o'tkazib berilishi ta'minlangan.
O'z SSP Axborot xizmati
03.07.2019
17:19