Jamoatchilik ekspertizasi o'tkazilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 785 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko'rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasiining “Hayvonlarni identifikatsiya qilish to'g'risida”gi Qonuni loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyihaning 5-moddasiga ko'ra, “Hayvon egalari, shu jumladan xo'jaliklar, hayvondan olingan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar, identifikatsiya vositalarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar hayvonlarni identifikatsiya qilish sub'ektlari hisoblanadi”, - deb belgilangan.
Bunda, hayvondan olingan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar ham hayvonlarni idetifikatsiya qilish sub'ektlari sifatida belgilangan.
Biroq, loyihaning 6-moddasida keltirilganidek, faqat tirik hayvonlar identifikatsiya qilinadi. Ya'ni, bunda ko'rinadiki, hayvonlardan olingan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarni hayvonlarni idetifikatsiya qilish sub'ektlari sifatida belgilash to'g'ri emas.
Shu sababli, loyihaning 5-moddasidan “hayvondan olingan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
2. Loyihaning 10-moddasi birinchi qismi to'rtinchi xatboshiga ko'ra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi “hayvonlarni identifikatsiya qilishda davlat nazoratini amalga oshiradi”, - deb belgilangan.
Bunda, amaliyotda kelib chiqishi mumkin bo'lgan noaniqliklarni oldini olish maqsadida, mazkur davlat nazoratining qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishini nazarda tutish hamda ushbu xatboshini quyidagi tahrirda bayon qilish tavsiya etiladi:
“hayvonlarni identifikatsiya qilishda qonunchilikda belgilangan tartibda davlat nazoratini amalga oshiradi”.
3. Loyihaning 12-moddasi ikkinchi qismiga ko'ra, “Identifikatsiya qilinmagan hayvonlar, ulardan olingan mahsulot va xom ashyolar import qilishga yo'l qo'yilmaydi”, - deb belgilangan.
Ammo, bunda chet elda tayyorlangan mahsulot va xom ashyolarning identifikatsiya qilingan hayvondan olingan yoki olinmaganligini aniqlash imkoniyati mavjud emas.
Shuningdek, ushbu mahsulotlar import qilinadigan barcha davlatlarda ham hayvonlarni identifikatsiya qilish mexanizmi bo'lmasligi mumkin.
Shu bois, mazkur normani loyihada nazarda tutish masalasini qayta ko'rib chiqish tavsiya etiladi.
4. Loyihaning 12-moddasi uchinchi qismiga ko'ra, “Identifikatsiya qilinmagan hayvonlar hamda ulardan olingan mahsulot va xom ashyolarni realizatsiya qilish taqiqlanadi”, - deb belgilangan.
Biroq, loyihaning 13-moddasida so'yish uchun import qilingan hayvonlar identifikatsiya qilinmasligi belgilangan.
Bundan ko'rinadiki, import qilingan va identifikatsiyalanmagan hayvonlarni ham so'yish hamda ulardan olingan mahsulot va xom ashyolarni realizatsiya qilish mumkin.
Shu bois, loyihaning 12-moddasi uchinchi qismini chiqarib tashlash taviya etiladi.
5. Loyihaning 12-moddasi to'rtinchi qismiga ko'ra, “Shaxsiy ehtiyoj uchun xonadonlarda hayvonlarni saqlashda ularning bosh sonlarining chegaralari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi”, - deb belgilangan.
Ammo, hayvonlar xususiy mulk hisoblanib, uning aniq chegarasini mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilab berilishi yuridik nuqtai nazardan to'g'ri bo'lmaydi.
O'z navbatida, bu xususiy mulkka bo'lgan huquqlarni asossiz ravishda cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Vaholangki, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi Qonunning 2-moddasiga ko'ra, “Xususiy mulk bo'lgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi”, 13-moddasiga ko'ra esa, “Qonunga xilof ravishda xususiy mulk huquqini cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yo'l qo'yilmaydi”, - deb belgilangan.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
13 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish,tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to'g'risida”gi PF-5780-sonli Farmoni 1-bandiga ko'ra, “Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari, O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi (keyingi o'rinlarda — Davergeodezkadastr qo'mitasi) va ularning hududiy bo'linmalari hamda boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining xususiy mulkning daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta'minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko'paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish to'g'risidagi normalarini so'zsiz ijro etish va ularga qat'iy rioya qilish bo'yicha shaxsan javobgar ekanligi to'g'risida ogohlantirilsin”, - deb belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihaning 12-moddasidan to'rtinchi qismni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
6. Loyihaning 13-moddasi oltinchi qismiga ko'ra, “So'yish maqsadida import qilingan hayvonlar identifikatsiya qilinmaydi. Ushbu hayvonlar keltirilgan vaqtdan boshlab yetti kalendar kunida so'yilishi shart”, - deb belgilangan.
Bunda, mazkur hayvonlarni so'yilishi uchun juda qisqa muddatlarni belgilash nazarda tutilgan.
Vaholangki, ushbu jarayonlar bozor iqtisodiyoti holatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladigan jarayon hisoblanadi.
Yuqoridagi kabi normaning belgilanishi esa, ushbu sohada ortiqcha va asossiz talablarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, loyihada mazkur normaning bajarilishini nazorat qilishning aniq mexanizmlari nazarda tutilmagan. Xususan, so'yish maqsadida import qilingan hayvonlarning aynan ushbu muddatlarda so'yilishi kim tomonidan qanday tartibda nazorat qilinishi, yoki hayvonlarni import qilgan shaxs ularni so'yishdan voz kechgan taqdirda, keyingi jarayon qanday bo'lishi haqida aniq normalar belgilanmagan.
Bu esa, amaliyotda turli tushunmovchiliklar va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyihaning 13-moddasi oltinchi qismidan “Ushbu hayvonlar keltirilgan vaqtdan boshlab yetti kalendar kunida so'yilishi shart” jumlasini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
7. Loyihaning 18-moddasi birinchi qismiga ko'ra, “Hayvon egalari hayvon so'yilganda (nobud bo'lganda, yo'q qilinganda) hayvonning identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut va veterinariya pasporti, elektron mikrochip o'rnatilganda esa faqatgina veterinariya pasportini yetti kun muddatda yashash manzili bo'yicha davlat veterinariya xizmatiga hisobdan chiqarish uchun taqdim etadi”, - deb belgilangan.
Ammo, bunda olis hududlardagi tog' va yaylovlarda qo'y va echkilar guruhlarini boqish bilan shug'ullanadigan shaxslar manfaati inobatga olinmagan.
Chunki, ularda hayvonlar nobud bo'lganda yetti kunlik muddatda kelish imkoniyati bo'lmasligi mumkin.
Bundan tashqari, loyihaning 17-moddasi ikkinchi qismiga ko'ra, qo'y va echkilarga guruh usulida veterinariya pasporti rasmiylashtirish mumkinligi belgilangan bo'lib, bunda har bir so'yilgan yoki nobud bo'lgan hayvonning veterinariya pasportini taqdim etish imkoniyati mavjud emas.
Shu sababli, mazkur normada yuqoridagi masalalarni inobatga olish lozim.
8. Loyihaning 19-moddasi birinchi qismiga ko'ra, hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi mutaxassislar “hayvonlarni identifikatsiya qilish ob'ektlariga moneliksiz kirish va hayvonlarni identifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish to'g'risida bajarilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar berish” huquqiga egaligi belgilangan.
Ammo, loyihaning 6-moddasiga ko'ra, hayvonlarni identifikatsiya qilish ob'ektlari deganda, joy yoki hudud emas, balki havonlar nazarda tutilgan.
Shu bois, hamda mazkur Xulosaning 2-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, mazkur normani quyidagicha bayon qilish tavsiya etiladi:
“hayvonlarni identifikatsiya qilish joylariga qonunchilikda belgilangan tartibda kirish va hayvonlarni identifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish to'g'risida bajarilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar berish”.
9. Loyihaning 20-moddasi birinchi qismi birinchi va ikkinchi xatboshilariga ko'ra, “Identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchilar:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasining ruxsati bilan yagona elektron ma'lumotlar bazasidan ma'lumotlar olish” huquqiga egaligi belgilangan.
Bunda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasining ruxsatini olish bilan bog'liq asossiz cheklov nazarda tutilgan.
Biroq, ushbu ma'lumotlarni olish barcha identifikatsiya sub'ektlari uchun birdek erkin bo'lishi hamda bunda qo'mitaning roziligini olish nazarda tutilmasligi lozim.
Zero, loyihaning 21-moddasida hayvon egalari tomonidan ushbu ma'lumotlarni olishda ruxsatnoma asosida taqdim etilishi nazarda tutilmagan.
Shu bois, loyihaning yuqoridagi normasidan “Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasining ruxsati bilan” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
10. Shuningdek, loyihaning 20-moddasi ikkinchi qismida identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchilar “ishlab chiqilgan identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut raqamlarining ketma-ketligi bo'yicha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasiga hisobot taqdim etishi shart”, - deb belgilangan.
Bunda, tadbirkorlik sub'ektlari uchun ortiqcha va keraksiz talablarni joriy etish nazarda tutilgan.
Shu sababli, mazkur xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
11. Loyihaning 21-moddasi uchinchi qismi oltinchi xatboshiga ko'ra, hayvon egalari “hayvonga berilgan identifikatsiya raqamini saqlovchi atributi va veterinariya pasporti uchun belgilangan to'lovlarni o'z vaqtida to'lashga majburdir”, - deb belgilangan.
Ya'ni, bunda identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut uchun ham belgilangan to'lovni belgilangan o'z vaqtida to'lashga majbur, degan ortiqcha norma nazarda tutilgan.
Chunki, loyihaning 20-moddasida keltirilgan norma mazmunidan anglashilinishicha, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut hayvonlarni identifikatsiya qilish sub'ektlari o'rtasida shartnomalar tuzish orqali xarid qilinishi mumkin va bunda shartnoma shartlari hamda uni bajarish tartib-qoidalari mazkur shartnomada belgilanadi.
Shu sababli, yuqoridagi xatboshidan “identifikatsiya raqamini saqlovchi atributi va” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Bu boradagi faoliyat davom etmoqda.
12.11.2019
17:20