O‘zbekistonlik fermerlar olmazorlar yaratishning zamonaviy usullarini o‘rganadilar
O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorlikdagi loyihasi “O‘zbekiston biznes-forumi (III-faza)” ning inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishi doirasida zamonaviy intensiv olmazor bog‘lar yaratish bo‘yicha mahalliy o‘ziga xosliklar inobatga olinib tuzilgan amaliy qo‘llanma ishlab chiqildi. Shuningdek, bu mavzuda o‘zbekistonlik fermerlar uchun treninglar tashkil etish mo‘ljallangan.
O‘zbekistonda 261,8 ming gektar bog‘ maydonlaridan 120,5 ming gektarini urug‘lik mevazorlar tashkil etadi. Shuning 95%i olmazor bog‘lardir. Bu mamlakatdagi bog‘larning taxminan 44%ini olmazorlar tashkil etadi, demakdir. Olma daraxtlarining keng tarqalganligi uning turli tuproq va iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi, chidamliligi, hosildorligini ko‘p yillar davomida saqlab qolishi, mevasining foydaliligi va tovar mahsuloti sifatidagi tijoriy qimmati bilan izohlanadi.
Prezident I. Karimov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakatni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yil uchun mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida “Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va fermerlarni yuqori unum bilan ishlaydigan qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash hisobidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida intensiv usullarga o‘tish ushbu sohani barqaror va samarali rivojlantirishda eng muhim yo‘nalish hisoblanadi” deb ta’kidlagan edi.
Bugungi kunda mamlakatda qishloq xo‘jalik ekinlarini parvarishlashning hosildorlikni 2-3 baravar oshirish imkonini beruvchi intensiv usullarini joriy etish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Bunda, misol uchun, an’anaviy usulda parvarishlangan mevali daraxtlarning hosilga kirishi uchun 4-5 yil kerak bo‘lsa, intensiv bog‘dorchilikda daraxtlar ikkinchi va uchinchi yillardanoq meva bera boshlaydi.
Biroq O‘zbekistonlik fermerlarda olmazor bog‘larni yaratishdagi zamonaviy texnologiyalar borasida bilimlarning yetishmasligi ko‘p hollarda hosildorlikning pasayishi, mahsulotning tovar sifatidagi tannarxining yuqori bo‘lishi, shuningdek, raqobatbardosh mahsulot eksporti imkoniyatlarining tushishiga olib keladi.
Fermerlarning bu boradagi bilimlarini oshirish maqsadida loyiha doirasida O‘zbekiston sharoitida olmazorlarni intensiv usullarga tayanib parvarishlash bo‘yicha amaliy qo‘llanma ishlab chiqildi.
Yo‘riqnoma intensiv olmazor bog‘larni yaratishning ko‘chat o‘tqazish, kesish, o‘g‘it solish, zararkunanda hasharotlar va kasalliklardan himoyalash, hosilni yig‘ishtirishdan tortib, tayyor mahsulotni bozorga chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlardagi samarali texnologiyalar haqidagi axborotni o‘z ichiga oladi. Fermerlarga yordam sifatida qo‘llanmada bir gektar yer maydonida olmazor bog‘ yaratishning biznes-rejasi ham keltirilgan.
Qo‘shimcha tarzida keng tarqalgan olma navlari, olma daraxtiga tushishi mumkin bo‘lgan kasallik va zarakunandalar hamda ularga qarshi kurash choralari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “cho‘ntak kartochkalari” ham ishlab chiqildi. Ixcham hajmdagi, illyustratsiyalashtirilgan kartochkalar – ma’lumotlarni yetkazishning qo‘llanilishi qulay shaklidir.
Mazkur qo‘llanma “Sasol” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, shuningdek, Germaniya iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) moliyaviy ko‘magida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) GmbH ning “O‘zbekistonning tanlangan hududlarida iqtisodiyot rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida nashr etildi. Chop etilgan materiallar O‘zbekistonlik fermerlarga bepul tarqatiladi.
Bundan tashqari, fermerlar uchun olmazorlar yaratish masalalariga bag‘ishlangan trening mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Hamkorlikdagi loyiha doirasida tashkil etiladigan trening mashg‘ulotlarida O‘zbekistonning olti viloyatidan 400dan ortiq fermerlar, shu jumladan, ayollar ham soha bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashi rejalashtirilgan.
Amalga oshirilayotgan ushbu tadbirlar fermerlarning olma daraxtlari kultivatsiyasi, qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hamda intensiv bog‘dorchilik usullaridan foydalanib, bog‘lar hosildorligini oshirish borasida bilim va malakalarini oshirishga xizmat qiladi. Bu o‘zgarish va takomillashtirishlar qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini doimiy daromad bilan ta’minlash, turmush darajasini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
***
“O‘zbekiston biznes-forumi (III-faza)” loyihasi SSP va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, loyiha onlayn xizmatlarni joriy qilish, me‘yoriy-huquqiy asosni takomillashtirish hamda inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish orqali mamlakatda qulay biznes-muhitini shakllantirishga qaratilgan.
03.05.2016
16:08