Biznes muhitini yaxshilash uchun yana bir muhim qadam
Hurmatli Tadbirkorlar! Bugungi kunda O'zbekiston jaxonning ko'pgina davlatlari bilan turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik qilmoqda, tadbirkorlik faoliyatiga aholining keng qatlamlari jalb etilmoqda.
Mamlakatning barcha jabhalarida olib borilayotgan keng islohotlar tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy xujjatlarga o'z vaqtida tegishli qo'shimcha va o'zgarishtirishlarni kiritib borishni taqozo etmoqda va ushbu jarayonda sohaga oid tartib-taomillar qayta ko'rib chiqilib, bugungi kun talabiga mos kelmaydigan g'ovlar va byurokratik to'siqlar bekor qilinmoqda, tadbirkorlikka to'sqinlik qilayotgan holatlar bartaraf etilmoqda.
Mamlakatimizda biznes yuritish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish, iqtisodiyotga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb etish hamda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida Davlatimiz Rahbari tomonidan joriy yil 20 noyabr kuni “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4525-son Qaror imzolandi.
Mazkur qarorda jamiyatimizda ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlar nufuzli horijiy davlatlar hamjamiyati tomonidan tan olinayotgani bilan birga, xorijiy ekspertlar tomonidan tayyorlangan joriy «Biznes yuritish» hisoboti reytingida O'zbekiston 69-o'rini egallaganligi va eng jadal rivojlanayotgan 20 ta davlat qatorida joy olganligi e'tirof etilgan.
Mazkur Qarorga asosan, tadbirkorlarning faoliyatini yengillashtirish maqsadida 2020 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi talablar bekor qilinmoqda:
· tadbirkorlik sub'ektlari - yuridik shaxslar o'rtasidagi ko'chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo'yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo'yicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
· soliq organlariga soliq to'lovchilar tomonidan ko'chmas mulkka bo'lgan huquq davlat ro'yxatidan o'tkazilgandan so'ng arizani hamda ko'chmas mulkka bo'lgan huquqni davlat ro'yxatidan o'tkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko'chmas mulk, uning mulkdorlari to'g'risidagi ma'lumotni qog'oz ko'rinishda taqdim etish;
· meva-sabzavot va to'qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub'ektlaridan to'lov undirish.
2020 yil 1 fevraldan:
· eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi, vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari ushbu tizimga integratsiya qilinadi;
· sanitariya-epidemiologiya va veterinariya, fitosanitariya va ekologik nazorat o'tkazish uchun undiriladigan to'lovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
· yuridik shaxslar tomonidan da'vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish mumkin.
2020 yil 1 oktyabrdan boshlab quvvati 140 kVt gacha bo'lgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga tadbirkorlik sub'ektining xohishiga ko'ra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan so'rovnomasiga asosan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mablag'lari hisobidan ulanadi. Xarajatlar tadbirkorlik sub'ektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qo'shiladigan ustamalar hisobidan 1 yil davomida undirib olinadi.
Shu bilan birga, boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Savdo-sanoat palatasiga ham bir qator muhim vazifalar yuklatilgan.
Ular jumlasiga:
- litsenziyalash va ruxsatnoma berish tizimini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tanqidiy qayta ko'rib chiqib, ularni zamon talablariga moslashtirish va tizimlashtirish;
- litsenziyalar va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda talab etiladigan hujjatlarni xatlovdan o'tkazib, byurokratik to'siqlarni bartaraf etish hamda ularning muqobil shakllarini, xabardor etish tartibini joriy etish;
- Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznes yuritish” yillik hisobotining qurilish uchun ruxsatnomalar olish, elektr ta'minoti tizimiga ulanish, mulkni ro'yhatdan o'tkazish hamda xalqaro savdo indikatorlari bo'yicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti qo'llanilishi;
- Jaxon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori bo'yicha batafsil ma'lumotlar aks etgan maxsus portal sifatida Internet tarmog'idagi businessinfo.uz saytidan foydalanish va uni doimiy yangilab borish;
- Jaxon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori bo'yicha amalga oshirilgan islohotlar yuzasidan keng qamrovli targ'ibot ishlarini o'tkazish rejasini tasdiqlash va amalga oshirish.
Mazkur Qaror mamlakatimizda tadbirkorlikni keng rivojlantirish, ko'plab fuqarolarni ish bilan band qilish, respublika xududlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investitsiyaviy jozibadorlikni va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
26.11.2019
17:54