Makka shahrida O'zbekiston - Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralarining Biznes-forumi bo'lib o'tdi
2019 yil 25 noyabr kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan O'zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi elchixonasi bilan hamkorlikda Saudiya Arabistonining Makka shahrida O'zbekiston - Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralarining Biznes-forumi bo'lib o'tdi.
Mazkur Biznes-forum Saudiya Arabistoni Savdo palatalari kengashi, Makka shahar Savdo-sanoat palatasi va Saudiya Arabistoni Investitsiyalarni jalb etish bosh boshqarmasi ko'magida tashkil etildi.
O'zbekistondan mazkur biznes-forumda 30 nafardan ortiq mahalliy tadbirkorlik sub'ektlari hamda 90 nafar Saudiya kompaniyalari ishtirok etdilar.
Tadbirni kirish so'zi bilan Makka shahar Savdo-sanoat palatasi Prezidenti Al Kakkiy hamda O'zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari D.Axadov ochib berdilar.
Saudiya Arabistoni kompaniyalari va salohiyatli investorlari e'tiboriga O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig'i G'.Usmonov tomonidan “Respublikamizning investitsion imkoniyatlari va eksport salohiyati” mavzusida taqdimot qilindi.
Tadbir ishtirokchilariga Saudiya Arabistoni Investitsiyalarni jalb etish bosh boshqarmasining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig'i Al Mifgaiy tomonidan O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari to'g'risida ma'ruza qilindi.
Biznes-forum doirasida Namangan viloyatining investitsiyaviy salohiyati to'g'risida videorolik namoyish etildi hamda viloyatda amalga oshirish istiqbolli sanalgan loyihalar to'g'risida Namangan viloyat hokimining investitsiya masalalari bo'yicha o'rinbosari O.Inomov tomonidan ma'ruza qilindi.
Shuningdek, tadbirda Saudiya Arabistoni Investitsiyalarni jalb etish bosh boshqarmasi mas'ul xodimi Rayan Binsadiq tomonidan Saudiya Arabistonini rivojlantirishning 2030 yilga mo'ljallangan strategiyasi to'g'risida batafsil taqdimot o'tkazildi.
Biznes-forum yakuni bo'yicha O'zbekiston va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari o'rtasida В2В formatida biznes uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda oziq-ovqat, to'qimachilik, neft va gaz sanoati, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish, hunarmandchilik, transport va logistika, ko'chmas mulk masalalarida tomonlar o'rtasida muzokaralar o'tkazildi.
26.11.2019
19:24