HAKAMLIK SUDLARINING FAOLIYaTI YaKUNLARI MUHOKAMA QILINDI
2019 yil 3 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Hakamlik sudlarining 2019 yilning 11 oyi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazildi.
Videoselektorda Palata raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov, hududiy boshqarmalar boshliqlari, ularning huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Hakamlik sudlari raislari, sud'yalari va mas'ul kotiblari ishtirok etdi.
Hakamlik sudlari tomonidan huquqiy targ‘ibot ishlari va hakamlik muhokamasi afzalliklarini tadbirkorlik sub'ektlariga tushirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilganligi natijasida ularga da'vo arizalari bilan murojaatlar soni yildan yilga ko‘paymoqda.
Masalan, 2019 yilning 11 oyi mobaynida Hakamlik sudlari tomonidan 9 014 ta ishlar ko‘rilgan bo‘lib, da'vo summasi 236,6 mlrd. so‘m, 2,9 mln AQSh dollarini tashkil qilgan. Bu 2018 yil 11 oyida ko‘rilgan ishlar soniga nisbatan 3 233 taga ko‘pdir. Ayniqsa, bu borada O‘zR SSP Kashkadaryo (2 629 ta ish ko‘rilgan – 2 267 ta ko‘p), Sirdaryo (1 272 ish ko‘rilgan – 880 ta ko‘p), Jizzax (494 ish ko‘rilgan – 407 ta ko‘p), Buxoro (551 ish ko‘rilgan – 211 ta ko‘p) viloyatlari hududiy boshqarmalari huzuridagi Hakamlik sudlari yuqori ko‘rsatkichlarga erishganlar, shuningdek boshqa barcha hududiy boshqarmalar huzuridagi Hakamlik sudlari ham ijobiy natijaga qayd qilganlar.
Yig‘ilishda O‘zR SSP Ijroiya qo‘mitasining Hakamlik sudlari faoliyatiga oid qarorlari ijrosi, shu jumladan Hakamlik sudlariga yaratilgan sharoitlar, ularning moddiy texnika bazasini mustahqamlash, axborotlarni o‘z vaqtida va sifatli taqdim qilish masalalari, shuningdek ayrim viloyatlarda huquqiy targ‘ibot ishlari yetarli darajada olib borilmayotganligi tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Hududiy boshqarma boshliqlari va Hakamlik sudlari raislari zimmasiga Hakamlik sudlarining faoliyati natijalarini muhokama qilish, hakamlik muhokamasi afzalliklari to‘g‘risida tadbirkorlik sub'ektlariga, hokimliklarga, xo‘jalik boshqaruv organlariga xatlar yuborish; Hakamlik sudlari moddiy-texnika ta'minotini yaxshilashga qaratilgan tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish; Hakamlik sudlariga oid huquqiy hujjatlar va axborotlarni boshqarma veb-saytiga joylashtirish va uning tizimli ravishda yangilab borish kabi vazifalar yuklatildi.
03.12.2019
17:49