Neft-gaz sohasidagi hamkorlik istiqbollari
“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2016” yigirmanchi xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i: texnologiyalar, investitsiyalar va taraqqiyot” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan “ITE Uzbekistan”, “ITE” kompaniyalar guruhi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda o‘ttizga yaqin mamlakatdan to‘rt yuzdan ziyod olim va mutaxassis ishtirok etdi.
Konferensiyada “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi A.Sultonov, Energetika masalalari bo‘yicha Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti M.Shefchovich va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida, jumladan, neft-gaz sanoatida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston ulkan uglevodorod zaxiralariga ega. Mamlakatimizda neft-gaz sanoatining yangi inshootlarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari jadal davom etmoqda. Jahondagi yetakchi investorlar ishtirokida o‘nlab yuqori texnologik loyihalar hayotga tatbiq etilayotir. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 4-martdagi “2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“O‘zbekneftgaz” bir necha yillardan buyon “Lukoyl”, “Gazprom”, “Petromaruz” (Rossiya), “KNOC”, “Kogas”, “Lotte Chemical” (Koreya Respublikasi), CNODC (Xitoy), “PetroVietnam” (Vetnam), “Sasol” (Janubiy Afrika Respublikasi) kabi nufuzli kompaniyalar bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish, neft va gaz konlarini o‘zlashtirish borasida qator yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilayotir. Xususan, shu yil 19-aprel kuni Buxoro viloyatida “Lukoyl” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlandi. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan 2015-2019-yillar davomida chet ellik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 54 sarmoyaviy loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Joriy yilda umumiy qiymati 20,6 milliard dollarlik 38 investitsiya loyihasini bajarish rejalashtirilgan.
“O‘zbekneftgaz” korxonalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari va oliy o‘quv yurtlari bilan yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ishlab chiqarishga tatbiq etilayotgan innovatsion loyihalar tufayli neft va kimyo sohasida ham ko‘plab yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishilmoqda. Mahsulotlar sifati yanada yaxshilanib, jahon bozoridan mustahkam o‘rin egallamoqda.
– O‘zbekiston tabiiy gaz qazib olish va qayta ishlash borasida ulkan salohiyatga ega, – deydi Xalqaro gaz ittifoqi bosh kotibi Pol Rasmussen. – Mazkur konferensiya ushbu sohadagi yutuqlar, an’ana va yo‘nalishlar bilan tanishish imkonini berdi. Shu bilan birga, neft-gaz sanoatini yanada rivojlantirishga, foydali biznes aloqalarini o‘rnatishga, sohada xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Konferensiyada O‘zbekiston neft-gaz sanoatining sarmoyaviy salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, yangi imkoniyatlar, uglevodorod bazalarini kengaytirish, neft va gaz konlarini aniqlash va qazib olish samaradorligini yanada oshirish, xalqaro hamkorlikda hayotga izchil tatbiq etilayotgan qo‘shma loyihalar, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiya samaradorligini oshirishga doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi, ma’ruzalar tinglandi.
– “O‘zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko‘rgazmasida muntazam ishtirok etib kelamiz, – deydi Janubiy Koreyaning “KwangShin Machine” kompaniyasi bosh menejeri Xo Jin So. – Kompaniyamiz havo va gaz kompressorlari, avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. O‘zbekistonda neft-gaz sanoati sohasida yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Mazkur ko‘rgazma va konferensiya o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan ko‘p yillik aloqalarimizni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish hamda energetik xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatimizdagi erkin industrial va iqtisodiy zonalarda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit va imkoniyatlar, innovatsion texnologiyalar, shuningdek, yurtimizda davom etayotgan keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayoni, iqtisodiyotimizni rivojlantirish yo‘lida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi.
Anjumanda neft-gaz sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, sohaga sarmoya kiritish, xizmat ko‘rsatish, uglevodorod konlarini o‘rganish va o‘zlashtirishni takomillashtirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, O‘zbekiston hududida yangi konlarni aniqlash, ishga tushirish, gazni qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
20.05.2016
11:04