Yana bir qaror loyihasi yuzasidan Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi
“O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 878 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko'rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste'mol etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish tartibini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyihaning 2-bandi birinchi xatboshiga ko'ra, “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tuzilishi belgilangan.
Ushbu komissiya tarkibiga ko'ra, idoralararo komissiya shaklida bo'lishi nazarda tutilgan.
Ammo, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar Konsepsiyasining II-bobi 3-bandiga ko'ra, “Tegishli vakolatlarni aniq davlat organlariga o'tkazish va ularga qabul qilinayotgan qarorlarning natijasi uchun javobgarlikni yuklash orqali davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan idoralararo kollegial organlarni (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar) tubdan qisqartirish” belgilangan.
Shuningdek, litsenziyalovchi organning bu kabi shakllarda tashkil etilishi ushbu sohada ortiqcha byurokratik to'siqlar paydo bo'lishiga hamda litsenziya olishda bir qator muammolarning kelib chiqishiga olib kelishi mumkin.
Vaholanki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 avgustdagi “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5527-sonli Farmoni 4-bandiga ko'ra, “Shunday tartib belgilansinki, unga asosan quyidagilar:
idoralararo kollegial organlarga davlat-hokimiyat vakolatlarini berish, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno;
amaliy ahamiyatga ega bo'lmagan, shuningdek, davlat boshqaruvida, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma'muriy to'siqlarning yuzaga kelishiga sabab bo'ladigan idoralararo kollegial organlarni tashkil etish va faoliyat yuritishi;
idoralararo kollegial organlarga davlat organlari vazifa va funksiyalarining o'rnini egallashga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun javobgarlikning susayishiga olib keluvchi takrorlovchi va parallel funksiyalarni yuklash;
idoralararo kollegial organlar ishiga ularning faoliyat sohasiga bevosita aloqasi bo'lmagan davlat organlari va tashkilotlarini jalb etish taqiqlanadi”.
Bundan tashqari, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan, “Litsenziyalovchi organlar — qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyalashni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar”dir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, loyihaning 2-bandini chiqarib tashlash hamda shunga mos ravishda loyihaning boshqa bandlariga ham tegishli o'zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq.
2. Loyihaning 3-bandiga ko'ra, “Alkogol va likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha mavjud yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan 60 foizdan kam bo'lmagan miqdorda foydalanish litsenzion talab sifatida belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
Bunda, birinchi yarim yil yakuni bo'yicha aroq va likyor-aroq mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlaridan 30 foizdan kam miqdorda foydalanish litsenzion talabning buzilishi sifatida baholanadi”, - deb belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi 707-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Iste'mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash tartibi to'g'risida”gi Nizomning 7-bandi “p” va “r” kichik bandlarida yuqoridagi kabi shartlar litsenziya talablari sifatida belgilangan.
Ammo, ishlab chiqarishga bunday talablarning qo'yilishi birinchi navbatda, byurokratik to'siq va korrupsiya holatlariga sharoit yaratib beradigan holat sifatida baholanishi lozim.
Chunki, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini o'rganish inson faktorini yuzaga keltirib, har qanday suiiste'molliklarga olib kelishi aniq.
Bundan tashqari, litsenziatning o'zi ishlab chiqarish quvvatlaridan to'liq foydalanishga intiladi, aks holda u zarar bilan ishlab, bankrotlik holatiga tushib qoladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihaning 3-bandini chiqarib tashlash, shuningdek, loyihaning 3-ilovasi tegishli bandiga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi 707-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Iste'mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash tartibi to'g'risida”gi Nizomning 7-bandi “p” va “r” kichik bandlarini va 40-bandini chiqarib tashlashni nazarda tutuvchi norma kiritilishi tavsiya etiladi.
3. Loyihaning 4-bandiga ko'ra, “Inspeksiyaga Komissiya nomidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakilni xabardor qilish sharti bilan iste'mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug'ullanuvchi korxonalarni ularning moliyaviy-xo'jalik faoliyatiga aralashmagan holda litsenzion talablarning bajarilishini rejali ravishda har 6 oyda bir martadan ko'p bo'lmagan va 5 kundan oshmagan muddatda tekshirish huquqi beriladi”, - deb belgilangan.
Bunda, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati ustidan tekshirishlarni o'tkazishda rejali tekshirishlar o'tkazilishi hamda uni o'tkazish tegishli vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirilishini belgilash nazarda tutilgan.
Biroq, yuqoridagi Qonunning 21-moddasiga asosan, litsenziyalovchi organ “litsenziatlar litsenziya talablari va shartlariga rioya etayotganligi ustidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo'yicha vakolatli organ bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvlar o'tkazish” huquqiga egaligi belgilangan.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil
27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5490-sonli Farmonining 4-bandiga ko'ra, 2018 yil 1-sentyabrdan boshlab tadbirkorlik sub'ektlarining moliya-xo'jalik faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan rejali tekshiruvlar bekor qilingan.
Shuningdek, ushbu Farmonning 5-bandiga asosan, “Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish tegishli tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi «xavfni tahlil etish» tizimi natijalari asosida amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.
Shu bois, loyihaning 4-bandini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
4. Loyihaning 5-bandi “b” kichik bandiga ko'ra, “2020 yil 1 martdan boshlab alkogol mahsulotlarini chakana savdosi bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlari qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashga o'tkaziladi”, - deb belgilangan.
Ammo, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to'g'risida”gi PF-5468-sonli Farmonining 2-bandi “v” kichik bandiga muvofiq, “yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so'mgacha bo'lgan soliq to'lovchilar uchun oborotdan (tushumdan) soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to'lash tartibini hamda qo'shilgan qiymat solig'ini ixtiyoriy ravishda to'lash imkoniyatini belgilash” nazarda tutilgan.
Shu sababli, loyihaning 5-bandidan “v” kichik bandni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
5. Loyihaning 3-ilovasi 2-bandiga ko'ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 iyundagi 474-sonli “Alkogol va tamaki bozorini samarali tartibga solishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori 1-ilovasi
8-bandining “j” kichik bandini quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to'ldirish belgilangan:
“alkogol va tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlarda mahsulotlarning aylanmasi haqiqiy hajmlarining nazoratini amalga oshiradi”.
Bunda, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlarda mahsulotlarning aylanmasi haqiqiy hajmlarining nazoratini amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq, yuqoridagi qaror 1-ilovasi 8-bandining “b” kichik bandida mazkur Inspeksiya:
“iste'mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasi hajmlarini hisobga olish axborot tizimini ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi va aylanmasini nazorat qilish uchun yaratadi, joriy etadi va muvofiqlashtiradi;
axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali iste'mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining haqiqiy ishlab chiqarish hajmlari va aylanmasini monitoring qiladi”, - deb belgilangan.
Ko'rinib turganidek, amaliyotda mazkur masalalar qonunchilikda aniq belgilangan va uni yana qaytadan mazkur loyihada nazarda tutish ehtiyoji mavjud emas.
Shu bois, loyihaning 3-ilovasidan yuqoridagi normani chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
6. Loyiha 3-ilovasining 3-bandi “b” kichik bandiga ko'ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi 707-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Iste'mol va etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash tartibi to'g'risida”gi Nizomning 7-bandini quyidagi mazmundagi “x” kichik band bilan to'ldirish belgilangan:
“iste'mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo'llaniladigan xomashyo va yordamchi materiallar sarfining belgilangan me'yorlariga rioya etish”.
Bunda, mazkur talabni iste'mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda litsenziya talablaridan biri sifatida belgilash nazarda tutilgan.
Ammo, yuqoridagi Nizomning 7-bandi “a” kichik bandiga ko'ra, “iste'mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda(shu jumladan, sifati, saqlanishi va aylanmasiga rioya qilish) qonunchilikka va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga qat'iy rioya qilish” litsenziya talablaridan biri sifatida belgilangan.
Mazkur norma ushbu masalalarni ham to'liq qamrab olganligi hamda uni alohida belgilash zarurati mavjud bo'lmaganligi sababli loyihaning 3-ilovasi 3-bandidan ushbu normani chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
7. Loyiha 3-ilovasining 3-bandi “b” kichik bandiga ko'ra, yuqorida keltirilgan Nizomning 11-bandini quyidagi mazmundagi “e1” kichik band bilan to'ldirish belgilangan:
“iste'mol etil spirtidan (uzum va rezavor meva etil spirtidan tashqari) aroq va likyor-aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uzumning texnik navlarini yetishtirish uchun kamida 100 gektar yer maydoni mavjudligi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi ma'lumotnomasi”.
Bunda, mazkur ma'lumotnomani litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlardan biri sifatida begilash nazarda tutilgan.
Ammo, bu ortiqcha va keraksiz talab bo'lib, amaliyotda sub'ektda yer maydoni mavjudligini aniqlashning boshqa usullari mavjud.
Shu sababli, mazkur normani chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
8. Mazkur loyiha orqali Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi 707-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Iste'mol va etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash tartibi to'g'risida”gi Nizomga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Shu bois, mazkur nizomning bugungi kunda tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan ortiqcha talab va shartlarni nazarda tutuvchi quyidagi normalarini chiqarib tashlash taklif etiladi:
a) ushbu nizomning 7-bandi “s” kichik bandini. Unga ko'ra, “uzumning mevali texnik navlarini yetishtirish uchun kamida 100 gektar plantatsiyasi va vino-konyak mahsulotlarini saqlash va yetiltirish uchun eman bochkalari mavjud bo'lgan tashkilotlar tomonidan tabiiy vino, vinomateriallar va konyak spirtlari ishlab chiqarish hamda uzumni qayta ishlash faoliyatini amalga oshirish” litsenziya talablaridan biri sifatida belgilangan.
Mazkur norma aniq ifodalanmagan, undan aniq norma anglashilmagan. Bundan tashqari, ushbu talablar keraksiz va ortiqcha talablar bo'lib, tadbirkorlik faoliyatini cheklaydi.
Chunki, litsenziat xomashyoni nafaqat o'zi yetishtirishi, balki boshqa yetishtiruvchilardan sotib olishi mumkin.
b) yuqoridagi nizomning 28-bandi va unga mos ravishda boshqa normalar. Mazkur normalarga ko'ra, iste'mol va etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalashda litsenziyani berganlik uchun yillik litsenziya to'lovlari va uning miqdorlari belgilangan.
Biroq, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risida”gi Qonunning 26-moddasiga ko'ra, “Litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji undiriladi”.
Bundan ko'rinadiki, amaldagi qonunchilikda litsenziyani berganlik uchun yillik litsenziya to'lovlari nazarda tutilmagan.
Bu boradagi faoliyat davom etmoqda.
23.12.2019
13:08