Boshqirdiston Respublikasi delegatsiyasining Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida 3.2 mln. AQSh dollarlik shartnoma imzolandi.
Joriy yilning 14 fevral kuni savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, klasterlarni yaratish va rivojlantirish tajribasini o‘rnatish maqsadida Boshqirdiston Respublikasi Savdo va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Davlat Qo‘mitasi raisi Aleksey Gusev boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
Farg‘ona viloyati hokimligida Boshqirdiston Respublikasining delegasiyasi bilan viloyat hokimining o‘rinbosari M.Abdurahmonov va Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i O.Atabaevlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar va kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini belgilab oldilar hamda Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi va Boshqirdiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Ushbu uchrashuv davomida Farg‘ona viloyatida Boshqirdiston Respublikasi Savdo uyini ochish masalasi ham muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Delegasiya vakillari Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi ishlab chiqarish korxonalari, intensiv bog‘lar va meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari faoliyati bilan tanishtirildi.
Bundan tashqari, Boshqirdiston Respublikasi va Farg‘ona viloyatidagi “Uz-Segang” MChJ QK va “Agro Service Asia” MChJ kabi yirik logistika korxonalari o‘rtasida 9 ta hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Kelgusida tashkiliy va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida Boshqirdiston Respublikasi jamoat ovqatlanish uyushmasi va Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri va Oltiariq tumani hokimliklari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Tashrifning natijasida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 3,2 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolandi.
17.02.2020
16:04