Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchisi SSP Namangan viloyat hududiy boshqarmasiga tashrif buyurdi.
2020 yilning 17 fevral kuni Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi favqulotda va muhtor elchisi janob Tim Torlou O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig'i Q.Djamalov, boshqarma boshlig'ining o'rinbosari A.Turg'unov, viloyat “Hunarmandlar uyushmasi” rahbari J.Valiev hamda Investitsiya boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari A.Boymirzaevlar ishtirok etdilar.
Boshqarma boshlig'i Q.Djamalov viloyatimizdagi kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikning jadal suratlarda rivojlanayotgani, viloyatning asosiy yalpi ichki mahsulotning qariyb 80 foizi kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik ulushiga to'g'ri kelishini aytib o'tdi. Boshqarma boshlig'i viloyatni investitsion jozibadorligi va erkin iktisodiy va kichik sanoat zonalari hamda u yerda yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar bo'yicha qisqacha ma'lumot berdi. Shuningdek, Q.Djamalov boshqarma tomonidan chop etilgan “Made in Namangan”, “Namangan viloyatining investitsiyaviy salohiyati” hamda shahar, tumanlarning investitsiya potensiali aks etttirgan jurnallar bilan tanishtirib, janob Tim Torlouga xadya qildi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi favqulotda va muhtor elchisi janob Tim Torlou Namangan viloyatiga tashrifidan asosiy ko'zlagan maqsadiga to'htalib o'tib, Namangan viloyatida Buyuk Britaniya kompaniyalari investitsiyasi mavjud qo'shma korxonalar faoliyati, ularga yaratib berilgan sharoitlar hamda Namangan viloyatining investitsiya potensialini o'rganib, Buyuk Britaniyadagi kompaniyalarga viloyatimizda chet-el investorlariga yaratilgan sharoitlar haqida ma'lumotlarni yetkazib, O'zbekiston va Buyuk Britaniyalik ishbilarmonlar o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga ko'maklashish ekanligini aytib o'tdi. Shu bilan birga, janob Tim Torlou 2020 yil 15 mayda Londonda bo'lib o'tadigan Biznes forumga viloyatdagi tadbirkorlar delegatsiyasini taklif etdi.
Uchrashuv so'ngida bugungi kunda O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi hamkorlik yangicha mazmun kasb etganligini hamda keyingi davrda o'zaro aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish lozimligi to'g'risida mamnuniyat bilan ta'kidlab o'tdilar.
O'zSSP Axborot xizmati
18.02.2020
10:26