Tadbirkorlik subyektiga 450mln so'm kompensatsiya puli undirib berildi.
"Abbos Frez" MChJ poytaxtimizning Olmazor tumanida savdo faoliyatini amalga oshirishga ixtisoslashgan, umumiy maydoni 102 kv.m ega ikki qavatli binodan egalik huquqi asosida foydalanib kelgan.
Mahalliy hokimiyatning bu yerda tadbirkorlik mavzesini tashkil etish haqidagi qaroriga muvofiq tadbirkorlik subyektiga tegishli savdo binosi buzilishga tushgan va mulk mustaqil baholovchining xulosasiga ko'ra 450 mln so'm atrofida baholangan.
Buzilgan bino uchun kompensatsiya to'lovlari tegishli mutassadilar tomonidan amalga oshirilmaganligi sababli tadbirkorlik subyekti O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga muammoni hal qilishni so'rab murojaat qilgan.
Savdo-sanoat palatasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi "Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo'yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to'g'risida"gi 97-sonli Qaroriga muvofiq tadbirkorlik subyektiga 450 mln so'm kompensatsiya to'lovlarini o'tkazib berishda amaliy yordam berishni so'rab javobgarga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat ijobiy hal etilmaganligi sababli Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyekti foydasiga kompensatsiya to'lovlarini undirish haqidagi da'vo arizasi bilan Toshkent tumanlararo sudiga murojaat qiladi.
Kiriltilgan da'vo arizasi to'liq qanoatlantirdi va tadbirkorlik subyekti foydasiga jami 450 000 000 so'm kompensatsiya to'lovlari undirib berildi.
20.02.2020
13:43