Savdo-sanoat palatasida Palata huzuridagi huquqiy masalalar bo‘yicha Ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida tadbirkorlik sohasidagi lisenziya va ruxsatnomalarni kamida 2 barobarga qisqartirish lozimligini ta'kidlab o‘tdi. Ushbu masala yuzasidan tadbirkorlik sub'ektlari fikrlarini aniqlash maqsadida joriy yilning 4 mart kuni Savdo-sanoat palatasida Palata huzuridagi huquqiy masalalar bo‘yicha Ekspert kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi hamda unda 200 dan ortiq tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda bank, mikrokredit tashkilotlar, qimmatli qog‘ozlar bozori, sug‘urta, lotereya sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar mazkur sohalarda mavjud bo‘lgan lisenziya va ruxsatnomalarni qisqartirish, ularni berish jarayonini soddalashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini hamda bir qator takliflarni bildirishdi. Xususan, mikrokredit sohasida faoliyat yuritaetgan ayrim tadbirkorlar ushbu faoliyat uchun lisenziya shart degan fikrni bildirgan bo‘lsalar, shu sohaning boshqa vakillari esa lisenziyalash tartibini soddalashtirish hamda lisenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek bekor qilishni faqat sud tartibida amalga oshirilishini belgilab qo‘yish lozim degan fikrni bildirishdi. Shuningdek, tadbirkorlar lombardlar faoliyati uchun lisenziyani bekor qilgan holda xabardor qilish tartibini joriy qilish bo‘yicha takliflarni bildirib o‘tishdi.
Bundan tashqari, sug‘urta sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar tomonidan mazkur yo‘nalishda lisenziya zarurligi, biroq sug‘urta brokeri uchun lisenziyani bekor qilish lozimligi ta'kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Savdo-sanoat palatasi Raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov tadbirkorlarning taklif va mulohazalari yig‘ilish Bayniga kiritilishini hamda tegishli tashkilotlarga yuborilishini ma'lum qildi.
05.03.2020
13:57