ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi majlisi bo'lib o'tdi
Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) 15 yillik faoliyati davomida nufuzli mintaqaviy tuzilma, samarali va ochiq ko‘p tomonlama birlashma sifatida nom qozondi. Xususan, xavfsizlik sohasida a’zo-davlatlarning o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirishga oid umumiy manfaatlarining mos kelishi ShHT yutuqlari hamda uning jahonda tezkor sur’atlarda o‘zgarib borayotgan vaziyatga uzviy moslashuvining omillaridan biriga aylandi.
ShHT tarkibiga Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi kiradi. Shuningdek, Belorussiya, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Eron, Pokiston va Afg‘oniston kuzatuvchilar maqomiga ega. 2015 yilda ShHT tizimida tashkilot tarkibiga Hindiston va Pokistonni qabul qilish tartib-tamoyili ishga joriy etildi.
2015 yilning 11 iyulidan boshlab ShHTga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ShHTga raisligi davrida raisligi davrida izchil mustahkamlash, o‘zaro rivojlantirish, ShHTga a’zo davlatlarning manfaatlariga javob beradigan hamkorlik tamoyillariga asoslanib, Tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzi muttasil ravishda o‘sishini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirdi.
Jumladan, ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish, Tashkilot doirasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot sohalarida o‘zaro hamkorlikni va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga doir salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Tashkilotga a’zo davlatlarning birdamlikdagi sa’yi-harakatlari bilan Tashkilot doirasida, avvalo, zamonaviy xavfsizlikka tahdidlar va da’vatlarga qarshi kurashish sohasida o‘zaro manfaatli ko‘p tarmoqli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan bosqichma-bosqich ish olib borilmoqda.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston ildamlik bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, ShHT davlatlarining bozorlarida talab etilgan sanoat mahsulotlarining o‘zaro ta’minotlarini kengaytirish, o‘zaro savdoni rag‘batlantirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, mazkur sohada boshqa tadbirlarni amalga oshirish kabi masalalarni ilgari surish bilan bir qatorda, ShHT davlatlari o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikning tubdan rivojlanishi, o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va tarmoqlarida, avvalo, hozircha sezilarsiz darajada o‘zlashtirilgan, ulkan salohiyatlar mavjud yuksak texnologik sohada o‘zaro manfaatli loyihalar va dasturlarning amalga oshirilishini ko‘zlamoqda.
Bu borada ShHT Ishbilarmonlar kengashi imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishga katta e’tibor berilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 yanvardagi PQ-2476 sonli “Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo-davlatlar rahbarlarining Kengashi majlisiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ShHTda raisligi doirasida boshqa tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, joriy yil 23 iyunь kuni ShHT sammiti arafasida Toshkentda ShHT Ishbilarmonlar kengashi Boshqaruvining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Ishbilarmonlar kengashi 2006 yil 14 iyunda Shanxay shahrida (Xitoy) ta’sis etilgan bo‘lib, ShHTga a’zo davlatlarning biznes-jamiyatlari vakillarini birlashtiradi. Tashkilotning maqsadi ishbilarmonlik va moliya doiralari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va muloqotni yo‘lga qo‘yish, ko‘p tomonlama loyihalarning amaliy ilgari surilishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
ShHT Ishbilarmonlar kengashi Boshqaruvi majlisi ishida ShHT Bosh kotibi, ShHT Ishbilarmonlar kengashi Ijrochi kotibi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Tojikiston Respublikasi nomidan ShHT Ishbilarmonlar kengashi milliy qismlari raislari ishtirok etdilar.
2016 yilda ShHT muloqoti bo‘yicha a’zo davlatlar, kuzatuvchilar va hamkorlarning biznes tuzilmalari vakillarining Tashkilot faoliyatiga faol qo‘shilishi ShHT Ishbilarmonlar kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishiga aylandi.
Yig‘ilish davomida faoliyatni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, mintaqa davlatlarining iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali yaqin istiqbolda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish ustuvorliklari va asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinib, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, transport va logistika, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ko‘rgazma va yarmarkalar faoliyati, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalarini hamkorlikda rivojlantirish orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning turli jihatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, kengash ishtirokchilari tomonidan ShHT davlatlarida o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlar, xususan, muntazam ravishda xalqaro forum, ko‘rgazma va yarmarkalarni tashkillashtirish va ularda biznes vakillarining ishtirokini ta’minlash orqali, ShHT davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada mustahkamlash ahamiyati qayd etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi
Matbuot xizmati
24.06.2016
09:20