O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Rayosatining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani, mazkur yig‘ilish qarori bilan Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosarini lavozimiga saylash masalasi ko‘rib chiqilganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga ko‘ra Palata raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari Palata raisining taqdimnomasiga ko‘ra Palata Rayosati tomonidan lavozimga tayinlaninishi belgilangan.
Savdo-sanoat palatasi Raisi A.Ikramovning taqdimnomasiga ko‘ra raisning vakant bo‘lgan o‘rinbosari lavozimiga Toshpo‘latov Farhodjon Murodovich nomzodi ilgari surilgan.
Rayosat a'zolari tomonidan ushbu nomzod bir ovozdan ma'qullandi va lavozimiga tayinlandi.
F.Toshpo‘latov 1980 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Turli yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida faoliyat olib borgan. U 2019-2020 yillarda Farg‘ona viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu lavozimda ishlagan O‘tkir Butaev Qashqadaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan mazkur lavozim vakant edi.
02.06.2020
18:16