SSP tomonidan Toshkent viloyatidagi tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati o‘rganildi
Yurtimizda xususiy tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishning huquqiy mexanizmlari va kafolatlarini yanada mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalarini yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Chunki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik - iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Koronavirus pandemiyasi davrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish maqsadida, 2020 yilning 4 iyun kuni, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov, Palataning boshqarma boshlig‘i A.Seytekov, Toshkent viloyat hududiy boshqarma boshlig‘i U.Akbarov, Tadbikorlikka ko‘maklashish markazlari, tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi vakillari ishtirokida Toshkent viloyatining Chirchiq shahri, Bo‘stonliq va Qibray tumanlaridagi tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati, ularning muammolari va koronavirus pandemiyasi davrida karantin qoidalariga amal qilgan holda ishni tashkil etganligi o‘rganildi.
Hususan, Bo‘stonliq tumanida faoliyat yuritayotgan “Axmed Teks Ximvolokno Savdo“ MChJ va “Ismoil Farzonabonu” FX, Qibray tumanida faoliyat yuritayotgan “Navruz International” MChJ va “Imkon Plus” MChJ, Chirchiq shahrida faoliyat yuritayotgan “Dainty Tekstil” MChJ va “Kapital Taksi Plus” MChJlar tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida faoliyatini qanday tashkil qilinganligi va karantin qoidalariga rioya etilishi holati o‘rganildi. Ushbu tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan karantin qoidalariga rioya etgan holda faoliyatlari tashkil qilinganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, karantin qoidalariga rioya etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi hamda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan muammolar muhokama etilib, ularni hal etish masalalari belgilab olindi.
Bunday amaliy choralar tadbirkorlik faoliyatini davomiy bo‘lishiga ko‘mak beradi. Tadbirlar davom etmoqda. Saytimizni kuzatib boring.
04.06.2020
18:59