Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 580 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni (ID-20847) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
Loyiha 1-moddasining 13-bandiga ko‘ra, Fuqarolik prosessual kodeksi (keyingi o‘rinlarda FPK)ning 249-moddasini quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirish belgilangan:
“Sud qarori qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi kerak. U faqat sud majlisida muhokama qilingan dalillarga asoslangan bo‘lishi mumkin”.
Bunda, sud qarorining faqat sud majlisida muhokama qilingan dalillarga asoslangan bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Bundan tushuniladiki, sud qarori sud majlisida muhokama qilinmagan dalillarga ham asoslanishi mumkin.
Yoki, ushbu normadan sud qarori faqat sud majlisida muhokama qilingan dalillarga asoslanmasligi mumkin, degan ma'no ham anglashilishi mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, ushbu norma amaliyotda turlicha talqin qilinishi, oqibatda esa, turli tushunmovchilik va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, yuqoridagi normani quyidagi tahrirda bayon qilish maqsadga muvofiq:
“Sud qarori qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi kerak. U faqat sud majlisida muhokama qilingan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozim”.
Loyiha 1-moddasi 31-bandiga ko‘ra, FPKni quyidagi mazmundagi 3851-modda bilan to‘ldirish belgilangan.
Apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e'tiboran bir oylik muddat ichida beriladi.
Belgilangan muddat o‘tkazilib berilgan shikoyat (protest), uni bergan shaxsga qaytariladi.
Agarda apellyasiya shikoyati (protesti) sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e'tiboran ikki oy ichida berilgan bo‘lsa, shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddat birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan tiklanishi mumkin.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi masala mazkur Kodeksning 155-moddasi tartibida hal qilinadi”.
Ushbu kiritilayotgan yangi normaga ko‘ra, apellyasiya shikoyati (protesti) sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e'tiboran ikki oy ichida berilgandagina o‘tkazib yuborilgan muddat tiklanishi, ushbu muddat o‘tgach berilgan shikoyat bo‘yicha muddatlar (uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa ham) tiklanmasligi nazarda tutilgan.
Vaholangki, FPKning amaldagi tahririga ko‘ra, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashda aniq bir muddat qat'iy belgilanmagan.
Yuqoridagi norma esa, shikoyat berishdan manfaatdor bo‘lgan shaxslar huquqlari himoyasining kafolatlarini cheklaydi.
Zero, shikoyat berishdan manfaatdor bo‘lgan shaxslar tomonidan shikoyat berish muddati uzrli va asosli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, ushbu o‘tkazib yuborilgan vaqt qancha bo‘lishidan qat'iy nazar, uning tiklanishi adolatli va haqqoniy bo‘ladi.
Shu bois, loyihada bunday cheklovchi normalarni nazarda tutish maqsadga muvofiq emas.
Bundan tashqari, yuqoridagi normaga ko‘ra, apellyasiya shikoyati berishda o‘tkazib yuborilgan muddat birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan tiklanishi mumkin.
Biroq, bu amaliyotda birinchi instansiya sudi tomonidan apellyasiya shikoyati berish muddatini tiklashda suiiste'molchilik va sansalorlikka yo‘l qo‘yilishiga olib kelishi mumkin.
Qolaversa, loyihada keltirilgan 4051-moddaga ko‘ra, kassasiya shikoyati (protesti) keltirish muddatini tiklash kassasiya instansiyasi tomonidan hal etilishi belgilangan.
Bunda ko‘rinadiki, bir-biriga o‘xshash bo‘lgan holatlarda ushbu masalalarga turlicha yondoshilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, apellyasiya va kassasiya shikoyati (protesti) keltirish muddatini tiklash masalalari tegishli ravishda apellyasiya va kassasiya instansiyalari tomonidan hal etilishini belgilash maqsadga muvofiq.
Loyiha 1-moddasining 34-bandiga ko‘ra, FPK 393-moddasini yangi tahrirda bayon etish belgilangan.
Unga ko‘ra, apellyasiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish tartibi bo‘yicha yangicha normalar nazarda tutilgan.
Mazkur normaning amaldagi tahririga ko‘ra, “apellyasiya shikoyati bergan shaxs apellyasiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar shikoyatni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki undan voz kechishga haqli. Bunday voz kechish qonunga zid bo‘lmasa yoki birovning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga xilof bo‘lmasa, sud uni qabul qilishi mumkin”.
Lekin, taklif etilayotgan normada shikoyatni qaytarib olish qonunga zid bo‘lmasa yoki birovning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga xilof bo‘lmasa, uni amalga oshirish mumkinligi nazarda tutilmagan.
Bu esa, bunday qaytarib olish uchun boshqa shaxslar tomonidan ta'sir o‘tkazilgan va bu boshqa shaxslarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan holatlarda ham apellyasiya shikoyatini qaytarib olinishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois, ushbu normani amaldagi tahrirda qoldirish maqsadga muvofiq.
Loyiha 1-moddasi 36-bandiga ko‘ra, FPK 396-moddasi birinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etish belgilangan:
“Apellyasiya instansiyasi sudi apellyasiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ishning haqiqiy holati aniqlanganligining to‘liqligini hamda birinchi instansiya sudi tomonidan ish yuzasidan ish yuritishni amalga oshirishda moddiy va prosessual qonunlarning to‘g‘ri qo‘llanilganligini, ishda mavjud bo‘lgan va qo‘shimcha muhokama qilingan dalillarga asosan sud qarorlarining qonuniyligini va adolatliligini tekshiradi”.
Ushbu normaning amaldagi tahririga ko‘ra esa, “Sud ishni apellyasiya tartibida ko‘rayotganda sud hujjatlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi. U yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin”.
Ko‘rinib turganidek, amaldagi tahrirda sud tomonidan ishlar apellyasiya tartibida ko‘rilganda yangi dalillarni o‘rganishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkinligi belgilangan.
Taklif etilayotgan tahrirda esa, ushbu masala aniq belgilanmagan.
Bu esa, amaliyotda turli noaniqliklarni keltirib chiqaradi.
Shu sababli, mazkur normaning taklif etilayotgan tahririda ishlar apellyasiya tartibida ko‘rilganda yangi dalillarni o‘rganish va yangi faktlarni aniqlash mumkinligini belgilash maqsadga muvofiq.
Loyiha 1-moddasi 43-bandiga ko‘ra, FPK 400-moddasini yangi tahrirda bayon etish belgilangan.
Unga ko‘ra, mazkur moddani 3-5-qismlar bilan to‘ldirish belgilangan.
Mazkur Xulosaning 3-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, yuqoridagi moddadan 3-5-qismlarni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Loyihaning 1-moddasi 45-bandiga ko‘ra, FPK 403-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish belgilangan:
“403-modda. Kassasiya shikoyati (protesti) berish huquqi
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar bundan mustasno, apellyasiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori hamda apellyasiya instansiyasining ajrimi ustidan kassasiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Sud qarorlari ustidan to‘liq yoki qisman shikoyat qilinishi mumkin”.
Bunda ko‘rinadiki, kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan berilishi mumkin. Ya'ni, birinchi instansiyaning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan u apellyasiya instansiyasida ko‘rilmasdan turib kassasiya tartibida shikoyat (protest) kiritib bo‘lmaydi.
Biroq, mazkur norma FPKning boshqa ko‘plab normalari bilan nomuvofiqliklarni keltirib chiqaradi.
Umuman, loyihada sud instansiyalarida ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zaro qarama-qarshi normalar belgilangan.
Xususan, kassasiya instansiyasida faqat apellyasiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrim ko‘rilishi mumkinligi yuqoridagi normada belgilangan.
Loyiha 1-moddasi 31-bandida keltirilgan FPKning
3851-moddasiga ko‘ra esa, “Apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e'tiboran bir oylik muddat ichida beriladi”.
Yuqoridagi normalar tahlilidan ko‘rinadiki, yuqoridagi 1 oy ichida apellyasiya shikoyati (protesti) berishga ulgurmagan shaxs, hal qiluv qarori, ajrim ustidan yuqori instansiyaga boshqa hech bir shikoyat qila olmaydi.
Chunki, uning shikoyati kassasiya tartibida ko‘rilishi uchun avval apellyasiya tartibida ko‘rilgan bo‘lishi kerak, ammo u apellyasiya berish muddatini o‘tkazib yuborgan.
Shu bois, loyihaning apellyasiya va kassasiya tartibida ish yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan normalarini qayta ko‘rib chiqish lozim.
Loyiha 1-moddasining 48-bandiga ko‘ra, FPKni 4051-modda bilan to‘ldirish belgilangan.
Uning 2-qismiga ko‘ra esa, “Agarda kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tgandan uch oydan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa hamda o‘tkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzurli deb topilsa, shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati kassasiya instansiya sudining sud'yasi tomonidan tiklanishi mumkin”, - deb belgilangan.
Mazkur Xulosaning 3-bandi 1-kichik bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, yuqoridagi normadan “Agarda kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tgandan uch oydan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa hamda” so‘zlarini chiqarib tashlash zarur.
Loyiha 1-moddasining 60-bandiga ko‘ra, FPK 413-moddasini yangi tahrirda bayon etish belgilangan.
Unga ko‘ra, kassasiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish tartibi bo‘yicha yangicha normalar nazarda tutilgan.
Mazkur Xulosaning 4-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, yuqoridagi normani amaldagi tahrirda qoldirish maqsadga muvofiq.
Loyihaning 1-moddasi 61-bandiga ko‘ra, FPK 415-moddasining ikkinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etish belgilangan:
“Kassasiya instansiyasi sudi kassasiya shikoyati (protesti) bilan kelib tushgan ishni kassasiya shikoyatini (protestini) ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran ikki oydan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak. O‘ta murakkab ishlar bo‘yicha kassasiya instansiyasining ajrimi bilan ushbu muddat ko‘pi bilan yana bir oyga uzaytirilishi mumkin”.
Bundan ko‘rinadiki, loyihadagi normalar o‘rtasida yana o‘zaro nomuvofiqliklar mavjud. Yuqorida keltirilgan normada kassasiya shikoyati (protesti) kelib tushgan kundan e'tiboran ikki oydan kechiktirmasdan ko‘rilishi kerak, deb belgilangan bo‘lsa, mazkur normada esa, ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran ikki oydan kechiktirmay ko‘rib chiqish kerakligi nazarda tutilgan.
Loyihada normalarning o‘zaro qarama-qarshi belgilanishi yuridik jihatdan mutlaqo noto‘g‘ridir.
Shu sababli hamda mazkur Xulosaning 9-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, yuqoridagi normada keltirilgan muddatlarni taklif etilgan muddatlarga moslashtirish lozim.
Loyiha 1-moddasi 62-bandiga ko‘ra, FPK 416-moddasini quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Kassasiya instansiyasi sudi yangi dalillarni o‘rganib chiqish va yangi faktlarni aniqlash huquqiga ega emas”.
Biroq, mazkur normaning kiritilishi asoslantirilmagan.
FPKning amaldagi tahririga ko‘ra, kassasiya instansiyasida sud yangi dalillarni o‘rganib chiqish va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.
Yuqoridagi norma esa, shaxslar huquqlari himoyasining cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois, mazkur normani chiqarib tashlash zarur.
Apellyasiya va kassasiya doirasida ishlarni ko‘rish doiralarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Shunda, fikrimizcha, ma'muriy, iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha umumiy qoida sifatida quyidagilarni belgilash maqsadga muvofiq:
apellyasiya va kassasiya instansiyalarida faqatgina qonuniy kuchga kirmagan qarorlarning qonuniyligi ko‘rib chiqilishi;
apellyasiya shikoyati (protesti) bir oy muddatda, kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi qarori chiqqan kundan boshlab ikki oy muddat ichida keltirilishi;
apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori ustidan kassasiya shikoyati (protesti) keltirilmagan taqdirda kassasiya shikoyati (protesti) keltirish uchun belgilangan ikki oy muddat o‘tgandan so‘nggina qonuniy kuchga kirishi va ijroga qaratilishi;
qonuniy kuchga kirgan sud qarori faqat yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishi;
Shunday qilib, sud qarorlarining qonuniyligi ular qonuniy kuchga kirgunga qadar uch oy ichida apellyasiya va kassasiya instansiyalarida qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.
Loyihalar hajmi juda kattaligi hamda muddatlar qisqa bo‘lganligi tufayli takliflar bo‘yicha takomillashtirilgan loyihalar yuzasidan qo‘shimcha takliflar beriladi.
07.09.2020
16:50