Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning asosiy natijalari va bu boradagi muhim vazifalar buyicha Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Qashqadaryo viloyatida uchrashuv o‘tkazdi.
Qashqadaryo viloyati hokimligida «Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning asosiy natijalari va bu boradagi muhim vazifalar» bo‘yicha Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Utkir Butaev, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Farxodjon Toshpo‘latov shahar(tuman) hokim o‘rinbosarlari, bank xodimlari va OAV vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvni Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O‘.Butaev ochib berdi.
O‘tkir Butaev o‘z nutqida viloyat mehmonlariga Qashqadaryoning salohiyati, ishlab chiqarish quvvati va turizm sohalarining rivoji haqida xamda viloyatda tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.
Ma'lumki, koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlar, shu jumladan hunarmandchilik sub'ektlarini imkon qadar har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ular faoliyatiga pandemiyaning ta'sirini yumshatish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rib kelinmoqda.
"Xabarlaringiz bor, Davlatimiz rahbari tomonidan karantin talablariga qat'iy rioya qilgan holda iqtisodiyot tarmoqlair, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlarining uzluksiz faoliyat yuritishini ta'minlash, shuningdek faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan korxonalar faoliyatini to‘liq tiklash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan", deydi viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Butaev Utkir Umirovich.
Qashqadaryo viloyatining tuman (shahar)lari kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, holat quyidagicha: Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish va biznesga keng jalb etish bo‘yicha Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan mavjud imkoniyat va rezervlar hisobiga 2020 yilda 6,2 mingta yangi kichik biznes sub'ektlari tashkil etish belgilab olingan. Ta'kidlash kerakki, pandemiya bo‘lishiga qaramasdan bo‘sh yer va binolar savdosi tashkil etilayotganligi, shuningdek dasturlar bo‘yicha kreditlash uzluksiz davom etayotganligi va pandemiya davri uchun ham alohida yengilliklar yaratilayotganligi tufayli yangi korxonalar tashkil etilishi to‘xtab qolgani yo‘q. Xususan, joriy yil yanvar'-avgust oylarida 3 339 ta sub'ekt tashkil etilgan (prognoz ijrosi 74%). Shuningdek, ulardan 439 tasi oilaviy korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Qashqadaryo viloyatida hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha ham ichki imkoniyatlar keng. O‘tgan davr mobaynida viloyatda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi va qator ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan: Usta hunarmandlar soni 2 992 taga etdi, shundan 1 029 tasi joriy yilda shakllandi. Shogirdlar soni 3 976 taga etdi, shundan 1 404 tasi joriy yilda shakllandi. Yaratilgan ish o‘rinlari soni 6 928 taga etdi, shundan 2 433 tasi joriy yilda yaratildi. Joriy yilda qo‘shimcha ajratilgan 50 mln. AQSh dollarini 2020 yil yakuniga qadar o‘zlashtirish bo‘yicha 23,9 mlrd so‘mlik (shundan,bank krediti 19,9 mlrd.) 452 ta hunarmandchilik loyihalari dasturi tasdiqlangan deb ta'kidlab o‘tdi hokim o‘rinbosari.
Xokim o‘rinbosarining nutqidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Raisi o‘rinbosari Toshpo‘latov Farxodjon Murodovich ham so‘zga chiqib Qashqadaryoning tadbirkorlik salohiyati va imkoniyatlarini shu jumladan kamchiliklarini ham sanab o‘tdilar.
F.Toshpo‘latov o‘z nutqida Qarshi shahridagi «Odina» majmuasi haqida so‘z yuritib, u yerdagi o‘zgarishlar haqida fikr mulohaza bildirdilar. Kashtachilik, gilamdo‘zlik, kulolchilik, miniatyura yo‘nalishidagi namunaviy hunarmandlar ustaxonasini barpo etilishi, ushbu yo‘nalishda shogirdlar sonini oshirishga ko‘mak beribgina qolmay, hunarmandlarga berilayotgan yana bir imkoniyat ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Farxodjon Toshpo‘latov tuman hokimlari o‘rinbosarlari bilan hududdagi tadbirkorlik sub'ektlarini tugatish emas, ularni qayta tiklash borasida samarali ishlar olib borish masalasini ham muxokama etdi.
Barcha hududlar uchun bir xil imkoniyat yaratilgan, shu bois Soliq va Bandlik organlari tadbirkorlar sonini ko‘paytirish jarayonida har bir kichik biznes sub'ekti hisobiga yaratiladigan yangi ish o‘rinlari sonini 3.5 – 3.7 birlikka yetkazishi lozimligni ta'kidladi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Farxodjon Toshpo‘latov.
Tadbir davomida soha mutaxassislari so‘zga chiqib viloyatda sanoat korxonalari birinchi yarim yillik faoliyat tahlillari,kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga ko‘mak berish borasida qilinayotgan ishlar haqida taqdimot orqali tushuntirish berib o‘tdilar. OAV vakillari ham qatnashib o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
10.09.2020
17:21