“Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi Qonun Senat tomonidan ma'qullandi
2020 yil 11 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferentsaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisda hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Parlament yuqori palatasi a'zolari tomonidan 16 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqildi. “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi va senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Qonun bilan quyidagi masalalar qamrab olingan:
- xalqaro arbitrajni tashkil etish va tugatish tartibi, nizolar turlari, davlat sudlarining arbitraj sudi faoliyatiga aralashish chegarasi;
- arbitraj muhokamasini yuritish tartibi;
- arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish asoslari hamda boshqa masalalar.
Ushbu qonun:
- ilk bor O‘zbekistonda xalqaro tijorat nizolarini ko‘rib chiqishning huquqiy asoslari yaratadi;
- xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlik sub'ektlarining nizolari xorijiy davlatlarda emas, balki ortiqcha sarf-xarajatsiz o‘zimizda hal etilishiga imkon yaratadi;
- mamlakatimizning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga va xorijiy investorlarning qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi;
- tashqi iqtisodiy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rishda bir qator qulayliklar yaratib, muddatlar va sud xarajatlarini qisqartirishga imkon beradi
- xorijiy investorlarning mamlakatimiz sud-huquq tizimiga nisbatan ishonchini yanada oshiradi.
Ma'qullangan Qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e'lon qilingach rasmiy kuchga ega bo‘ladi.
12.09.2020
13:17