Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 599 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alkogol' mahsulotlari bilan chakana savdo qilish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol' mahsulotlarini sotishni xabardor qilish tartibida amalga oshirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti to‘g‘risida”gi Qarori (ID-21172) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-ilovasining 18-bandi birinchi xatboshisiga ko‘ra, “Yuridik shaxsning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, shuningdek, ixtisoslashuvi va joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, xabardor qiluvchi o‘n ish kuni mobaynida tegishli ma'lumotlarni davlat xizmatlari markazlariga taqdim etadi”.
Ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi PF-6044-son Farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari “Lisenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Bunda, yuridik shaxsning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, shuningdek, ixtisoslashuvi va joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, bu ma'lumotlarni vakolatli organ o‘zaro elektron axborot almashish tizimi orqali olishi mumkin. Ya'ni, “Lisenziya” axborot tizimini tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro‘yhatidan o‘tkazuvchi organ elektron axborot tizimiga integratsiyalash orqali amalga oshirish mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib, loyiha 1-ilovasining 18-bandi birinchi xatboshisini chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.
2. Loyihada nazarda tutilgan normalardan anglashilmoqdaki, tadbirkorlik sub'ekti vakolatli organni xabardor qilgandan so‘ng tasdiqnoma olishi lozim. Ya'ni tadbirkorlik sub'ekti xabardor etish tartibidagi faoliyatni vakolatli organning tasdiqnomasini olgandan so‘ng amalga oshirishi mumkin.
Biroq, shuni e'tiborga olish lozimki, xabardor qilish tartibida tadbirkorlik sub'ekti vakolatli organni xabardor qilgandan so‘ng amalga oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, xorijiy tajriba, jumladan Qozog‘iston Respublikasining “Ruxsatnoma va xabarnomalar to‘g‘risida”gi Qonuni 46-moddasi 4-bandida ariza beruvchi tegishli xabarnomani yuborganidan so‘ng faoliyatni yoki ma'lum harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihani tadbirkorlik sub'ekti vakolatli organga xabarnoma yuborgan vaqtdan boshlab faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega ekanligini nazarda tutuvchi band bilan to‘ldirish lozim.
3. Loyiha 2-ilovasi 1-bandi “a” kichik bandida Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari 57-bandini quyidagi tahrirda bayon qilish taklif etilmoqda:
“Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish belgilangan tartibga vakolatli organni xabardor qilganligi to‘g‘risidagi tasdiqnoma asosida va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassalardan, shuningdek bank plastik kartochkalaridan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallaridan, shuningdek, elektron hisob-fakturadan majburiy tartibda foydalangan holda yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Mahalliy pivo mahsulotlari, ko‘piklanadigan va tabiiy vinolar alkogol' mahsulotlarini realizasiya qilish huquqini beruvchi tasdiqnoma bo‘lmasdan turib barcha savdo tashkilotlari - yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassalardan, shuningdek bank plastik kartochkalaridan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallaridan, shuningdek, elektron hisob-fakturadan majburiy tartibda foydalangan holda yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 05 fevraldagi PF-5656-sonli “Alkogol' va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni 3-bandiga muvofiq mahalliy pivo mahsulotlari, ko‘piklanadigan va tabiiy vinolarni realizasiya qilishda barcha savdo korxonalari, shuningdek, mehmonxonalar xizmatlarini, hamda umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun alkogol' mahsulotlarini realizasiya qilish huquqini beruvchi ruxsat etish guvohnomasini olish talabi bekor qilingan.
Ta'kidlash lozimki, ushbu Farmonda “barcha savdo korxonalari” bu faqat yuridik shaxslar ekanligi belgilanmagan.
Shuningdek, Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom (Adliya vazirligida 1 04.09.2008 yilda 1850-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan) 1-bandi beshinchi xatboshisiga ko‘ra, “savdo va xizmat ko‘rsatish korxonasi - ekvayer bank bilan tuzilgan bitimga muvofiq tovar (ish yoki xizmat)lar uchun bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan to‘lovlarni qabul qilish majburiyatini oluvchi mahsulot sotuvchi, ish bajaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor”.
Bundan tashqari, mahalliy pivo mahsulotlari, ko‘piklanadigan va tabiiy vinolarni realizasiya qilish yashirin iqtisodiyot hissasini kamaytirish imkonini berishi mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib, mahalliy pivo mahsulotlari, ko‘piklanadigan va tabiiy vinolarni realizasiya qilish huquqini yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham berish lozim.
4. Alkogol' mahsulotlari bilan chakana savdo qilish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol' mahsulotlarini sotishni xabardor qilish tartibida amalga oshirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti loyihasi 1-ilovasida tadbirkorlik sub'ektining bir qator ma'lumotlarni taqdim qilishi belgilangan.
Ta'kidlash lozimki, bu navbatdagi byurokratik tartib-taomilni nazarda tutmoqda.
Vaholanki aksariyat ma'lumotlarni vakolatli organ tadbirkorlik sub'ektining davlat ro‘yhatidan o‘tgan raqami yoki STIR orqali olishi mumkin.
Shu sababli, loyihada tadbirkorlik sub'ektining faqat STIR yoki davlat ro‘yhatidan o‘tgan raqamini taqdim etishini belgilab qo‘yish maqsadga muvofiq.
15.09.2020
10:14