Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 646 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori (ID-20950) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1.Loyiha 4-bandiga ko‘ra, “Markazga tenderlar yoki tanlov savdolari o‘tkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan xalqaro akkreditasiya talablari asosida sinovlarni tashkil qilish uchun zamonaviy sinov uskunalari va o‘lchov vositalarini sotib olishga, transport xizmatlari, xalqaro akkreditasiyadan o‘tish xarajatlari, laboratoriya binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va boshqa xizmatlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga, istisno tariqasida, ruxsat berilsin”.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-son Farmoni 27-bandi bilan vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlangan.
Shu sababli, loyiha 4-bandini chiqarib tashlash lozim.
2. Loyiha 9-bandiga ko‘ra, “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021 yil 1 yanvardan yagona davlat reestriga kiritilmagan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini, 2021 yilning 1 yanvariga qadar ishlab chiqarilgan va import qilingan texnikalar bundan mustasno, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasligi belgilansin”.
Loyihaning mazkur bandida 2021 yil 1 yanvardan yagona davlat reestriga kiritilmagan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasligi belgilanmoqda.
Birok, shuni ta'kidalash lozimki, ushbu loyihani ishlab chiqish uchun asos hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 iyundagi PQ-4760-son qarorining 8-bandi 6-xatboshisida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yagona davlat reestriga kiritilmagan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari va butlovchi qismlarini yetkazib berganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun (2021 yilning 1 yanvariga qadar ishlab chiqarilgan va import qilingan texnikalar bundan mustasno) javobgarlikni belgilash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi qarorda 2021 yil 1 yanvardan yagona davlat reestriga kiritilmagan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik talabi ko‘yilmagan.
Shuningdek, 2020 yil 27 iyundagi PQ-4760-sonli qarorining 2-bandida “import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qo‘llash va ularning ishonchlilik (sifat) ko‘rsatkichlarini tekshirish maqsadida barcha turdagi qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari majburiy tartibda sinovdan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanishga tavsiya qilinganqishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reestriga (keyingi o‘rinlarda — yagona davlat reestri) kiritilgan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalaridan respublikada ekinlarni yetishtirishda foydalanishga ruxsat etiladi; ”, - deb belgilangan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini majuburiy tartibda sinovdan o‘tkazishdasifati past va talabga javob bermaydiganqishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari aniqlansa, mazkur texnikalardan respublika hududida ekinlarni yetishtirishda foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini sertifikatlash va sinash jarayonida tabdirkorlik sub'ektlari uchun mukrakabbliklar va sansolarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida loyiha 9-bandini chiqarib tashlash lozim.
3.Loyihaning 3-ilovasida “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) to‘g‘risida”gi Nizom loyihasi bilan Markazning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va mas'uliyatini belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuni tak'kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 1 avgustda 214-son Qarori bilan “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi”ning Ustavi va “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi tomonidan, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasining yangi turlarini qo‘llagan holda, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish texnologiyalari sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan bo‘lib, bunda Markazning faoliyatini tashkil etish tartibi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari, javobgarligi,faoliyatini boshqarish bo‘yicha batafsil tartib belgilangan.
Bunda ko‘rinib turibdiki mazkur “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasini tasdiqlash amaliyotda ushbu yo‘nalishdagi munosabatlarni takroran tartibga solib, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8-avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5505-sonli Farmonida “davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusiga faqatgina ushbu organlarning ko‘tarilayotgan masalalar yoki muammolarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan amaldagi normalar va ma'muriy tartib-taomillar orqali hal qilish vakolati bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi”, - deb belgilangan.
Shuningdek, ushbu loyihani ishlab chiqish uchun asos hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 iyundagi PQ-4760-son qarorida «O‘zstandart» agentligiga Qishloq xo‘jaligi vazirligibilan kelishgan holda quyida vazifalarni amalga oshirish yuklatilgan:
qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari bo‘yicha tarmoq standartlarining ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta'minlash;
qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda amaldagi standart hamda me'yorlarga muvofiq qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining turi bo‘yicha sinov dasturlarini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash;
laboratoriya asbob-uskunalari va o‘lchov vositalariga ega bo‘lgan xususiy tashkilotlarni qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalariga sertifikat berish uchun akkreditasiyadan o‘tkazish tartibini ishlab chiqish.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga «O‘zstandart» agentligi bilan birgalikda quyidagilar vazifalarni amalga oshirish yuklatilgan:
2020 yil 15 dekabrga qadar qishloq xo‘jaligi texnikalarini sinash va sertifikatlash bo‘yicha xalqaro tajribadan kelib chiqib, Markazning sinov laboratoriyalari xalqaro akkreditasiyadan bosqichma-bosqich o‘tkazilishini ta'minlash;
Toshkent viloyati hokimligi va qurilish-loyiha tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda Markazning moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash va modernizasiya qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
Bundan ko‘rinib turibdiki, 2020 yil 27 iyundagi PQ-4760-son qarorida amaldagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi”ning Ustavi va Nizomini yangi tahrirda qayta tasdiqlash nazarda tutilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini sertifikatlash va sinash jarayonida tabdirkorlik sub'ektlari uchun murakabbliklar va sansolarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida loyihaning
3-ilovasi bilan taklif etilayotgan “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi to‘g‘risida”gi Nizomni qabul qilishning maqsadga muvofiqlik masalasini qayta ko‘rib chiqish lozim.
4.Loyihaning 4-ilovasi 8-bandiga ko‘ra, “Taqdim qilingan hujjatlar Markaz tomonidan 10 kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Zarurat tug‘ilganda, ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi tomonidan qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim qilinishi mumkin”.
Loyihaning mazkur bandida “Kishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reestri”ga (keyingi o‘rinlarda Reestr) kiritish uchun ishlab chiqaruvchi va import qiluchilardan zarurat bo‘lganda qo‘shimcha ma'lumotlar olish nazarda tutilmoqda.
Biroq, mazkur bandda ishlab chiqaruvchi va import qiluchilardan talab qilinadigan qo‘shimcha ma'lumotlarning aniq ro‘yxati va turlari ko‘rsatib o‘tilmagan.
Bu esa, amaliyotda Reestrga kiritish uchun ishlab chiqaruvchi va import qiluchilardan har qanday ma'lumotlarni asossiz talab qilinishiga asos yaratib, turli suiiste'molik va sansolarliklarga sabab bo‘ladi.
Shu bois, loyihaning 4-ilovasi 8-bandida ishlab chiqaruvchi va import qiluchilardan talab qilinadigan qo‘shimcha ma'lumotlarning aniq ro‘yxati va turini ko‘rsatib o‘tish lozim.
5. Loyihaning 4-ilovasi 10-bandiga ko‘ra, “Traktorlar va o‘zyurar mashinalar reestrga 3 yil, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari 2 yil muddatga kiritiladi”.
Loyihaning mazkur bandida, “Kishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reestri”ga traktorlar va o‘ziyurar mashinalar reestrga 3 yil, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari 2 yil muddatga kiritish nazarda tutilmoqda.
Shuni ta'kidlash lozimki, 2020 yil 27 iyundagi PQ-4760-son qaroriga muvofiq Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O‘zstandart» agentligi, 2020 yil 1 dekabrga qadar muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan va davlat sinovlaridan o‘tgan “import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi hamda melioratsiya texnikalarining yagona davlat reestri”ni yaratish vazifasi yuklatilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Reestrga faqatgina muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan va davlat sinovlaridan o‘tgan import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi hamda melioratsiya texnikalarini kiritish belgilangan.
Mazkur holatda, shunga alohida e'tibor qaratish lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 6 iyuldagi 318-sonli Qaroriga muvofiqchetdan olib kelinayotgan va respublikada ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati 3 yil muddatga beriladi, muddat tugaganidan so‘ng muvofiqlik sertifikati belgilangan tartibda qayta rasmiylashtiriladi.
Shu bois, Reestrga traktorlar va o‘ziyurar mashinalarni, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalarini ma'lum bir muddat belgilab berish orqali kiritish noo‘rin va noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki, yuridik nuqtai nazardan, Reestrga kiritilayotgan traktorlar va o‘zyurar mashinalari, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalariga berilgan muvofiqlik sertifikatlarining amal qilish muddati Reestrni shakllantirish uchun yotarli asos bo‘ladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalarini Reestrga kiritishda turli to‘siqlar va byurokratizmga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida loyihaning 4-ilovasi 10-bandini chiqarib tashlash lozim.
02.10.2020
13:09