Bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabr'dagi PQ-4850 sonli “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020-2022 yillarda o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilarga quyidagi shartlarda ijara to‘lovining “nol'” stavkasi qo‘llaniladi.
• o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yer uchastkalarida yangidan barpo etilgan va ijaraga berilgan yong‘oq mevali bog‘lar (pista, bodom, yong‘oq) va tez o‘suvchi daraxtlar (pavloniya, terak) plantasiyalari egallagan maydonlarga –
5 yil davomida;
• o‘rmon fondining cho‘l hududlarida joylashgan, suv bilan ta'minlanmagan va o‘rmon bilan qoplanmagan yerlari o‘zlashtirilib, cho‘l o‘simliklari (saksovul, cherkez, qandim, qoraburoq) plantasiyalari barpo etilganda –
10 yil davomida;
• o‘rmon fondining suv bilan ta'minlanmagan va o‘rmon bilan qoplanmagan yerlari o‘zlashtirilib, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat ekinlari (dukkakli, moyli, boshoqli ekinlar, sabzavot, poliz) va dorivor o‘simliklar plantasiyalari barpo etilganda – tegishlicha 1 yil va 3 yil davomida.
2021 yil 1 yanvardan boshlab ijarachilar aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz shaxslarni ishga qabul qilgan taqdirda, ularga ish haqi to‘lash xarajatlarini qoplash uchun – 6 oy davomida o‘rtacha ish haqining 50 foizi miqdorida, biroq har oy uchun bazaviy xisoblash miqdorining 2 barobaridan oshmagan miqdorda subsidiya to‘lanadi.
Qaror bilan O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Konsepsiyaga ko‘ra, 2030 yilga kelib:
• o‘rmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga, shundan o‘rmon bilan qoplangan yerlarni 6 million gektarga;
• tayyorgash hajmini yiliga 840 tonnaga;
• asalari oilalari sonini 300 mingtaga;
• qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini yiliga 32 ming tonnaga;
• dorivor o‘simliklar yetishtirish hajmini yiliga 11,6 ming tonnaga yetkazish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qarorga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan o‘rmonchi” faxriy unvoni ta'sis etilishi belgilandi.
16.11.2020
14:37