652-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mazmun-mohiyati
“Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–652-son, 01.12.2020 y.) mazmun-mohiyati
Qonun bilan 2019-yil 9-dekabrda qabul qilingan “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘RQ–589-sonli Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
“2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra:
Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqni ko‘paytirish (yetishtirish) uchun foydalaniladigan suv hajmlari bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020-yil uchun belgilangan stavkalardan 50 foizga pasaytirildi.
2020-yil 1-apreldan 2020-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrda umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotini chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘im to‘lashdan ozod qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, soliq to‘lovchilarga ayrim hollarda soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari bo‘yicha foizsiz kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan (xizmat ko‘rsatiladigan), aksiz solig‘i solinadigan tovarlarga (xizmatlarga) aksiz solig‘i stavkalariga o‘zgartishlar kiritildi.
Soliq kodeksi 3 moddadan iborat 72-bob bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yilning alohida sharoitlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqlidir:
1) ushbu Kodeksda va 2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va yig‘imlar (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i va yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq mustasno) stavkalarini o‘zgartirish;
2) ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar, shu jumladan ular bo‘yicha bo‘nak va joriy to‘lovlar hamda yig‘imlarni to‘lash muddatlarini uzaytirish;
3) soliq, moliyaviy hisobotlarni va (yoki) soliqlarni hisoblab chiqarish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni, shuningdek ularni taqdim etmaganlik (o‘z vaqtida taqdim etmaganlik) uchun javobgarlikni qo‘llamaslik asoslari va (yoki) shartlarini taqdim etish muddatlarini uzaytirish;
4) soliqlar, penyalar va jarimalarni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish, shuningdek ularni berish tartibi va shartlarini qayta ko‘rib chiqish;
5) soliqlar, yig‘imlar, penyalar va jarimalarni to‘lash to‘g‘risidagi talabnomalarni jo‘natish va ijro etish muddatlarini, shuningdek soliqlar, yig‘imlar, penyalar, jarimalarni undirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish muddatlarini uzaytirish;
6) soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i va yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq mustasno) soliq imtiyozlarini berish;
7) soliqlar, penyalar va jarimalarni majburiy undirish choralarini to‘xtatib turish.
Shuningdek, soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foizsiz to‘lashni kechiktirishning yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashni qo‘llashning va alohida sharoitlarda soliq majburiyatlarini bajarishning vaqtinchalik tartibi belgilandi.
Vaqtinchalik soliq imtiyozlari berilib, jumladan 2020-yil 1-oktyabrgacha bo‘lgan davr uchun foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish imkoniyati berilgan davrda hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi jami daromad tarkibiga kiritilmasligi ko‘rsatildi.
Qonun mazmun-mohiyati to‘g‘risida tayyorlangan taqdimot bilan qo‘yidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
11.12.2020
09:18