“STARTAP TASHABBUSLARI” Dasturi 33 ta startap loyihalarini ishga tushirishda yordam beradi
33 ta jamoa maxsus tanlovning uchta bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, endilikda 8 avgust kunidan boshlanadigan yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan uch oylik dasturda ishtirok etishi kutilmoqda.
Dasturga AKT va ma’lumot xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, transport va yo‘l infratuzilmasi, tibbiyot, moliya va to‘lov tizimlari, “aqlli uy”, tekstil va moda, “Internet of Things” (“Narsalar interneti”), restoran biznesi, ta’lim, huquqshunoslik” va boshqa shu kabi sohalarga taalluqli loyihalar kiritildi.
Yosh startap loyihachilarni nihoyatda boy, keng ko‘lamli dastur kutmoqda. Ushbu dastur doirasida “kamchiqim startap” (“Lean Startup”) uslubiyati, loyihani rivojlantirish borasida maxsus yo‘l xaritasini tuzish, prototip yaratish, dastlabki sotuvlarni tashkil etish kabilar haqida ma’lumot beriladi. Dastur jarayonida ishtirokchilar “trekerlar” (ya’ni, jamoaning rivojlanishini kuzatuvchi va jamoa oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish masalalari bo‘yicha unga tegishli tavsiyalar beruvchi tajribali ustozlar) bilan maslahatlashishi hamda har haftalik “trekshn-uchrashuvlar”, ya’ni “trekerlar” bilan loyiha rivojlanishi masalalarini muhokama etish uchun tashkil etiladigan yig‘ilishlarda qatnashib, o‘z xatolarini belgilashi, ularni o‘rganib bartaraf etish imkoniga ega bo‘ladi.
Mazkur uch oylik dastur yakunlari asosida loyiha mualliflari o‘z ishlarini “Demo Day”, ya’ni taqdimot kunida potentsial sarmoyadorlarga, investorlarga taqdim etishi kutiladi.
Eslatib o‘tish lozimki, ushbu dasturga tanlov joriy yilning boshida ochiq deb e’lon etilgan edi. Dastur ochilishidan uch oy o‘tar-o‘tmas Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi 33 ta oliy ta’lim muassasadan 308 ta ariza qabul qilindi. Dastlabki tanlov natijalari asosida 196 loyiha tanlab olinib, ushbu loyiha mualliflari bilan suhbat o‘tkazildi. Ushbu mualliflarning 66 nafari loyihalarni taqdim etish qobiliyat va ko‘nikmalarini rivojlantirish mavzusiga bag‘ishlangan maxsus treninglarda qatnashib, yakka tartibda tajribali “trekerlar” bilan yaqindan ishlashga muvaffaq bo‘ldi. 57 ta loyiha yakuniy bosqichga o‘tib, ekspertlar jamoasi ishtirokidagi kengaytirilgan taqdimot yig‘ilishida muhokama etildi. Yig‘ilishga taklif etilgan ekspertlar turli vazirlik va davlat idoralari, xususiy sektor, NNT va boshqa turdagi tashkilotlar vakillari bo‘lib, taqdim etilgan loyihalarni rivojlantirish yuzasidan o‘z tavsiya va maslahatlarini berdi.
- Bu dastur menda nihoyatda katta qiziqish uyg‘otdi, chunki biznes yuritish haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni, muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan suhbatlashishni, ulardan o‘rnak olish, tajribasidan foydalanishni juda istardim, - deydi dasturning yakuniy bosqichiga o‘tgan ishtirokchi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Shuxrat Agzamov. Biz oldin ham startap yaratish bo‘yicha biroz tajriba orttirganmiz. Birinchi loyihamiz “Dovezu.uz” ilovasi bo‘lgan. Bu loyihani ishga tushirganimizda biznes haqidagi bilimlarimiz yetarli emas edi, shuning uchun ham birinchi loyihamizning kamchiliklari ko‘p edi. Mazkur dastur doirasida biz o‘z loyihamizni “rebrending” qilish, unga yaxshiroq nom tanlash, uning konsepsiyasini yanada takomillashtirib, loyihani qayta ishga tushirishni rejalashtirganmiz.
Shuxrat kabi tirishqoq yoshlarga barcha kerakli yordamni berish maqsadida dastur mutaxassislari yaqin va uzoq xorijda “akseleleratsiya dasturlari” borasida orttirilgan ilg‘or tajribalarni yaxshilab o‘rganib chiqdi. Xususan, “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” loyihasining mutaxassisi Oliy iqtosodiyot maktabi biznes inkubatori va Internet tashabbuslarini rivojlantirish jamg‘armasi (ITRJ) tomonidan tashkil etilgan Yozgi maktab ishida qatnashdi.
ITRJ Rossiya hukumati startapl loyihalarini qo‘llab-quvvatlashining eng yorqin misollaridan biridir. Hajmi 6 milliard rublga teng bo‘lgan ITRJ o‘z ishini 2013 yilda boshlab, hozirgi kungacha jamg‘arma dasturlarida 8,5 mingdan ortiq loyiha ishtirok etib, jamg‘arma portfelida 200 ortiq kompaniya mavjud. Mazkur tashkilot startap sohasida qonunchilik bazasini yaratish borasida ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib keladi, jumladan, u hozirda venchur bozorlarini o‘rganmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘zining ma’ruzasida ta’kidlaganidek “bugungi kunda AKT ulushi butun dunyo YaIMining tahminan 5,5 foizini tashkil etsa, nufuzli xalqaro ekspertlar baholashiga ko‘ra 2020 yilga kelib mazkur ko‘rsatkich 9 foizdan oshadi. Masalan, Koreyaning YaIMida AKTning ulushi 11,8 foizdan oshadi, Shvetsiyada – 7, AQShda – 6,8 foizni tashkil etadi”. 2015 yilning yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston YaIMida AKT ulushi qariyb 2 foizni tashkil etadi.
Loyiha ekspertlari xalqaro biznez inkubatorlar va akseleratorlar tajribasini chuqur o‘rganib chiqib, mazkur sohadagi ta’lim dasturlaridan foydali ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘ldi. Orttirilgan bilim va ko‘nikmalar orqali, qolaversa o‘zining boy tajribasiga tayangan holda loyiha jamoasi keng ko‘lamli ta’lim dasturini ishlab chiqib, startap loyihalarni amalga oshirish uchun lozim bo‘lgan uslubiy material va andozalarni yaratdi.
Loyiha tomonidan ishlab chiqilgan startaplarni boshlang‘ich bosqichda qo‘llab-quvvatlash borasidagi uslubiyati nafaqat O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalarida, balki xususiy sektorida ham keng qo‘llanilib, yanada takomillashtirilishi kutiladi. Keyichnalikda mazkur uslubiyat oliy ta’lim va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik tizimi va mehanismini takomillashtirishga, ishlab chiqarish va oliy ta’lim sohalarini uyg‘unlashtirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga hamda mamlakat YaIMida AKT ulushini sezilarli darajada oshirishga yordam berishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, loyiha doirasida jamoatchilikni startaplar haqida yanada kengiroq va chuqurroq xabardor qilish, mamlakatda texnologik tadbirkorlik, ya’ni innovatsion g‘oyaga asoslangan yangi biznesni boshlash sohasidagi ilg‘or yondashuvlarning keng tarqalishiga yordamlashishga qaratilgan bir qator keng ko‘lamli chora-tadbirlar rejalashtirilgan.
Aytib o‘tish joizki, mazkur tashabbus O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” qo‘shma loyihasi doirasidagi inklyuziv biznes modellarini ilgari surish yo‘nalishining bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda. Loyihaning mazkur yo‘nalishi yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarning bandligini ta’minlash, mamlakat aholisining farovonligini oshirish kabi maqsadlarga bag‘ishlangan. Dasturga Janubiy Afrikaning “Sasol” kompaniyasi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Evropa Ittifoqining “Boshqaruv kadrlaini tayyorlash dasturi” moliyaviy yordam ko‘rsatadi.
O'zSSP Matbuot xizmati
08.08.2016
16:53