Iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashish: seleksiya va urug‘chilikning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari sifatli pomidor yetishtirishda ayrim muammolarga duch kelmoqdalar. Iqtisodiy jihatdan qulay, issiq va quruq iqlim sharoitimizda kasallik va zararkunandalardan katta zarar ko‘rmasdan yuqori hosil olish, yaxshi urug‘ yoki ko‘chatlarni topish fermerlar va dehqonlar uchun murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. Albatta, bu borada ilm ahli, seleksiyachilar izlanishlar olib bormoqdalar, ammo afsuski, aksariyat chetdan olib kelingan navlar bizning iqlim sharoitimizga mos kelmaganligi tufayli ko‘pincha hosildan kutilgan natija olinmayapti. Qolaversa, O‘zbekistonga olib kelinayotgan import pomidor navlarining deyarli barchasi duragaylar bo‘lganligi sababli, fermerlar ulardan kelgusi yillarda ekish uchun yuqori sifatli urug‘larni ololmaydilar. Bunday holatdan kelib chiqib “Nima qilish kerak?”, degan tabiiy savol tug‘iladi.
Mazkur muammoning yechimini Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasi taqdim qilmoqda. Stansiya olimlari ko‘p yillik izlanishlardan so‘ng, seleksiya yo‘li bilan xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan qurg‘oqchilik, kasallik va zararkunandalarga chidamli, serhosil pomidor navlarini yaratishga muvaffaq bo‘ldilar. Ushbu navlarning afzalligi shundaki, ular bizning iqlimimizga to‘la moslashgan bo‘lib, ularning gullari va mevalari yuqori haroratda ham to‘kilib tushmaydi.
Ta’kidlash joizki, Andijon tajriba stansiyasi Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturining hamkorlikdagi hamda Rossiya Fedaratsiyasini moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida o‘tkazilgan biznes-tashabbuslar tanlovining g‘olibi bo‘lgan va unda korxona texnik ko‘makni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashish choralaridan biri bo‘lgan pomidor seleksion urug‘chiligining texnik bazasini mustaxkamlash orqali mahalliy moslashtirilgan navlarni ommalashtirish taklifi bilan qatnashgan.
"Navlar yaratildi, ammo ularni ommalashtirish uchun murakkab urug‘chilik jarayoniga alohida e’tibor qarartish kerak. Ushbu jarayon o‘z ichiga korxonamizning moddiy texnika ba’zasining imkoniyati yetarli bo‘lmagan urug‘larni ajratish, quritish, saralash, tuksizlantirish, tozalash, dezinfeksiyalash va qadoqlash kabi butun boshli texnologik jarayonlarni qamrab oladi. Tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritishimz orqali biz zamonaviy texnik jihozlash muammosini hal eta oldik”, - deydi korxona rahbari Shermuhammad Aminov.
Mazkur tashabbus doirasida loyiha tomonidan Andijon shahridagi tajriba stansiyasiga pomidor urug‘ini qayta ishlash va qadoqlash uchun kerakli uskunalar yetkazib berildi va kuni kecha korxona tomonidan ular o‘rnatilib, jihozlar ilk sinovdan o‘tkazib ko‘rildi.
Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida 28 ta, shu jumladan 30% ayollar uchun, yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan. Eng asosiysi bunda fermerlarning chet elnikiga nisbatan arzonroq bo‘lgan hamda o‘zimizning iqlim sharoitimizga moslashtirilgan, yuqori sifatli urug‘lardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlaridir.
Joriy yilning fevral oyidan boshlab issiqxonaga ko‘chat ekish ishlari boshlanishi, keyinroq esa ko‘chatlar ochiq dalaga ko‘chirib o‘tkazilishi, hosil pishib yetilgach esa urug‘larni qayta ishlash va qadoqlash liniyasi to‘liq quvvatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Kelajakda ushbu tashabbus tufayli mahalliy pomidor navlarimiz o‘zlarining ajoyib ta’m va sifatlari hamda mo‘l hosillari bilan ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarning mehrini qozona oladilar, deb umid qilamiz.
08.02.2021
12:45