Banklarning ichki auditiga qoʼyiladigan yangi talablar ishlab chiqilmoqda
Markaziy bank tomonidan yangi tahrirdagi Tijorat banklarining ichki auditiga qoʼyiladigan talablar toʼgʼrisidagi nizom loyihasi muhokamaga qoʼyildi.
Nizom «Oʼzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʼgʼrisida»gi va «Banklar va bank faoliyati toʼgʼrisida»gi qonunlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
Loyihani tayyorlashda Bank nazorati boʼyicha Bazelь qoʼmitasining «Banklarda ichki auditga oid tamoyillar»i hamda Ichki auditorlar institutining Ichki auditning xalqaro kasbga oid standartlari, shuningdek bir qator xorijiy mamlakatlarning tajribalari oʼrganib chiqildi.
Banklarda tavakkalchiliklarga asoslangan ichki auditni oʼtkazishni tashkil etishda, auditorlik tekshiruvini rejalashtirish va oʼtkazishda bankning risk-profili, shu jumladan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi holati va yirik tavakkalchiliklar hisobga olinishi lozim.
Shu bilan birga, mustaqillik va xolislik tamoyillariga muvofiq ichki audit xizmati xodimlaridan auditorlik tekshiruvi chogʼida manfaatlar toʼqnashuvi kelib chiqishiga yoʼl qoʼymaslik, bank faoliyatidagi kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish va bank faoliyati samaradorligini oshirish boʼyicha takliflarni ishlab chiqish talab etiladi.
Bundan tashqari, korporativ boshqaruv standartlariga muvofiq tijorat banklarida mustaqil tarkibiy boʼlinma sifatida ichki audit xizmati faoliyatini tashkil etish maqsadida bank auditi kuzatuv kengashi, boshqarmasi va qoʼmitasining vazifalari va majburiyatlari batafsil belgilanmoqda.
Shuningdek nizom loyihasida Markaziy bank va bank ichki auditi xizmati oʼrtasida oʼzaro aloqalar samaradorligini taʼminlash maqsadida alohida normalar kiritilmoqda.
Loyiha oʼzgartirilishi, unga qoʼshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Manbaa: Norma.uz
12.02.2021
12:21