Jamoatchilik ekspertizasi oʼtkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida.
“Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʼgʼrisida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari oʼtkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning oʼtgan davri mobaynida 96 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan koʼrib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalaridagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartib-taomillari toʼgʼrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori (ID-28360) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan oʼtkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1.Loyiha 1-ilovasi bilan Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalaridagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartib-taomillari toʼgʼrisidagi yagona Nizom (keyingi oʼrinlarda Nizom)ni tasdiqlash belgilangan.
Koʼrinadiki, bunda, faqat ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishni maxsus elektron tizim orqali amalga oshirish tartibi va u bilan bogʼliq normalargina aks ettirilishi lozim.
Biroq, Nizomda ushbu loyiha predmeti hisoblanmaydigan, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tartibga soluvchi qonunda toʼgʼridan-toʼgʼri belgilanishi lozim boʼlgan masalalar ham keltirilgan.
Xususan, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish sohasida qoʼllaniladigan asosiy tushunchalar, faoliyatni amalga oshirish talablari va shartlari, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʼxtatib turish, bekor qilish va tugatish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi davlat nazorati va javobgarlik, ruxsat berish tartib-taomillarining oʼzi xos xususiyatlari, vakolatli organlar qarorlariga (hatti-harakatlariga) nisbatan maʼmuriy shikoyat berish va uni koʼrib chiqish tartibi va boshqalar.
Taʼkidlash lozimki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF-5505-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Kontseptsiyasining 7-bandida toʼgʼridan-toʼgʼri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish belgilangan.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
24 avgustdagi PF–6044-sonli Farmoni 15-bandi “a” kichik bandiga koʼra, yuqorida keltirilgan masalalar “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʼgʼrisida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʼgʼrisida”gi qonunlarni birlashtirish yoʼli bilan ishlab chiqiladigan yaxlit qonun loyihasida belgilanishi nazarda tutilgan.
Shundan kelib chiqib, yuqorida keltirilgan masalalarni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tartibga soluvchi qonunda belgilash, loyihada esa faqatgina maxsus elektron tizim bilan bogʼliq masalalarni nazarda tutish maqsadga muvofiq.
2.Loyihada faqatgina ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni maxsus elektron tizim orqali amalga oshirish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.
Biroq, shuni eʼtiborga olish lozimki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi PF–6044-sonli Farmoni 15-bandi “b” kichik bandida Аdliya vazirligiga 2021 yil 1 fevralga qadar litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish maqsadida ularning pasportlarini ishlab chiqish va kodifikatsiyalash boʼyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklangan.
Yaʼni, Farmonda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari boʼyicha pasportlarni ishlab chiqish va kodifikatsiyalash boʼyicha bitta normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek litsenziyalash va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni maxsus elektron tizim orqali berish tartibi mazmunan bir xil ekanligini inobatga olib, loyihani “Maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi toʼgʼrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori loyihasi (ID-28345) bilan birlashtirish hamda unda faqat litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishni maxsus elektron tizim orqali amalga oshirish tartibini nazarda tutish lozim.
3.Nizom 13-bandi 2-xatboshiga koʼra, “Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni koʼrib chiqqanlik va/yoki berganlik, amal qilish muddatini uzaytirganlik, qayta rasmiylashtirish uchun davlat boji undirilmaydi”, - deb belgilangan.
Biroq, Nizomning 26-ilovasi 7-bandida filьmni ommaviy namoyish etishga bir martalik ruxsatnoma berilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobari miqdorida davlat boji undirilishi belgilangan.
Koʼrinadiki, bunda normalar oʼrtasida oʼzaro nomuvofiqliklar yuzaga kelgan. Bu esa, yuridik nuqtai nazardan mutlaqo notoʼgʼridir.
Shu sababli, Nizomning 26-ilovasi 7-bandini chiqarib tashlash lozim.
4.Nizom 16-bandiga koʼra, “Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yoki berishni rad etish toʼgʼrisidagi qaror pasportlarning 8-bandida belgilangan muddatlarda qabul qilinadi”, - deb belgilangan.
Biroq, ayrim pasportlarda, xususan, Nizomning 1, 11-12, 17, 35, 42, 46, 47, 48-ilovalarida arizani koʼrib chiqish va qaror qabul qilish muddatlari koʼrsatilmagan.
Bu esa, amaliyotda turli noaniqliklar va tushunmovchiliklarga, muddatlarning asossiz ravishda uzaytirilishiga olib keladi.
Shu bois, har bir pasportda arizani koʼrib chiqish va qaror qabul qilish muddatlari aniq koʼrsatib oʼtish lozim.
5.Nizomning ayrim ilovalarida, xususan, 7, 21-22, 25-28, 32-34, 39, 45-ilovalarda ruxsatnoma (xulosa, qaror, sertifikat, rozilik va boshqa) berilganligi uchun yigʼim undirilishi belgilangan.
“Davlat boji toʼgʼrisida”gi Qonunning 3-moddasi birinchi qismiga koʼra, “Davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy toʼlovdir”.
Shuningdek, mazkur Qonunning 5-moddasi 14-bandiga koʼra, faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga doir litsenziyalar va ruxsatnomalar berganlik uchun davlat boji undirilishi belgilangan.
Bundan koʼrinadiki, uchun yigʼim undirilishini belgilash mazkur Qonun talablariga ziddir.
Yuqoridagilarni inobatga olib, loyihaga tegishli oʼzgartirishlar kiritilishi lozim.
6.Nizomning ayrim ilovalarida, misol uchun, 16, 25, 33, 38, 40, 42, 45-49-ilovalarda ruxsatnoma (xulosa, qaror, sertifikat, rozilik va boshqa)ning amal qilish muddati koʼrsatilmagan.
Nizomning 6-bandida esa, “Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat pasportlarning 8-bandida nazarda tutilgan muddatga bir marta va(yoki)lik harakatni bajarish va (yoki) faoliyatni amalga oshirish uchun beriladi”, - deb belgilangan.
Аvvalo, mazkur normaning oʼzi aniq ifodalanmagan, undagi maʼno anglashilmagan.
Bundan tashqari, pasportlarning 8-bandida mazkur normada aytilganidek ruxsat beruvchi hujjatlarning amal qilish muddati emas, balki Nizomning
16-bandida aytilganidek, arizalarni koʼrib chiqish va qaror qabul qilish muddatlari belgilangan.
Koʼrinib turibdiki, Nizom va uning ilovalarida ruxsat beruvchi hujjatning amal qilish muddatlari mavhum boʼlib, aniq belgilanmagan.
Bu esa, amaliyotda tadbirkorlik subʼektlariga turli noqulayliklarni keltirib chiqarishi bilan birga, tushunmovchiliklar hamda suiisteʼmolchilik holatlarini ham keltirib chiqaradi.
Shu bois, Nizom va uning ilovalariga tuzatishlar kiritish, ruxsat beruvchi hujjatning amal qilish muddatlarini koʼrsatish lozim.
7.Shu bilan birga, ruxsat beruvchi hujjatlarning ayrim oʼziga xos alohida xususiyatga ega (misol uchun, bir martalik) boʼlganlaridan boshqa barcha turlarini cheklanmagan muddatga berish masalasini koʼrib chiqish maqsadga muvofiq boʼlar edi (xususan, 3-4, 18-19, 22, 27, 30-32, 50-ilovalarda nazarda tutilgan ruxsat beruvchi hujjatlarni cheklanmagan muddatga berish).
8.Nizomning 2-ilovasi 11-bandida harakatlanadigan tarkibning umumiy foydalanadigan temir yoʼllarga chiqishi uchun ruxsat berishda ruxsat beruvchi hujjatning amal qilish muddati 1 yildan oshiq boʼlmagan muddat qilib belgilangan.
Biroq, muddatning bu shaklda noaniq qilib belgilanishi amaliyotda mazkur normaning turlicha qoʼllanilishiga hamda bir xil hujjatning turlicha muddatlarga berilishiga olib kelishi mumkin. Buni esa, korruptsiya va suiisteʼmolchilik holatlariga olib keluvchi maʼmuriy toʼsiq sifatida baholash mumkin.
Аmaliyotda bu kabi salbiy holatlarga yoʼl qoʼymaslik maqsadida, mazkur muddatning aniq chegarasini aniqlashtirish maqsadga muvofiq.
9.Nizomning 4-ilovasi 5-bandiga koʼra, ixtisoslashgan soʼyish korxonalarida hayvonlarni soʼyish, hayvonotga mansub mahsulot va xomashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish faoliyatiga veterinariya-sanitariya xulosasini olishda talabgor tomonidan quyidagi hujjatlarni ham taqdim etish belgilangan:
obʼekt nomi, hayvon turlari;
v) ixtisoslashgan soʼyish korxonasi uchun uning joylashish sxemasi”.
Biroq, bunda amaldagi tartibda nazarda tutilmagan, qoʼshimcha va ortiqcha talablarni belgilash nazarda tutilgan.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 139-sonli Qarori (hozirda amalda boʼlgan) 1-2-ilovalariga koʼra, tegishli veterinariya-sanitariya xulosasini olish uchun ariza hamda xonalar va inshootlarning qurilish, texnik va ishlab chiqarish tavsifi toʼgʼrisidagi, shuningdek binolarning oʼz mulki yoki ijaraga olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari taqdim etilishi, bundan ortiq hujjatlarning talab qilinishiga yoʼl qoʼyilmasligi belgilangan.
Koʼrinib turibdiki, yuqoridagilar ogʼirlashtiruvchi holatlarni nazarda tutadi va bu hozirgi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga mutlaqo ziddir.
Shu bois, Nizomning 4-ilovasi 5-bandidan mazkur talablarni chiqarib tashlash lozim.
10.Nizomning 4-ilovasi 9-bandi “g” kichik bandiga koʼra, ixtisoslashgan soʼyish korxonalarida hayvonlarni soʼyish, hayvonotga mansub mahsulot va xomashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish faoliyatini amalga oshirishning talablari va shartlaridan biri sifatida ixtisoslashgan soʼyish korxonalarida hayvonlarni suyishda alohida ixtisoslashgan soʼyish korxonasining mavjudligi belgilangan.
Koʼrinib turganidek, bunda mantiqsiz talab nazarda tutilgan. Yaʼni, ixtisoslashgan soʼyish korxonalari hayvonlarni soʼyish faoliyati bilan shugʼullanish uchun tashkil etiladi. Demakki, bu faoliyat bilan bevosita oʼzi shugʼullanadi. Tegishli xulosani olish uchun esa, unga alohida ixtisoslashgan soʼyish korxonasining mavjudligi talabi qoʼyilmoqda.
Bu esa, umuman keraksiz talab boʼlib, ortiqcha maʼmuriy toʼsiqlarni nazarda tutadi.
Shu sababli, Nizomning 4-ilovasi 9-bandidan “g” kichik bandni chiqarib tashlash lozim.
11.Nizom 6-ilovasi bilan Bino va inshootning tashqi koʼrinishini oʼzgartirishni kelishishning pasportini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi
PF–6044-sonli Farmoni 5-ilovasi 28-bandida bino va inshootning tashqi koʼrinishini oʼzgartirishni kelishishni rad etishning aniq asoslarini belgilash lozimligi koʼrsatilgan.
Shu bois, ushbu Pasportda bino va inshootning tashqi koʼrinishini oʼzgartirishni kelishishni rad etishning aniq asoslarini belgilash lozim.
12.Nizom 10-ilovasi bilan Oʼrnatilgan texnologik jarayonlar va asbob-uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solish boʼyicha normativ hujjat talablariga muvofiqligi toʼgʼrisidagi xulosa Pasportini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Biroq, uning 8-bandida arizani koʼrib chiqish va qaror qabul qilish muddati belgilanmagan.
Nizom 16-bandiga koʼra esa, “Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yoki berishni rad etish toʼgʼrisidagi qaror pasportlarning 8-bandida belgilangan muddatlarda qabul qilinadi”, - deb belgilangan.
Аrizani koʼrib chiqish va qaror qabul qilish muddatining belgilanmasligi amaliyotda mazkur muddatlarning asossiz ravishda choʼzilib ketishiga, tadbirkorlik subʼektlari murojaatlarining vaqtida koʼrib chiqilmasligiga olib keladi.
Shu bois, ushbu bandda arizani koʼrib chiqish muddatini aniq koʼrsatib oʼtish zarur.
13.Nizom 11-ilovasi bilan Аvtomobillarga yonilgʼi quyish shoxobchasi neftь mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, hisobini yuritish va tarqatish talablariga muvofiqligi toʼgʼrisida xulosa berish pasportini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Uning 11-bandi xulosaning amal qilish muddati deb nomlangan boʼlib, maxsus Xulosaning bir martalik berilishi belgilangan. Yaʼni, bunda uning cheklanmagan muddatga amal qilish yoki qilmaslik masalasi ochiq qoldirilgan.
Vaholangki, ushbu Pasportning 2-bandiga koʼra, bunday Xulosa avtomobillarga yonilgʼi quyish shoxobchasi neftь mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va tarqatish faoliyatini amalga oshirish uchun beriladi va bu faoliyat cheklanmagan muddatda amalga oshiriladi.
Shu sababli, mazkur Pasportning 11-bandida Xulosaning amal qilish muddatini cheklanmagan muddat deb koʼrsatish lozim.
14. Nizom 15-bandi bilan Sanoat uchun ahamiyatini yoʼqotgan yoki keyinchalik oʼtkazilgan geologiya-qidiruv ishlarida yoxud konni ishga solishda tasdiqlanmagan foydali qazilma zaxiralarini yer osti boyliklaridan foydalanuvchining hisobidan chiqarish toʼgʼrisida qarorni berish pasportini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Uning 8-bandida arizani koʼrib chiqish va qaror qabul qilish muddati
3 oy qilib belgilangan, shuningdek, 6-7-bandlarida arizani koʼrib chiqish va qaror chiqarilganligi uchun yigʼim undirilmasligi koʼrsatilgan.
Biroq, 12-bandda keltirilgan izohning 1-bandida “Materiallarni koʼrib chiqish muddati yer qaʼridan foydalanuvchi bilan tuzilgan shartnomada belgilanadi. Koʼrsatilgan ish turlari va xizmatlar narxlari DZK qarori bilan tasdiqlanadi”, - deb belgilangan.
Koʼrinib turganidek, ushbu normadan maʼno va mazmun aniq anglashilmagan. Undagi “materiallarni koʼrib chiqish muddati” va “koʼrsatilgan ish turlari va xizmatlar narxlari DZK qarori bilan tasdiqlanadi” jumlalari qanday munosabatlarni ifodalashi aniq emas.
Qolaversa, mazkur norma yuqorida keltirilgan 6-8-bandlar talablariga zid boʼlganligi bois, normalar oʼrtasida oʼzaro qarama-qarshilik yuzaga kelgan.
Shu sababli, 12-banddan 1-kichik bandni chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.
15.Nizom 17-ilovasi bilan Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma berishning pasportini tasdiqlash belgilangan.
Uning 9-bandida ruxsatnoma talablari va shartlari koʼrsatilgan.
Biroq, mazkur talablar va shartlar aniq belgilanmagan. Bunday talab va shartlar belgilangan qonunchilik hujjatlariga havolalar keltirilmagan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi
PF–6044-sonli Farmoni 1-bandi 3-xatboshida litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish, davlat xizmatlari koʼrsatishning pasportlarini ishlab chiqish, ayrim turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berishning namunaviy maʼmuriy reglamentlarini joriy qilgan holda normativ-huquqiy hujjatlar sonini tubdan qisqartirish belgilangan.
Bunda, normativ-huquqiy hujjatlar sonini tubdan qisqartirish maqsadida davlat xizmatlari koʼrsatishning pasportlarida barcha talab va shartlarning ham koʼrsatilishi nazarda tutilgan.
Mazkur ilova 9-bandida esa, quyidagi talablar noaniq ifodalangan:
“er qaʼrini geologik oʼrganish boʼyicha yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni ishlab chiqish va Davlat geologiya qoʼmitasiga topshirish muddati;
noruda foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash uchun materiallarni Davlat geologiya qoʼmitasi huzuridagi foydali qazilmalar zaxiralari boʼyicha Davlat komissiyasiga topshirish tartibi va muddatlari;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqining cheklanishi, toʼxtatib qoʼyilishi yoki muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin boʼlgan shart-sharoitlar.
foydali qazilmalarni qazib olish boʼyicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va Davlat geologiya qoʼmitasiga topshirish muddati;
yer qaʼridan foydalanganlik uchun toʼlovlarni toʼlash shartlari;
zarur malakali mutaxassislarga ega boʼlish;
yer qaʼridan foydalanuvchining ijtimoiy majburiyatlari (mahalliy aholi uchun ish joylarini tashkil qilish, kerakli malakali mutaxassislarni jalb qilish va xodimlarni kasbga tayyorlash);
texnik va texnologik imkoniyatlar, shuningdek, belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb qilinadigan texnika va asbob-uskunalar mavjudligi;
texnogen mineral hosilalarni saqlash va qayta ishlash shartlari;
yer qaʼridan foydalanuvchining investitsiya majburiyatlari;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning cheklanishi, toʼxtatib qoʼyilishi yoki muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin boʼlgan shart-sharoitlar” va b.
Koʼrinib turganidek, mazkur talablarda koʼplab “belgilangan tartibda” jumlalari qoʼllanilgan boʼlib, bunday talablar qaysi normativ-huquqiy hujjatlarda keltirilganligi koʼrsatilmagan.
Bu esa, tadbirkorlik subʼektlariga qoʼshimcha noqulayliklar keltirib chiqaradi. Shuningdek, yuqoridagi Farmonda keltirilganidek, normativ-huquqiy hujjatlar sonini tubdan qisqartirish imkonini bermaydi.
Shu bois, mazkur faoliyatni amalga oshirish shartlari va talablarini toʼgʼridan-toʼgʼri ushbu pasportda nazarda tutish maqsadga muvofiqdir.
16.Nizom 17-ilovasi 9-bandida ruxsatnoma talablari va shartlaridan biri sifatida:
“atrof muhitga taʼsiri toʼgʼrisida ariza loyihasiga Davlat ekologiya ekspertizasi tomonidan beriladigan ijobiy xulosani Davlat geologiya qoʼmitasiga topshirish muddati” belgilangan.
Taʼkidlash lozimki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi PF-6044-son Farmoni 10-bandiga koʼra, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich toʼliq elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Yaʼni, bundan koʼzlangan asosiy maqsadlardan biri talabgorlar tomonidan taqdim etilishi lozim boʼlgan ortiqcha hujjatlarni qisqartirish, boshqa davlat organlarida mavjud boʼlgan maʼlumotlarni oʼzaro elektron hamkorlik orqali olish hisoblanadi.
Bundan koʼrinadiki, ruxsatnoma beruvchi vakolatli organ yuqoridagi xulosani tegishli davlat organidan toʼgʼridan-toʼgʼri olishi mumkin.
Shu bois, Nizom 17-ilovasi 9-bandidan yuqoridagi xulosalarni topshirishni nazarda tutuvchi normalarni chiqarib tashlash zarur.
17.Nizom 20-ilovasi bilan Kon ajratish dalolatnomasi pasportini tasdiqlash belgilangan.
Uning 10-bandida faoliyatni amalga oshirish talablari va shartlari keltirilgan. Uning ayrim normalarida esa, noaniq jumlalar qoʼllanilgan.
Xususan, unda “ushbu Nizomda belgilangan tartibda” jumlasi ikki oʼrinda qoʼllanilgan boʼlib, bunda aynan qaysi nizom nazarda tutilganligi aniq emas.
Bu esa, amaliyotda turli tushunmovchilik va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababli, ushbu pasportda faoliyatni amalga oshirish talablari va shartlarini aniq va qatʼiy koʼrsatish tavsiya etiladi.
18.Nizom 26-ilovasi bilan Filьmning ommaviy namoyish etishga bir martalik ruxsatnoma berishning pasportini tasdiqlash belgilangan.
Uning 5-bandi “g” kichik bandida talabgor tomonidan taqdim etiladigan hujjatlardan biri sifatida “filmda bolalarning sogʼligʼiga zarar yetkazuvchi axborotning mavjudligi yoki mavjud emasligi, uning muayyan yosh toifasiga mosligi yoki mos emasligi toʼgʼrisidagi akkreditatsiyadan oʼtgan ekspert xulosasi” belgilangan.
Biroq, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi
PF–6044-sonli Farmoni 5-ilovasi 20-bandiga koʼra, mazkur hujjatni taqdim etish talabini bekor qilish nazarda tutilgan.
Shu bois, mazkur “g” kichik bandni chiqarib tashlash zarur.
12.02.2021
14:35