Oʼzbekiston-Isroil farmatsevtika sohasida oʼzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bagʼishlangan videomuloqot boʼlib oʼtdi.
2021 yil 16 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasining Isroildagi elchixonasi tomonidan Oʼzbekiston-Isroil tibbiyot sohasidagi hamkorlik istiqbollari boʼyicha onlayn uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Uchrashuvda Oʼzbekiston tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining Isroildagi elchixonasi, Oʼzbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi, Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari hamda Isroil tomonidan Isroil ishlab chiqaruvchilar Аssotsiatsiyasi, Isroil-Osiyo Savdo palatasi vakillari qatnashdilar.
Tadbirni Oʼzbekiston Respublikasining Isroildagi elchisi F.Mahmudova kirish soʼzi bilan ochib berib, ushbu onlayn uchrashuv Oʼzbekiston va Isroil farmatsevtika sohasida oʼzaro hamkorlikning yanada kengayishi va rivojlanishiga sabab boʼlishini taʼkidladi.
Onlayn videomuloqot davomida Isroil ishbilarmon doiralari eʼtiboriga Oʼzbekiston Respublikasi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi respublikamizda farmatsevtika sanoati, sohada zamonaviy raqobatbardosh korxonalar yaratishda ilgʼor xorijiy tajriba va texnologiyalarni jalb qilish boʼyicha olib borilayotgan keng koʼlamli ishlar toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida investitsiya va savdo-iqtisodiy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishni hamda oʼzaro tashriflarni tashkil etishga kelishib oldilar.
17.02.2021
15:46