Qishloq xo'jaligini tabiiy xatarlardan sug'urtalash, boshqaruvning samarali vositasidir
Joriy yilning 15-17 fevral kunlari Farg‘ona vodiysi shaharlari bo‘ylab O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamda Rossiya Federatsiyasining moliyaviy ko‘magida amalaga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida “Qishloq xo‘jaligida hatarlarni sug‘urtalash” mavzusida seminarlar tashkil etildi va unda 90 yaqin bog'dorchilik xo'jaliklari vakillari ishtirok etdilar.
Sug'urta masalasida aksariyat fermerlarning xabarsizligi hamda ko‘pchiligining o‘z vaqtida to'liq sug'urta qilishda moliyaviy imkoniyatlarning etishmasligi kabi muammolar noxush vaziyatlarni bugungi kunda ham ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda yengishga majbur etmoqda. Mazkur loyiha doirasida 2019 yilda o'tkazilgan "Iqlim o'zgarishining Farg'ona vodiysining meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishga ta'siri" haqida so‘rovnoma o‘tkazilganda fermerlar agrosug‘urta sohasini samarasizligi va qog‘ozbozlik ko‘pligini, hosil nobud bo‘lganda esa sug‘urta qoplamalarini olishning ilojisi yo‘qligini ta’kidlashgan edi.
Ushu ma`lumotlardan kelib chiqqan holda seminar davomida "O'zagrosug'urta" OAJ Namangan filiali xodimi Akmal Keldiev qishloq xo'jaligini sug'urtalashning imkoniyatlari nimadaligi, bugungi kunda mamlakatimizdagi ahvol, mavjud sug‘urta turlari va qoidalari, imtiyozlar, to'lov muddatlari va miqdorlariga oid va sug`urta holatiga to`g`ri kelmaydigan masalalarga aniq misollar va hisob-kitoblar orqali mahorat bilan oydinlik kiritib berdi.
Mazkur mavzu bo‘yicha ishtirokchilarning yillar davomida qishloq xo'jaligidagi faoliyatlari yuzasidan ko'plab savollar to'planib qolganligi va qolaversa, ayrimlarining bog'dorchilik va sabzavotchilik tizimidagi sug'urtalash tushunchalariga ilk bor duch kelganliklari sababli, munozaralar fermerlarning shahsiy tajribalaridagi ko‘plab misollar bilan jo‘shqin tarzda bo‘lib o‘tdi.
« Jismoniy yoki yuridik shaxs hosilini buyurtmachi orqali emas, balki to'g'ridan-to'g'ri bozorda sotsa, hosilini sug'urtalashi mumkinmi? Avvaldan ma`lum bo`lgan yoz o‘rtasiga kelib suv qurib qoladigan, suvsiz yerlarda hosil yetishtirish sug'urta holatiga to‘g‘ri keladimi? Bir fermer boshqa fermerning sovuqxona omboriga qo‘yadigan mahsulotini sug‘urtalasa bo‘ladimi? Sug'urta hodisasi to'g'risida ma'lumotni 3 kun ichida emas, balki kechikibroq xabardor qilishi mumkinligi haqidagi holatlar ham ko‘zda tutilganmi? " kabi o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ishtirokchilar trenerga berishdi.
“Bog'dorchilikni sug'urtalash - bu murakkab, lekin amalaga oshirish mumkin bo‘lgan jarayon. Muammolarning aksariyati xabardorlik pastligidan kelib chiqadi, qolaversa, majburiy va ixtiyoriy sug‘urtalarni farqini tushunish vaqti keldi. Seminarda men o'zim uchun xulosa qildimki, kelajakda shartnomalar tuzishda e’tiborliroq bo'laman. Ayniqsa, shartnoma tuzishda o‘zimiz ham shart qo‘yishimiz mumkinligi juda yoqdi. Masalan, mening gilos hosilim do'ldan halok bo'lgan bo'lsa, nega men sug‘urta qoplamasini olish uchun yanvargacha kutishim kerak, o‘zi fermerning yil oxirigacha harajatlari yetarli bo‘lsa, axir hosil iyun oyidayoq yig'ib, buyurtmachiga topshiriladiku”- deydi “Osiyo zamin sharbati “ fermer xo‘jaligining rahbari Maxmaraim Adilbekov
Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi etakchi mamlakatlarda agrosug‘urtalash qishloq xo'jaligida samaradorlik va barqarorlikni ta'minlashga kafil bo‘lib hisoblanadi. Ishonamizki, tez orada davlatimizda qishloq xo'jaligini isloh qilish yo‘lida olib borilayotgan ishlar qatorida agrosug‘urta sohamiz ham kerakli darajada ahamiyat kasb etadi va yetishtirayotgan mahsulotidan qat’iy nazar, har bir fermer kafollatlangan qo‘llab quvvatlash va doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi.
Seminar yakunida, iishtirokchilar hulosa tariqasida ko‘tarilgan agrosug‘urtalash mavzusining dolzarbligini ta’kidlab, tezkor yechimini topishi kerak masalalar hali juda ko‘pligi sabab, qishloq xo‘jaligi va eksport bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘shqa soha vakillarini birga jalb etgan holda kelajakda ushbu mavzuni yana davom ettirish taklifini kiritdilar.
19.02.2021
10:57