Oʼzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʼgʼrisida”gi Qonuni qabul qilindi.
Oʼzbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji toʼgʼrisida”gi Qonuni (OʼRQ–674-son, 16.02.2021 y.) qabul qilindi.
Mazkur Qonun Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilgan boʼlib, uni ishlab chiqishda 10 dan ortiq vazirlik va idoralar ishtirok etgan.
Qonun BMTning Xalqaro savdo huquqi boʼyicha komissiyasi tomonidan 1985 yil 21 iyunda qabul qilingan va BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan maʼqullangan YuNSITRАLning Xalqaro tijorat arbitraji toʼgʼrisidagi Namunaviy qonuni asosida, shuningdek, BMTning Xalqaro savdo huquqi boʼyicha komissiyasi va Osiyo taraqqiyot bankining ijobiy mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqilgan.
Qonunda quyidagi asosiy qoidalar belgilangan:
Ushbu Qonun Oʼzbekiston va boshqa davlat oʼrtasida amalda boʼlgan kelishuvlarga rioya etgan holda, xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qoʼllaniladi.
Xalqaro tijorat arbitrajiga taraflarning kelishuviga binoan tijorat xususiyatiga ega boʼlgan ham shartnomaviy, ham shartnomadan tashqari barcha munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar berilishi mumkin.
Аrbitraj sudlari oʼz faoliyatida hech kimga boʼysunmaydi va mustaqildir. Аrbitraj sudlarining faoliyatiga biror-bir aralashuvga, unga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʼrsatishga yoʼl qoʼyilmaydi hamda bu Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq javobgarlikka sabab boʼladi.Taraflar oʼz xohishiga koʼra arbitrlar sonini belgilashi mumkin. Bunday kelishuv boʼlmaganda uch nafar arbitr tayinlanadi.
Taraflar arbitraj muhokamasida foydalaniladigan til yoki tillar toʼgʼrisida oʼz xohishlariga koʼra kelishib olishi mumkin.
Аrbitraj ish yuzasidan yozma hal qiluv qarori chiqaradi. Аrbitrajning hal qiluv qarori, u qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qatʼi nazar, majburiy deb tan olinadi va sudga yozma ariza berilgan taqdirda ijro etiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʼtgach kuchga kiradi.
23.02.2021
11:33