Apreldan soliq auditi: bu kimlarga taalluqli?
Soliq organlari halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda biznesda teng raqobat muhitini shakllantirish maqsadida soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlayotgan, ya'ni faoliyatida yuqori xavf darajasi aniqlangan ayrim xo‘jalik sub'ektlarida Soliq kodeksi normalari asosida soliq auditi o‘tkazishni boshlamoqda.
Ayni vaqtda «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan tizimi orqali 66 ta mezon asosida soliq xavfi darajasi yuqori bo‘lgan sohalar aniqlab olingan. Bular qurilish, ishlab chiqarish, import, xizmat ko‘rsatish, savdo va qishloq xo‘jaligi sohalaridir.
Aniq misollarda ko‘rib chiqamiz
Qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish va realizasiyasi bilan shug‘ullanuvchi sub'ektlar tomonidan 2021 yiling yanvar' oyida sement mahsulotlari realizasiyasidan 14 mlrd. so‘m soliqlar to‘lanmagan. Buning oqibatida davlat byudjetiga yo‘qotishlarning yillik miqdori taxminan 160-170 mlrd. so‘mga yetadi.
Alkogol' mahsulotlari ishlab chiqarish va realizasiyasida ham shunga o‘xshash holat. 2021 yiling yanvar' oyida alkogol' mahsulotlari ishlab chiqarish va realizasiyasi bilan shug‘ullanuvchi sub'ektlar tomonidan 22 mlrd. so‘mdan ortiq soliqlar to‘lanmagan. Bunda davlat byudjetiga yo‘qotishlar o‘rta hisobda yillik 260-270 mlrd. so‘mni tashkil etishi mumkin. Bu kabi misollar ko‘plab topiladi.
Davlat soliq qo‘mitasining «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va boshqarish» tizimi 2021 yil 17 mart holatiga soliq xavfi darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan 200dan ziyod korxonani aniqladi. (to‘liq ro‘yxat bu yerda)
Shu munosabat bilan, joriy yilning 20 aprelidan ushbu korxonalar (shu jumladan, yirik importyorlar, qurilish, alkogol' va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va realizasiya qiluvchi firmalar, shuningdek xizmat ko‘rsatish sohasi)da bosqichma-bosqich soliq auditi o‘tkaziladi.
Soliq auditi o‘tkazish faqatgina yuqorida ko‘rsatilgan faoliyat turlariga taalluqli emas. Agar soliq to‘lovchilarda soliqlardan qochishning yuqori xavf darajasi aniqlansa, amaldagi qonunchilik talablari doirasida soliq auditi o‘tkaziladi.
Binobarin, e'lon qilingan ro‘yxat «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan tizimi natijalariga ko‘ra soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash xavfi yuqori bo‘lgan yangi sub'ektlar bilan to‘ldirilishi mumkin.
Soliq auditi o‘tkazish bosqichlari:
I-bosqichda 2021 yil 20 apreldan davlat soliq organlari tomonidan 56 ta korxonaga nisbatan soliq auditi o‘tkaziladi;
II-bosqichda 2021 yil 1 iyulgacha yuqori soliq xavfi mavjud bo‘lgan 150 ta korxona tekshiriladi;
III-bosqich 2021 yil 1 iyuldan boshlab o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Bu bosqichda dastlabki aniqlangan ma'lumotlar asosida yana 500-800 ta korxonada soliq auditi o‘tkaziladi.
Shulardan kelib chiqib, barcha soliq to‘lovchilardan soliq qonunchiligiga rioya etgan holda faoliyat yuritishlarini hamda xavfi yuqori bo‘lgan korxonalar ro‘yxatiga kirmaslik uchun «shubhali» operatsiyalarni amalga oshirmasliklarini so‘rab qolamiz.
Ma'lumot uchun. Soliq auditi tashkil etish va o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi «Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi 1-son qarori bilan tasdiqlangan.
Manbaa: soliq.uz
19.03.2021
15:24