Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 215 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash kodeksi (ID-23138) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 4-moddasi 16-xatboshiga ko‘ra, “davlat-xususiy sheriklik - davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishga asoslangan hamkorligi”, - deb belgilangan.
Bunda, davlat-xususiy sheriklik tushunchasiga ta'rif berishda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun normasi qayta aynantakrorlangan.
Ammo, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonun 24-moddasi talabiga ko‘ra, “Normativ-huquqiy hujjatda, qoida tariqasida, xuddi shunday yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy normalari qayta aynan takrorlanmaydi”.
Shu sababli hamda ushbu tushuncha mazkur sohadagi asosiy tartibga soluvchi Qonunda belgilanganligi bois, yuqoridagi xatboshini loyihadan chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
2. Mazkur Xulosa 1-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, loyiha 4-bandidan 22-xatboshi (da'vogar) va 68-xatboshini (ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi) chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
3. Loyiha 4-bandi 35-xatboshiga ko‘ra, “zarur farmasevtika amaliyotlari (GxP) -dori vositalarini iste'molchi uchun sifati, samaradorligi va xavfsizligini ta'minlovchi zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP), zarur distrib'yutorlik amaliyoti (GDP), zarur klinika amaliyoti (GCP), zarur laboratoriya amaliyoti (GLP), zarur farmakologik nazorat amaliyoti (GVP), zarur saqlash amaliyoti (GSP), zarur dorixona amaliyoti (GPP) talablari majmuasi”, - deb belgilangan.
Biroq, mazkur tushunchada va loyihaning boshqa normalarida bunday amaliyotlarning kim tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilmagan.
Bu esa, amaliyotda turli noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mazkur Kodeks sohadagi asosiy tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat hisoblanishi, qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish talabi belgilanganligini inobatga olib, ushbu amaliyotlarni tasdiqlash tartibini ham loyihada nazarda tutish tavsiya etiladi.
4. Loyiha 6-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlari yig‘indisidan iborat yagona sog‘liqni saqlash tizimi amal qiladi”, - deb belgilangan.
Bunda, sog‘liqni saqlash yagona tizimiga “boshqa tizimlar” ham kirishi nazarda tutilgan.
Ammo, loyihada bunday “boshqa tizimlar”ga tushuncha berilmagan, shuningdek, ushbu tushuncha aniqlashtirilmagan.
Bundan tashqari, hozirgi kunda amaliyotda sog‘liqni saqlash tizimida davlat va xususiy tibbiyot tizimlarigina mavjud.
Yuqoridagi tushuncha esa, amaliyotda turlicha talqin qilinishi, tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyihada “boshqa tizimlar” tushunchasiga ta'rif berish yoki uni loyihadan chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
5. Loyiha 15-moddasi 2-3-bandlariga ko‘ra, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining vakolatlaridan biri sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlardan hujjatlar, statistik ma'lumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma'lumotlarni so‘rash va olish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-ta'lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni jalb qilish belgilangan.
Biroq, mazkur normaning bunday tahrirda bayon qilinishi amaliyotda turlicha talqin qilinishiga, Agentlik tomonidan istalgan sub'ektdan turli ma'lumotlar va hujjatlarning, istalgan xodimlarni jalb etishni talab qilinishiga olib kelishi mumkin.
Zero, mazkur masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda, shuningdek, yuqori malakali xodimlarni va mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalar ikki sub'ekt o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida hal etiladi.
Bundan tashqari, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan hujjatlar, statistik ma'lumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma'lumotlarni so‘rash va olish hamda mutaxassislarni jalb etish o‘zining yuridik tabiatiga ko‘ra vakolat bo‘la olmaydi. Bu har qanday tashkilotning huquqi bo‘lishi mumkin.
Shu bois, yuqoridagi normada mazkur masalalarni nazarda tutish, ya'ni tashkilotlardan hujjatlarni talab qilish hamda mutaxassis va xodimlarni jalb etish amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishini belgilash lozim.
6. Loyiha 46-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, “Tibbiyot faoliyati sub'ektlari rahbarlari har bir tibbiyot xodimi o‘z javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risidagi sug‘urta shartnomasi mavjudligiga xamda bemorga yoki uning huquqiy vorisiga sug‘urta tovoni to‘lanishida ko‘maklashishga shaxsan javobgardir”, - deb belgilangan.
Bunda, tibbiyot xodimlarining o‘z javobgarligini majburiy sug‘urtalashi va bemorga sug‘urta tovoni to‘lanishi uchun tibbiyot faoliyati sub'ektlari rahbarlari javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan.
Biroq, bunday normaning belgilanishi asossiz ravishda tibbiyot faoliyati sub'ektlari rahbarlarining javobgar bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, sug‘urta sohasidagi amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xodimning o‘z javobgarligini majburiy sug‘urtalashi bo‘yicha shu xodimning o‘zi shaxsan javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan olib, loyihada xodimning o‘z javobgarligini majburiy sug‘urtalashi bo‘yicha shu xodimning o‘zi shaxsan javobgar bo‘lishini belgilash maqsadga muvofiqdir.
7. Loyiha 52-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, “Sug‘urta hodisasi bo‘yicha sug‘urta tovoni to‘lash sug‘urta voqeasi sodir bo‘lgan joydagi sudning sug‘urtalovchi yuborgan material bo‘yicha chiqargan qarori asosida amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.
Ya'ni, bunda sug‘urta tovonini to‘lashga faqat sudning qarori asos bo‘lishi nazarda tutilgan.
Biroq, bu yuridik jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Shuningdek, sug‘urta tovonini to‘lashga faqat sudning qarorini asos qilib belgilash, sug‘urta tovonini olishni murakkablashtirib, sug‘urtalangan shaxs huquqlarining asossiz cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka, misol uchun, “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, sug‘urta tovonini to‘lash ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisani maxsus tekshirish dalolatnomasi, tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasining xulosasi, nizolar yuzaga kelgan hollarda esa — sudning qarori asosida amalga oshiriladi.
Ko‘rinib turganidek, sug‘urta sohasining boshqa yo‘nalishlarida sudning qarori faqat nizolar yuzaga kelganda sug‘urta tovonini to‘lashga asos bo‘lishi belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, sug‘urta tovonini to‘lash uchun asos bo‘ladigan hujjatlar doirasini qayta ko‘rib chiqish zarur.
8. Shuningdek, loyihada sug‘urta tovonini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar aniq keltirilmagan.
Bu esa, amaliyotda turli noaniqliklarni, ortiqcha hujjatlarning asossiz talab etilishi holatlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyihada sug‘urta tovonini olish uchun taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlarni aniq keltirib o‘tish tavsiya etiladi.
9. Loyiha 153-moddasiga ko‘ra, korxona, muassasa, va tashkilotlarning qon va uning tarkibiy qismlari donorligi bo‘yicha majburiyatlarini belgilash nazarda tutilgan.
Biroq, bu norma istalgan korxona, muassasa, va tashkilotlarga qon va uning tarkibiy qismlari donorligi bo‘yicha ortiqcha majburiyatlarning asossiz ravishda yuklatilishiga olib kelishi mumkin.
Bu esa, yuridik jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Shu bois, loyihada mazkur sohadagi tashkilotlarning huquq va majburiyatlarini alohida, boshqa tashkilotlarning huquqlarini esa alohida ko‘rsatish lozim.
10. Loyiha 218-moddasi 10-11-qismlariga ko‘ra, narkologik kasallikka chalingan shaxslarni sud majlisiga keltirish tartibi, sud qarori ustidan shikoyat qilish tartibi kabi prosessual normalarni belgilash nazarda tutilgan.
Mazkur masalalar ushbu loyihaning tartibga solish predmeti hasoblanmasligi hamda bunday masalalar prosessual qonunlar bilan tartibga solinganligini inobatga olgan holda, loyihadan bu kabi normalarni chiqarib tashlash lozim.
11. Loyiha 233-moddasi 2-qismi uchinchi xatboshiga ko‘ra, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlariga, ularning o‘rinbosarlariga o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlar beriladi:
"...
sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari buzilishlari bartaraf etilguniga qadar, ishlab turgan inshootlardan, turar joylardan, ishlab chiqarish ob'ektlaridan, madaniy-maishiy binolardan foydalanishni, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalarining, ta'lim, davolash-profilaktika, sanatoriy-kurort muassasalarining va boshqa muassasalarning faoliyatini to‘xtatib turish, uskunalarni, asboblarni ishlatishni, transport vositalaridan foydalanishni taqiqlash”.
Ta'kidlash lozimki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun 42-moddasida tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta'sir choralari qanday holatlarda sud tomonidan, qaysi holatlarda vakolatli davlat organi tomonidan qo‘llanilishi aniq belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash bilan bog‘liq huquqiy ta'sir choralari faqat sud tartibida qo‘llaniladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari mustasno.
Ko‘rinib turganidek, yuqoridagi normada ushbu Qonun talablaridan chetga chiqish holatlari mavjud.
Shu bois, loyihaning yuqoridagi va boshqa normalarini mazkur Qonun talablariga moslashtirish lozim.
12. Loyiha 268-moddasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat-hususiy sheriklik bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish belgilangan.
Biroq, unda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun talablari to‘liq inobatga olinmagan.
Xususan, moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.
Yuqoridagi Qonunning 25-moddasida esa, “Taraflar davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni davlat sherigining qaroriga muvofiq quyidagi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish asosida tender o‘tkazmasdan tuzishi mumkin:
davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta'minlashda;
davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishning zaruriy sharti hisoblangan intellektual faoliyat natijalariga doir mutlaq huquqlar, boshqa mutlaq huquqlar, yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mol-mulk ob'ekti va o‘zga mol-mulk muayyan shaxsga tegishli bo‘lganda;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan hollarda”, - deb ko‘rsatilgan.
Ko‘rinib turganidek, ushbu normalar o‘rtasida o‘zaro nomuvofiqliklar kelib chiqqan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihada davlat-hususiy sheriklik bilan bog‘liq masalalar mazkur Qonun bilan tartibga solinishini nazarda tutish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
13. Loyihada Tibbiyot va farmasevtika faoliyatini, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni lisenziyalash, Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillarini nazarda tutuvchi normalar belgilangan.
Mazkur masalalar lisenziya va ruxsatnomalar berish to‘g‘risidagi maxsus qonun hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinadi.
Shu bois, yuqoridagi masalalar bilan bog‘liq normalarni loyihadan chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
14. Loyihaning ko‘plab moddalarida, xususan 7-8, 11, 13, 32, 35, 43, 47-48, 50-51, 53, 62, 73, 87, 96-97, 115, 129, 140, 142-145, 148, 152, 158, 161, 163-164, 209, 218, 229, 242, 249, 250, 260-265, 270, 276-moddalarda va loyihaning boshqa normalarida sog‘liqni saqlash sohasidagi ko‘plab masalalar Vazirlar Mahkamasi yoki Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanishi va tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Ya'ni, loyihada ko‘plab havolaki normalar qo‘llanilgan.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF-5505-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Konsepsiyasining 7-bandida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish belgilangan.
Bu talab, ayniqsa, bir sohani keng qamrovli tartibga solishga qaratilgan kodekslarga taalluqlidir.
Shuni ta'kidlash lozimki, loyihada bu kabi havolaki normalarni nazarda tutish amalda ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni to‘liq tartibga solish imkonini bermaydi. Natijada, mazkur Kodeks loyihasining ham regulyativ ham yuridik ahamiyati yo‘qqa chiqadi. Ya'ni, bu loyiha kodeks sifatida o‘z vazifasini bajara olmaydi.
Shu bois, loyihada havolaki normalarni keskin kamaytirish, yuqorida keltirilgan tartiblarni esa loyihaning o‘zida nazarda tutish lozim.
15. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihani qayta ko‘rib chiqish, unda sog‘liqni saqlash sohasidagi amaldagi qonun hujjatlari normalarini to‘liq birlashtirish hamda ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish masalasini nazarda tutish lozim.
29.03.2021
14:22