Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 289 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaharsozlik faoliyati soxasida davlat hokimiyati organlarining javobgarligini oshirish hamda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi Qarori (ID-28246) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-bandiga ko‘ra, Toshkent shaharArxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tarkibida yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi ob'ektlar qurilishi maxsus kuzatuv bo‘limini tashkil etish belgilangan.
Loyiha 5-bandiga ko‘ra esa, mazkur kuzatuv bo‘limlarining vazifalari keltirilgan bo‘lib, ushbu vazifalar o‘z mazmuniga ko‘ra davlat nazorati amalga oshirishni nazarda tutadi.
Avvalo, qurilish sohasida davlat nazoratini olib borish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozimligini inobatga olgan holda, bunday nazorat turlarini “kuzatuv” nomi ostida amalga oshirish amaldagi qonunchilik talablariga mutlaqo ziddir.
Qolaversa, loyihada keltirilgan bunday davlat nazoratini amalga oshirish Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, ushbu Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Ko‘rinib turibdiki, loyihadagi maxsus kuzatuv bo‘limini tashkil etishni belgilashda mazkur masalalarning amalda tartibga solinganligi va uni takroran belgilash zarurati mavjud emasligi hamda bo‘lim vazifalarini belgilashda amaldagi qonunchilik talablari inobatga olinmagan.
Shu bois, loyihadan Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tarkibida yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi ob'ektlar qurilishi maxsus kuzatuv bo‘limini tashkil etish va uning vakolatlari bilan bog‘liq normalarni chiqarib tashlash zarur.
2. Loyiha 3-bandi “b” kichik bandi to‘rtinchi xatboshiga ko‘ra, Arxitektura-shaharsozlik departamentlari faoliyatini saqlash harajatlari to‘lov asosida davlat va shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xizmatlar, shu bilan birga ikki qavatdan past, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan kam bo‘lgan bino va inshootlardagi qurilish-montaj ishlari qiymatining (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) 0,18 foiz miqdoridagi Arxitektura-shaharsozlik departamentlari ixtiyorida qoldiriladigan mablag‘lar xisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda, mazkur toifadagi bino-inshootlar qurilishidan qurilish-montaj ishlari qiymatining 0,18 foiz miqdoridagi mablag‘lar Arxitektura-shaharsozlik departamentlari ixtiyorida qoldirilishi nazarda tutilgan.
Biroq, mazkur mablag‘larning qanday sabablarga ko‘ra ushlab qolinishi, bu to‘lovlar qanday asoslarga ko‘ra undirilishi, ushbu to‘lovlarni joriy etilishi loyiha muallifi tomonidan asoslantirilmagan, tahliliy materiallar taqdim etilmagan.
Shuni ta'kidlash lozimki, bu kabi ortiqcha to‘lovlar undirilishini nazarda tutish amaliyotda tadbirkorlik sub'ektlari uchun asossiz bo‘lgan moliyaviy xarajatlarga olib kelib, ular uchun moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Shu bois, mazkur xatboshini loyiha 3-bandidan chiqarib tashlash lozim.
3. Loyiha 4-bandi 15-16-xatboshilariga ko‘ra, Arxitektura-shaharsozlik departamentlarining vazifalaridan biri sifatida:
“ob'ektlar qurilishini loyihalashtirish uchun topografik xaritalarni ishlab chiqish hamda qurilishi tugallangan ob'ektlarning ijro (topografik) suratlarini to‘lov asosida tayyorlash;
yo‘llar bo‘yidagi hamda bino va inshootlar fasadlari, tomlarida reklama mahsulotlarini joylashtirish bo‘yicha to‘lov asosida takliflar ishlab chiqish” belgilangan.
Bunda, bevosita qurilish sohasidagi vakolatli organning vaziflariga qo‘shimcha ravishda to‘lov asosida amalga oshiriladigan (tijorat faoliyati hisoblangan) yo‘nalishlarni ham departament vazifalari sifatida belgilash nazarda tutilgan.
Biroq, shuni inobatga olish lozimki, Arxitektura-shaharsozlik departamentlari sohani tartibga soluvchi vakolatli davlat organlaridir.
Davlat organlari tomonidan ushbu faoliyatni to‘lov asosida amalga oshirilishining belgilanishi mazkur soha bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan boshqa tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois, bu kabi tijorat faoliyatlari bilan tadbirkorlik sub'ektlari shug‘ullanishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, loyiha 4-bandi 15-16-xatboshilarini chiqarib tashlash lozim.
4. Loyiha 4-bandi 20-xatboshisiga ko‘ra, Arxitektura-shaharsozlik departamentlarining vazifalaridan biri sifatida:
“ikki qavatdan past, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan kam bo‘lgan bino va inshootlarni yer uchastkalariga to‘lov asosida topografik bog‘lash” belgilangan.
Biroq, amaldagi qonunchilikda bunday toifadagi bino va inshootlarni yer uchastkalariga topografik bog‘lash bilan bog‘liq talablar nazarda tutilmagan.
Loyiha ijrochisi tomonidan mazkur normaning belgilanishi esa asoslantirilmagan.
Ko‘rinadiki, mazkur vazifaning belgilanishi amaliyotda yangi qo‘shimcha talablar, ya'ni yuqoridagi toifadagi bino va inshootlarni yer uchastkalariga topografik bog‘lash talabining joriy etilishiga hamda bu uchun to‘lov undirilishiga olib keladi.
Shu bois, mazkur normani loyihadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiqdir.
5. Loyiha 8-bandi to‘rtinchi xatboshiga ko‘ra, “hududiy qurilish organlari rahbarlari va mutaxassislarning, shuningdek pudrat va loyiha tashkilotlari boshqaruv xodimlarining har birining malakasi majburiy bir yilda bir marta oshiriladi, malaka oshirish natijasi bo‘yicha qurilish ob'ektlarining tender savdolaridagi ofertalarni baholashda xisobga olinadigan sertifikat beriladi”, - deb belgilangan.
Bunda, pudrat va loyiha tashkilotlari boshqaruv xodimlariningmalakasini majburiy bir yilda bir marta oshirish, uning natijasini esa, tender savdolaridagi ofertalarni baholashda xisobga olish nazarda tutilgan.
Bu esa, o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, amaliyotda ruxsat berish tartib-taomillarini nazarda tutmoqda.
Umuman olganda, bu kabi murakkab tartib-taomillar amaliyotda suiiste'mollik va korrupsiya holatlariga sharoit yaratib, tadbirkorlik sub'ektlarini korrupsiyaviy munosabatlarga kirishishga undaydi.
Bundan tashqari, bir yilda bir marta majburiy malaka oshirish talabining joriy etilishi loyiha muallifi tomonidan asoslantirilmagan.
Qolaversa, amaldagi qonunchilikda bu kabi majburiy malaka oshirishni nazarda tutuvchi talablar (rieltorlar, baholovchilar, auditorlar malaka sertifikatlari) har besh yilda bir marta qilib belgilangan.
Shu bois, mazkur soha uchun ham majburiy malaka oshirish talabini belgilashning maqsadga muvofiqligi masalasini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
20.04.2021
15:00