O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
2021 yil 20 aprel' kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlardagi elchixonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan videomuloqot o‘tkazildi.
Muloqotda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi R.Zikrillaev va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Eksportga ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Usmonov ishtirok etdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasi ko‘magida qator yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Jumladan,
- mahalliy eksporterlar uchun AQSh bozoriga milliy mahsulotlarni kirib borishiga ko‘maklashish;
- AQShda salohiyatli biznes hamkorlar topish va ular bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
- AQSh bozorida talab yuqori bo‘lgan tovarlar bo‘yicha O‘zbekiston mahsulotlarini mazkur bozorda sotish imkoniyatlarini o‘rganish va eksportni kengaytirish istiqbollarini yanada rivojlantirish;
- O‘zbekiston mahsulotlari uchun AQSh bozoriga kirib borishiga imkoniyatlar yaratish;
- respublikamiz eksporterlari uchun AQSh hududida savdo uylarini ochish shartlari va talablarini o‘rganish;
- milliy brendlarni AQShda keng tanitish va salohiyatli savdo kompaniyalari e'tiboriga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlari va reklama aksiyalarini tashkil etish;
- AQSh kichik va o‘rta biznes ishbilarmon delegasiyalarini O‘zbekistonga safarlarini amalga oshirish orqali O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda biznes yuritishni faollashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Tadbir yakunida Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi o‘rtasida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik asosida O‘zbekiston mahsulotlarini AQShga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish hamda milliy brendlarimizni AQSh bozoriga kirib borishi uchun birgalikda harakat qilishga kelishib olindi.
21.04.2021
15:16