Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 314 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni (ID-35893) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyihaning 1-moddasi 1-bandida Bojxona kodeksi 15-moddasining birinchi qismini quyidagi tahrirdagi o‘n sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirish taklif etilmoqda:
“bojxona auditi – tovarlar chiqarib yuborilgandan so‘ng bojxona organlari tomonidan vakolatli shaxslar faoliyatini baholash, bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilganligini ularning moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq hujjatlari va hisobotlarini o‘rganish hamda tekshirishga asoslangan bojxona nazorati shakli”.
Biroq, ta'kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil
25 fevraldagi “Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 101-son Qarori bilan tasdiqlangan “Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandida “bojxona auditi - tovarlarni chiqarishga ruxsat berilgandan so‘ng bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilganligini vakolatli shaxslar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida taqdim etilgan hujjatlarni moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq hujjatlarda aks ettirilgan ma'lumotlar bilan solishtirgan holda o‘rganish va tekshirishga asoslangan bojxona nazorati shakli” ekanligi belgilangan.
Shu bois, mazkur banddagi “bojxona auditi” atamasini Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi 101-son Qarori talabiga muvofiqlashtirish lozim.
2. Loyihaning 1-moddasi 5-bandida Bojxona kodeksi 201-moddasi to‘rtinchi qismidagi “ayni bir kontrakt (shartnoma, kelishuv)” so‘zlarini “bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan bir tovar” so‘zlari bilan, beshinchi qismidagi “bir yil” so‘zlarini “uch yil” so‘zlari bilan almashtirish taklif etilmoqda.
Ushbu bilan tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazoratini amalga oshirish uchun tekshiriladigan kontrakt, shartnoma va kelishuv o‘rniga bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan bir tovarni belgilash taklif etilmoqda.
Biroq, ta'kidlash lozimki, Bojxona kodeksining 184-moddasiga muvofiq, bojxona organi bojxona nazoratini o‘tkazish uchun vakolatli va boshqa shaxslardan bojxona nazoratini o‘tkazish uchun zarur hujjatlar va ma'lumotlar talab qilib olish huquqiga ega.
Bunda “zarur hujjatlar va ma'lumotlar” turiga nafaqat bojxona deklaratsiyasi balki tashqi savdo ishtirokchilari tomonidan tuzilgan kontrakt, shartnoma, kelishuvlar ham kiradi.
Shu bois, tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazoratini amalga oshirish uchun faqatgina bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan bir tovarni belgilash maqsadga muvofiq emas.
Shuningdek, ushbu band bilan, tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin bojxona nazoratini amalga oshirish muddatini tovarlarning bojxona nazorati ostida bo‘lishi tugagan paytdan 3 yil ichida qilib belgilash, ya'ni tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan bojxona nazorati o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan muddatlarni uzaytirish taklif etilmoqda.
Biroq, mazkur og‘irlashtiruvchi tartib loyiha muallifi tomonidan yetarlicha asoslantirilmagan.
Xususan, loyiha muallifi tomonidan mazkur muddatlar Hukumat qaroridagi normalarga muvofiqlashtirilayotganligi ma'lum qilingan.
Biroq, Kodeks normalarini Hukumat qaroriga muvofiqlashtirish yuridik jihatdan noto‘g‘ri.
Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek tadbirkorlik sub'ektlari uchun ma'muriy to‘siqlarni vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, Bojxona kodeksining 201-moddasini o‘zgartirishsiz qoldirish lozim.
3. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksining 2011-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Mazkur moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, “Bojxona auditi bojxona nazorati shakllaridan biri bo‘lib, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar hisoblanmaydi”.
Biroq, ta'kidlash lozimki, loyihaning 1-moddasi 1-bandi 2-xatboshisida keltirilayotgan “bojxona auditi” tushunchasiga muvofiq, “bojxona auditi – tovarlar chiqarib yuborilgandan so‘ng bojxona organlari tomonidan vakolatli shaxslar faoliyatini baholash, bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilganligini ularning moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq hujjatlari va hisobotlarini o‘rganish hamda tekshirishga asoslangan bojxona nazorati shakli”.
Ko‘rinib turibdiki, bojxona auditi – bu moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq hujjatlar va hisobotlarni tekshirish bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatli shaxslar faoliyatini tekshirish hisoblanadi. Bunda vakolatli shaxslar toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub'ektlari ham bo‘lishi mumkin.
Ya'ni, mazkur loyiha bilan bojxona auditi o‘tkazilishi ko‘rsatilayotgan vakolatli shaxslarning deyarli barchasi tashuvchi, bojxona ombori bo‘lmagan joylarda tovarlarni bojxona nazoratida saqlayotgan shaxs, bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo do‘koni va erkin ombor egalari, importchi, yukni qabul qiluvchi, tovarlarga nisbatan moliyaviy tartibga solish uchun javobgar shaxslar, tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin ularni sotib oluvchilar, vakolatli iqtisodiy operatorlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik faoliyati sub'ektlaridir.
Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi 101-son Qarori bilan tasdiqlangan Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 27-bandida sayyor bojxona auditi Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilini xabardor qilgan holda o‘tkazilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ta'kidlash lozimki, mazkur nizom va ushbu loyihaning 1-moddasi 1-bandi
28-xatboshisiga muvofiq sayyor bojxona auditi – bojxona auditini amalga oshirishning bir shakli hisoblanadi.
Ko‘rinib turibdiki, agar bojxona auditi - tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar hisoblanmaganda, sayyor bojxona auditini Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib, Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshirishning ehtiyoji bo‘lmas edi.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan bojxona auditida suiiste'mollik va qorrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, loyihadan ushbu taklif etilayotgan normani chiqarib tashlash lozim.
4. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksining 2011-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Mazkur moddaning o‘n birinchi qismiga ko‘ra, “Xabardor qilingandan so‘ng vakolatli shaxs bojxona auditida talab etilganlarni tayyorlashi, zarur hujjatlar va ma'lumotlarning asl nusxalarini qog‘oz va elektron ko‘rinishda taqdim etishi shart”.
Ushbu bilan bojxona organi tomonidan vakolatli shaxsga nisbatan bojxona auditi o‘tkazish davomida hujjatlar va ma'lumotlarning asl nusxalarini qog‘oz va elektron ko‘rinishda taqdim etishi shartligi belgilanmoqda.
Ammo, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi 101-son Qarori bilan tasdiqlangan Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 61-bandiga muvofiq, bojxona auditi jarayonida vakolatli shaxsning majburiyatlaridan biri sifatida bojxona auditini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni (ma'lumotlarni) axborot tizimlarining ma'lumotlar bazalari bilan taqqoslashga sharoit yaratish, shuningdek, qog‘oz va elektron axborot tashuvchilardagi zarur hujjatlardan (ma'lumotlardan) nusxalar berish belgilangan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, vakolatli shaxsga bojxona auditida zarur hujjatlar va ma'lumotlarning asl nusxalarini taqdim etish majburiyati yuklanmagan.
Yuqoridagilar kelib chiqib hamda bojxona auditini amalga oshirishda tadbirkorlik sub'ektlariga ortiqcha majburiyatlar yuklanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, taklif etilayotgan normadan “asl” so‘zini chiqarib tashlash lozim.
5. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksining 2011-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Mazkur moddaning o‘n ikkinchi qismiga ko‘ra, “Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi belgilari mavjud bo‘lganda, bojxona organi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan kelishgan holda vakolatli shaxsni oldindan xabardor etmasdan bojxona auditini boshlashga haqli”.
Bu bilan, bojxona auditini (tekshiruvlarni) mazmunan bir vaqtning o‘zida bojxona organi tomonidan ham tadbirkorlik sub'ektlari hisoblangan vakolatli shaxslarni xabardor qilmasdan amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi 101-son Qarori bilan tasdiqlangan “Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 16-bandiga muvofiq, “Bojxona organi kameral bojxona auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomani vakolatli shaxsga kameral bojxona auditini o‘tkazish belgilangan kundan e'tiboran yetti kun oldin vakolatli shaxsning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi”.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda bojxona auditini amalga oshirishda tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, loyihada bojxona organi bojxona auditini boshlashda vakolatli shaxsni oldindan xabardor etishi lozimligini belgilab qo‘yish maqsadga muvofiq.
6. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksining 2011-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Mazkur moddaning o‘n to‘rtinchi qismiga ko‘ra, “Vakolatli shaxsning bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan tovari bojxona auditidan o‘tkazilganda, aynan mazkur bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan ushbu tovarga nisbatan takroriy bojxona auditidan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan bojxona auditini o‘tkazish chog‘ida bojxona organiga ma'lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno. Yangi holatlar aniqlangan taqdirda bojxona organi takroriy bojxona auditini tayinlashga haqli”.
Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi 101-son Qarori bilan tasdiqlangan tasdiqlangan Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 7-bandida “Vakolatli shaxsning aynan bir tovariga nisbatan takroriy bojxona auditi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Bunda, bojxona auditini o‘tkazish chog‘ida bojxona organiga ma'lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar aniqlanganda bojxona organi tomonidan takroriy bojxona auditini tayinlanishi ko‘rsatib o‘tilmagan.
Qolaversa, bojxona organiga ma'lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollarda takroriy bojxona auditini tayinlash o‘rniga Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 13 va 30-bandlarida belgilangan kameral va sayyor bojxona auditini o‘tkazish muddati bir marta uzaytirilishi orqali ko‘rib chiqish mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan bojxona auditida suiiste'mollik va korrupsiya holatlarini vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, taklif etilayotgan normadan “bundan bojxona auditini o‘tkazish chog‘ida bojxona organiga ma'lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno. Yangi holatlar aniqlangan taqdirda bojxona organi takroriy bojxona auditini tayinlashga haqli” so‘zlarini butunlay chiqarib tashlash lozim.
7. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksining 2012-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Mazkur moddaning ikkinchi qismi oltinchi xatboshisiga ko‘ra:
“Bojxona auditida vakolatli shaxsning majburiyatlari:
...
o‘z ob'ektiga (inshoot, ombor, ishlab chiqarish, savdo binolariga) bojxona organi mansabdor shaxslarini kiritish, ularni ko‘rsatish, bojxona organi mansabdor shaxslariga tegishli shart-sharoitlar yaratib berish;
...”.
Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi 101-son Qarori bilan tasdiqlangan tasdiqlangan Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 61-bandida bojxona auditida vakolatli shaxsning majburiyatlari etib o‘z ob'ektiga (inshoot, ombor, ishlab chiqarish, savdo binolariga) bojxona organi mansabdor shaxslarini kiritish, ularni hamda tovar va transport vositalarini ko‘rsatish belgilangan va bunda bojxona organi mansabdor shaxslariga tegishli shart-sharoitlar yaratib berish ko‘rsatib o‘tilmagan.
Mazkur nizomning 61-bandida bojxona auditi jarayonida vakolatli shaxs bojxona auditini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni (ma'lumotlarni) axborot tizimlarining ma'lumotlar bazalari bilan taqqoslashga sharoit yaratish va ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan holatlarda, tovarlardan namunalar va (yoki) nusxalar olinishiga imkoniyat yaratish majburiyatlariga egadir.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda bojxona auditi o‘tkazilishi davomida tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklanishi yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, taklif etilayotgan normadan “bojxona organi mansabdor shaxslariga tegishli shart-sharoitlar yaratib berish” so‘zlarini chiqarib tashlash lozim.
8. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksining 2012-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Mazkur moddaning ikkinchi qismi yettinchi xatboshisiga ko‘ra:
“Bojxona auditida vakolatli shaxsning majburiyatlari:
...
bojxona auditini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni (ma'lumotlarni) axborot tizimlarining ma'lumotlar bazalari bilan taqqoslashga sharoit yaratish, shuningdek, qog‘oz va elektron axborot tashuvchilardagi zarur hujjatlarning (ma'lumotlarning) aslini va ularning nusxalarini berish;
...”.
Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi 101-son Qarori bilan tasdiqlangan Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning
61-bandida bojxona auditida vakolatli shaxsning majburiyatlari etib “bojxona auditini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni (ma'lumotlarni) axborot tizimlarining ma'lumotlar bazalari bilan taqqoslashga sharoit yaratish, shuningdek, qog‘oz va elektron axborot tashuvchilardagi zarur hujjatlardan (ma'lumotlardan) nusxalar berish” belgilangan va bunda zarur hujjatlarning asl nusxalarini berish nazarda tutilmagan.
Shu bois, taklif etilayotgan normadan “aslini” so‘zini chiqarib tashlab, uni quyidagi tahrirda bayon etish lozim:
“bojxona auditini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni (ma'lumotlarni) axborot tizimlarining ma'lumotlar bazalari bilan taqqoslashga sharoit yaratish, shuningdek, qog‘oz va elektron axborot tashuvchilardagi zarur hujjatlardan (ma'lumotlardan) nusxalar berish”.
9. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksining 2012-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Mazkur moddaning ikkinchi qismi o‘n beshinchi xatboshisiga ko‘ra:
“Bojxona auditida vakolatli shaxsning majburiyatlari:
...
bojxona auditidan o‘tkaziladigan vakolatli shaxsning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin;
...”.
Biroq, mazkur bandda “boshqa majburiyatlar” tushunchasini turlicha va keng ma'noda tushunish mumkin.
Bu esa amaliyotda bojxona auditini o‘tkazish jarayonida vakolatli shaxsga nisbatan asossiz va ortiqcha majburiyatlar yuklanishi, shuningdek suiiste'mollik va korrupsiya holatlariga sharoit yaratib berishi mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda bojxona auditi jarayonida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ma'muriy to‘siqlar vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, taklif etilayotgan normadan “bojxona auditidan o‘tkaziladigan vakolatli shaxsning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin” so‘zlarini chiqarib tashlab, bojxona auditida vakolatli shaxs majburiyatlarining tugal ro‘yxatini aniq ko‘rsatib o‘tish lozim.
10. Loyihaning 1-moddasi 6-bandida Bojxona kodeksini quyidagi tahrirdagi 2013-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda:
“Bojxona auditida vakolatli shaxslarning bank hisobvaraqlari va operatsiyalari bo‘yicha ma'lumotlari banklar tomonidan bojxona organlariga taqdim etilishi shart”.
Ta'kidlash lozimki, “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga muvofiq, bank operatsiyalari va hisobvaraqlari bank siri hisoblanadi.
Bunda ushbu Qonunning 9-moddasiga ko‘ra, bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lgan taqdirda, yetkazilgan zarar undirib olinishini yoki uning mol-mulki xatlanishini ta'minlash maqsadida tergovchi yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanksiyasi bilan taqdim etiladi.
Jinoyat-prosessual kodeksining 38-moddasiga muvofiq, Davlat bojxona qo‘mitasining va uning joylardagi bo‘linmalari jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruvni amalga oshirish huquqiga ega.
Bundan ko‘rinib turibdiki, bank sirini tashkil etuvchi bank operatsiyalari va hisobvaraqlari bo‘yicha ma'lumotlarni bojxona organi va uning joylardagi bo‘linmalari surishtiruv organi sifatida bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lgan taqdirda prokuror sanksiyasi bilan olishlari mumkin.
Shu bois, bojxona auditida vakolatli shaxslarning bank hisobvaraqlari va operatsiyalari bo‘yicha ma'lumotlari banklar tomonidan bojxona organlariga taqdim etilishini belgilab qo‘yish qonunchilikka ziddir.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda bojxona auditi jarayonida tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklanishi yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, loyihadan taklif etilayotgan 2013-moddani chiqarib tashlash lozim.
27.04.2021
10:28