Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 331 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda monitoring yuritish, yerlarni muhofaza qilish va yer tuzish faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori (ID-41485) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-ilovasi bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi belgilangan.
Biroq, ushbu monitoringni amalga oshirish aslida, tekshirishlar o‘tkazilishini nazarda tutmoqda.
Xususan, mazkur ilovaning 9-bandiga ko‘ra, “Qishloq xo‘jaligi vazirligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda hududiy boshqarma va bo‘limlari, shuningdek “O‘zdaverloyiha” instituti va uning hududiy bo‘linmalari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar monitoringini amalga oshirishda qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish, shuningdek, monitoring ishlarini tadbirkorlik sub'ektlarida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olishning yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshiradi”, - deb belgilangan.
Shuningdek, loyiha 1-ilovasining 27, 30, 38 va 47-bandlarida monitoringni, shuningdek kunlik monitoringni joyiga chiqqan holda amalga oshirishilishi, yerlarni monitoringdan o‘tkazish natijalari esa, bayonnoma bilan rasmiylashtirilishi va tuman hokimining tegishli qarori bilan tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Shuni inobatga olish lozimki, monitoring – bu masofadan turib amalga oshiriladigan kuzatish, tahlil qilish ishlari bo‘lib, u tekshirishlarni nazarda tutmaydi. Shu bois, monitoring Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olishning yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshiriladi hamda buni loyihada keltirish shart emas.
Monitoringni, ayniqsa kunlik monitoringni joyiga chiqqan holda amalga oshirilishi, aslida tekshirishlarni nazarda tutmoqda.
Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub'ektlari faliyatiga aralashish, ma'muriy va byurokratik to‘siqlarnining paydo bo‘lishiga olib keladi.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi PQ-5006-son qarori 6-bandiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga “qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning holatini, qishloq xo‘jaligi ekinlari va agrotexnik tadbirlarni uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)dan belgilangan tartibda foydalangan holda monitoring qilish maqsadida uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)dan foydalanish va ularni to‘lovsiz uchirishni amalga oshirish” huquqi berilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihada monitoring masofadan, ya'ni tadbirkor faoliyatiga aralashmasdan amalga oshirilishini belgilab qo‘yish lozim.
2. Loyiha 1-ilovasi 49-bandiga ko‘ra, “Qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekilishi yuzasidan tezkor monitoring joylashtirish ko‘rsatkichlariga kiritilgan yoki kiritilmaganligidan qat'iy nazar qishloq xo‘jaligi yerlarida ekilgan barcha ekin maydonlarida amalga oshiriladi, bunda qishloq ho‘jaligi ekinlarini joylashtirish prognoz ko‘rsatkichlariga muvofiq asosiy ekinlar bahor-kuz oylarida, takroriy ekinlar yoz oylarida, qator orasidagi ekinlar bahor-kuz oylarida, lalmi maydonlarda kuz va bahor oylarida amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.
Bunda, ekin turlarini qaysi vaqtlarda ekilishi bo‘yicha norma belgilangan.
Ammo, bu mazkur loyihaning tartibga solish predmeti hisoblanmaydi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish bo‘yicha alohida me'yorlar amaliyotda mavjud va uni qayta ushbu loyihada keltirish shart emas.
Shu bois, yuqoridagi normani loyiha 1-ilovasidan chiqarib tashlash zarur.
3. Loyiha 2-ilovasi 11-bandi 7-xatboshiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligining huquqlaridan biri sifatida “o‘rganish va monitoring davomida aniqlangan holatlarga aniqlik kiritish yoki qonun hujjatlarining buzilishi holatlari yuzasidan idoraviy bo‘ysunuvidan va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar korxona, muassasa va tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda xodimlaridan yozma tushuntirishlar talab qilish”, belgilangan.
Mazkur normada o‘rganish va monitoring davomida tadbirkorlik sub'ektlaridan ham yozma tushuntirishlar talab qilinishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Ushbu Xulosa 1 va 5-bandlarida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, mazkur normani chiqarib tashlash lozim.
4. Loyiha 2-ilovasi 11-bandi 13-xatboshiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligining huquqlaridan biri sifatida “monitoringlar natijasida qishloq xo‘jaligi yerlarida ta'sir chorasi ko‘rish vakolatida bo‘lmagan yer qonun buzilish holatlari aniqlanganda ishlarni tegishli vakolatli organlarga taqdim etish”, – belgilangan.
Mazkur normada monitoring natijasida ta'sir chorasi ko‘rilishi belgilangan.
Ammo, ta'sir choralarining monitoring natijalarini asos qilib qo‘llanilishi yuridik jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Monitoring natijalari tekshiruvlarni o‘tkazish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Shu bois, shuningdek, mazkur Xulosa 1-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, yuqoridagi normani quyidagicha bayon qilish tavsiya etiladi:
“monitoringlar natijasida qonun buzilish holatlari aniqlanganda, ma'lumotlarni tegishli vakolatli organlarga taqdim etish”.
5. Loyiha 2-ilovasi bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilash nazarda tutilgan.
Biroq, bunda davlat nazoratini amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablari inobatga olinmagan.
Xususan, mazkur ilovada davlat nazorati o‘rganishlar shaklida amalga oshirilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi PQ-5006-son qarori 6-bandiga ko‘ra, “tadbirkorlik sub'ektlarida qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishni o‘rganish ishlarini, shuningdek, ekinlarni xatlovdan o‘tkazish va o‘lchash, ularning normativ qiymatini aniqlash, yerlardan maqsadli foydalanilishini o‘rganish hamda geobotanik va tuproq-tadqiqot ishlarini Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olishning yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshirish” belgilangan.
Ya'ni, bunda yerlardan foydalanishda davlat nazoratini amalga oshirish emas, balki faqat o‘rganish ishlari Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olishning yagona tizimida ro‘yxatga olinmasligi nazarda tutilgan.
O‘rganish ishlari esa, o‘z xususiyatiga ko‘ra, tekshirishlar hisoblanmaydi hamda u tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga aralashmagan holda amalga oshirilishi lozim.
Shu boisdan, yuqoridagi normada o‘rganishlarni yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshirilishi belgilangan.
Loyiha 2-ilovasida keltirilgan “o‘rganishlar” esa, aslida tekshirishlarni nazarda tutib, o‘rganish jarayonida aniqlangan ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilishi va ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilishi keltirilgan.
Biroq, o‘rganishlar asosida huquqiy ta'sir choralari qo‘llanilishi yuridik nuqtai nazardan noto‘g‘ridir.
Ular qonunchilikda belgilangan tartibda tekshirishlar natijasida qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-son Farmoni 5-bandiga ko‘ra esa, Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyiha 2-ilovasida o‘rganishlarni tadbirkorlik faoliyatiga aralashmagan holda o‘tkazish hamda uning natijasida ta'sir choralarini qo‘llamaslikni belgilash yoki tekshirishlar o‘tkazilishi nazarda tutilganda uni Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olgan holda o‘tkazilishini belgilash lozim.
6. Loyiha 2-ilovasi 13-bandiga ko‘ra:
“Quyidagilar o‘rganishlarni o‘tkazish uchun asos bo‘ladi:
....;
vazirlikning ish rejalari;
o‘tkazilgan monitoringdan olingan ma'lumotlar (hisobotlar) tahlili;
...;
Loyiha 2-ilovasidagi bu kabi normalar mazmunan rejali tekshirishlarni nazarda tutmoqda.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-son Farmoni 4-bandiga ko‘ra, rejali tekshirishlar bekor qilingan.
Shu bois, yuqoridagi normadan “vazirlikning ish rejalari” so‘zlarini chiqarib tashlash zarur.
03.05.2021
11:55