O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Indoneziyaning Djakarta shahrida o‘tkaziladigan 31-Xalqaro Savdo ko‘rgazmasiga tadbirkorlik sub’ektlarini ishtirok etishga taklif qiladi!
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan 2016 yil 12-16 oktyabrь kunlari Indoneziyaning Djakarta shahrida o‘tkaziladigan 31-Xalqaro Savdo ko‘rgazmasiga respublikamiz ishbilarmon doiralari delegatsiyasining xizmat safari rejalashtirilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada Indoneziyaning eksport qilinadigan barcha tarmoqlaridan ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini namoyish qiladilar. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2015 yilda ko‘rgazmada 1046 ga yaqin Indoneziyalik eksporterlar o‘z mahsulotlarini namoyish qilib, 14 ming nafardan ortiq xorijiy kompaniyalar ishtirok etganlar.
Ushbu ko‘rgazma 5 ta asosiy yo‘nalishda tashkil etilib, unga ko‘ra sanoat mahsulotlari va xizmatlari (avtomobilsozlik komponentlari, maishiy texnika, elektrotexnika, shishadan mahsulotlar, tibbiyot uskunalari, qog‘qoz mahsulotlari), oziq-ovqat va salqin ichimliklar (qayta ishlangan taomlar, salqin ichimliklar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kofe, kakao, ziravorlar, baliq mahsulotlari), moda, tayyor kiyim-kechaklar (trikotaj mahsulotlari, kosmetika, poyabzal mahsulotlari), bog‘dorchilik mebel jihozlari hamda kichik va o‘rta biznesning yuqori sifatli mahsulotlari bo‘limlarini o‘z ichiga oladi.
Mazkur ko‘rgazmada ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘z takliflarini (korxona nomi, ko‘rgazmada ishtirok etadigan nomzod lavozimi va pasport nushasi, tadbirkorlik sub’ektining davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohonoma nushasi) O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Eksportga ko‘maklashish, savdo-sanoat ko‘rgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish bo‘limiga 2016 yil 30 avgustga qadar taqdim etishlari mumkin.
Aloqa uchun:
Tel: (+998 71) 150 91 69, 150-60-07;
E-mail: export@chamber.uz.
25.08.2016
10:39