Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 478 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida rieltorlik xizmatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori (ID-46368) loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 1-bandi beshinchi xatboshiga ko‘ra:
“O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda O‘zbekiston rieltorlik tashkilotlari Assosiasiyasining rieltorlar hamjamiyati o‘rtasida professional axborot almashuvining umummilliy tizimi sifatida quyidagilar imkonini beruvchi O‘zbekiston Respublikasi rieltorlik faoliyatining Milliy mul'tilisting tizimini (keyingi o‘rinlarda – Mul'tilisting tizimi) yaratish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
.....,
ko‘rsatilgan rieltorlik xizmatlari uchun vositachilik haqini taqsimlash to‘g‘risidagi qo‘shma bitimlar asosida Mul'tilisting tizimidagi rieltorlik tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish, ular manfaatlarining himoya qilinishini kafolatlash va shu tariqa ko‘rsatiladigan rieltorlik xizmatlari sifatini oshirish”
......
Ko‘rinib turganidek, bunda ko‘rsatilgan rieltorlik xizmatlari uchun vositachilik haqini taqsimlash asosida Mul'tilisting tizimidagi rieltorlik tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish majburiy qilib belgilangan.
Biroq, muayyan majburiy shartlar asosida shartnomalarni tuzishni belgilash shartnoma tuzish erkinligi tamoyillariga ziddir.
Shu bois, loyiha 1-bandi beshinchi xatboshini, shuningdek, loyiha 1-ilovasi 3-bandidan “vositachilik haqi taqsimoti” so‘zlarini hamda 7-bandni chiqarib tashlash lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu bandni loyihadan chiqarib tashlashni maqsadga muvofiq deb bilamiz.
2. Loyiha 2-bandiga ko‘ra, “Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Mul'tilisting tizimini yaratish va joriy etilishini tashkil etish, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda Mul'tilisting tizimini samarali ishlashini ta'minlovchi operatorni aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish uchun vakolatli davlat organi hisoblanadi”, - deb belgilangan.
Biroq, loyihada Multilisting tizimi ishini tashkil etish tartibi aniq belgilanmagan. Misol uchun, ushbu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida yoki davlat xaridlari shaklida yoxud o‘zgacha shaklda amalga oshirilishi, tanlov o‘tkazish va g‘olibni aniqlash mexanizmlari keltirilmagan.
Bu esa, amaliyotda turli noaniqliklar va tushunmovchiliklarni, shuningdek korrupsiogen holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababli, loyihada Multilisting tizimi ishini tashkil etish tartibini aniq belgilash zarur.
3. Loyiha 3-bandi ikkinchi xatboshiga ko‘ra:
“Mul'tilisting tizimi operatori:
Mul'tilisting tizimini joriy etish va samarali ishlatish shuningdek, belgilangan tartibda respublika vazirlik va idoralarining axborot va elektron tizimlari, shu jumladan “Elektron notarius” tizimi, “Garov reestri” yagona axborot ma'lumotlar bazasi va boshqa axborot bazalari bilan integratsiya qilish uchun mas'uldir;
Loyiha 1-ilovasi 2-bandi uchinchi xatboshida esa:
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda - Agentlik) – Mul'tilisting tizimini yaratish va joriy etilishini tashkil etish uchun mas'ul vakolatli organ”, - deb belgilangan.
Ko‘rinadiki, bunda aynan bir masala bo‘yicha ikki sub'ekt mas'ul sifatida keltirilmoqda. Bunda, ularning vazifalarida aniq chegaralar belgilanmagan.
Bu esa, o‘z navbatida, amaliyotda noaniqliklar va chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyihada qaysi sub'ekt aynan qaysi masalalar doirasida mas'ul ekanligini aniq belgilash maqsadga muvofiqdir.
4. Loyiha 5-bandi ikkinchi xatboshiga ko‘ra, “Mul'tilisting tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, tizimdan foydalanish qoidalari va xizmat ko‘rsatish uchun undiriladigan abonentlik to‘lovlari miqdori Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishilgan holda operator tomonidan tasdiqlanadi”, - deb belgilangan.
Bunda, tizimdan foydalanish qoidalari va to‘lovlari miqdorini qo‘shimcha hujjat bilan tartibga solish nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyiha 1-ilovasi 2-bandi beshinchi xatboshiga ko‘ra:
“Mul'tilisting tizimidan foydalanish qoidalari – Agentlik bilan kelishilgan holda operator tomonidan tasdiqlanadigan, Mul'tilisting tizimidan foydalanish va uning ishlash qoidalarini va tartibini, tizim ishirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilaydigan hujjat”.
Biroq, loyiha 1-ilovasi 1-bandida “Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi rieltorlik faoliyatining Milliy mul'tilisting tizimiga ko‘yiladigan asosiy talablarni, uning faoliyatini tashkiliy asoslarini, shuningdek unda faoliyat yuritadigan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi”, deyilgan.
Ko‘rinib turganidek, loyiha normalari o‘rtasida o‘zaro nomuvofiqliklarga yo‘l qo‘yilagan. Ya'ni, bir normada tizimda faoliyat yuritadigan shaxslarning huquq va majburiyatlari ushbu Nizom bilan belgilanishi keltirilgan bo‘lsa, boshqa bir normada mazkur munosabatlar operator tomonidan tasdiqlanadigan Qoidalar bilan belgilanishi nazarda tutilgan.
Bu esa, amaliyotda turli noaniqliklar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Qolaversa, tizim ishirokchilarining huquq va majburiyatlarini operator tomonidan tasdiqlanadigan Qoidalar bilan belgilash maqsadga muovfiq emas.
Vaholangki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–5505-son Farmoni 2-bandi ikkinchi xatboshisiga ko‘ra, qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligini ta'minlash vazifasi belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, tizimdan foydalanish qoidalari va to‘lovlari miqdorini mazkur loyihaning o‘zida belgilash lozim.
5. Mazkur Xulosa 4-bandida keltirilgan asoslarni inobatga olgan holda, loyiha 2-ilovasi 4-bandini chiqarib tashlash lozim.
6. Ta'kidlash lozimki, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi (ID-19497) ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF–5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta'sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shuningdek ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish maqsadida loyihadagi masalalarni “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi doirasida belgilash maqsadga muvofiqdir.
7. Loyiha 2-ilovasi 5-bandiga ko‘ra, rieltorlik tashkilotlarini Mul'tilisting tizimiga jalb qilish va bitimlar shaffofligini ta'minlash Mul'tilisting tizimi operatorining vazifasi sifatida belgilangan.
Bu bilan, tadbirkorlik sub'ekti bo‘lgan operatorga qo‘shimcha majburiyatlar yuklash nazarda tutilgan.
Vaholangki, loyiha 1-ilovasi 2-bandi oltinchi xatboshida tizimga ulanish ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Shu bois, loyiha 2-ilovasidan 5-bandni chiqarib tashlash lozim.
29.06.2021
09:26