Niderlandiyada Oʼzbekiston savdo uyini ochish boʼyicha onlayn videomuloqot boʼlib oʼtdi
2021 yil 28 iyul kuni Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oʼzbekistonning Belьgiyadagi elchixonasi va boshqa tashkilotlar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi va eksportyorlar ishtirokida Niderlandiyaning Аmsterdam shahrida Oʼzbekiston savdo uyini ochish boʼyicha onlayn videomuloqot boʼlib oʼtdi.
Tadbirda Niderlandiyaning “Agri Food NL LTD” kompaniyasi rahbari T.Аxmadi va Daniyaning “Afghan Dutch BV” kompaniyasi rahbari X.Manan soʼzga chiqib, Niderlandiya, Belьgiya va Daniyada respublikamiz milliy mahsulotlari savdosini yoʼlga qoʼyish maqsadida savdo uylari ochish va ushbu davlatlarda milliy mahsulotlardan namunalar joylashtirish uchun shou-rumlar tashkil etish takliflarini bildirishdi.
Uchrashuvda Niderlandiyadagi Oʼzbekiston savdo uyiga joylashtirish uchun mahalliy tadbirkorlik subʼektlari tomonidan tekstilь, oziq-ovqat, qishloq xoʼjaligi mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlari va dorivor oʼsimliklar mahsulotlarini yetkazib berish borasidagi takliflari koʼrib chiqildi.
Shuningdek, tadbirda joriy yil ikkinchi yarmida Benilyuks davlatlarida Oʼzbekistonning milliy mahsulotlar koʼrgazmasini tashkil masalalari ham muhokama etildi.
Muloqot davomida Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi masʼul xodimi Gʼafurjon Usmanov ishtirok etib, Benilyuks davlatlarida milliy mahsulotlar koʼrgazmasini tashkil etish boʼyicha quyidagi takliflarni bildirib oʼtdi:
- Niderlandiya, Belgiya, Daniya va boshqa davlatlarda tashkil etiladigan savdo uylari uchun xorijiy bozor talablaridan kelib chiqib, eksportbop boʼlgan oziq-ovqat va nooziq ovqat mahsulotlarini alohida-alohida aniqlab, soʼngra ularga mahsulot yetkazib beradigan mahalliy eksporterlarni tanlab olish;
- Mazkur davlatlarda tashkil etiladigan shou-rumlarda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarining mahalliy bozordagi talabidan kelib chiqib, alohida tarmoq yoʼnalishlariga ajratgan holda, mahsulotlar namoyishini oʼtkazish;
- Niderlandiya, Belgiya, Daniya oʼtkazilishi rejalashtirilayotgan “Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan” rukni ostidagi milliy koʼrgazmalar uchun shaharlarni aniqlashtirish, mos keladigan joylarni tanlab olish hamda ularni tashkil etishning aniq sanasi va tovarlar nomenklaturasini belgilab olish;
- Har bir tarmoq yoʼnalishi boʼyicha salohiyatli eksporterlarni mazkur savdo uylari va koʼrgazmalarga mahsulotlaridan namunalarni joylashtirishga jalb etish.
Tadbir davomida Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan mazkur davlatlarda Oʼzbekiston mahslotlari uchun savdo uylari hamda milliy koʼrgazmalarni mutasaddi tashkilot va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etishga tayyorligi bildirildi.
28.07.2021
18:01